Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lolalar haqida to‘qilmagan ertak

Lolalar haqida to‘qilmagan ertak

Foto: «bezformata.com»

Yurtimizda tabiati go‘zal, havosi musaffo go‘shalar juda ko‘p. Masalan, Qashqadaryo viloyatining tog‘liq joylari, Farg‘ona va Namanganning so‘lim va bahavo qirlari, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, Nurota tog‘ tizmalari kabi respublikamiz qishloqlarining go‘zal tabiatini u yerga tashrif buyurganlar bir umrga eslab yurishadi.

Ana shunday tabiatning beqiyos go‘zal joylaridan biri – Jizzaxning G‘allaorol tumanidan 40 chaqirim uzoqlikda joylashgan Qo‘ytosh qishlog‘ini yo‘li chap bo‘lgani uchun ham ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Qo‘ytosh qishlog‘ining to‘rt tomoni xarsanglardan iborat baland-baland tog‘lar bilan o‘ralgan. Aholisi chorvachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mehnatsevar xalqi ana shunday baland tog‘lar orasidan toshlarni qazib buloqlar chiqarishgan, bog‘u rog‘lar yaratishgan. Uyimizdan uch chaqirim olisda tog‘lar orasida bog‘imiz bo‘lardi. Ana shu boqqa otam bilan bolaligimda tez-tez borardim. Har safar men yo‘l-yo‘lakay otamdan o‘zim bilmagan holda kichkina qishloqning katta tarixini eshitib ketardim...

– Ota bu toshlar nega bunday? Mana bu tosh filga o‘xshaydi, bunisi uyga, mana bunisi tandirga, uning yonidagisi esa non yopayotgan ayolga... Anavi toshni qarang, xuddi belanchakka o‘xshaydi, mana bu yerda yostiq o‘rnida kichkina bosh sig‘adigan chuqurcha bor, nega shunday-a, – deyman toshdan toshga sakrab. – Mana bu tosh katta darvozaga o‘xshaydi. Bu darvozadan faqat yaxshi, mehribon odamlar o‘ta oladi-a, shundaymi?

Otam menga aslida qishloqning nomi mana shu toshlar bilan bog‘liqligini uqtirarkan:

– Ho‘, tepaliklarga qara-chi, u yoqdagi toshlar nimga o‘xshaydi? – deydi qo‘lini peshonasiga soyabon qilib.

Men uzoq-uzoqlarga tikilaman. Birozdan so‘ng onggu shuurimda ajib manzara gavdalanadi.

– Topdim! Topdim! Bu toshlar o‘tlab yurgan qo‘ylarga o‘xshaydi, – deyman hayratlanib.

– Ha ana shunday, bu toshlar o‘tlab yurgan qo‘ylarga o‘xshaydi.

– Toshga aylangan qo‘ylar, – deyman chapak chalib.

– Shuning uchun ham bu yerning nomi Qo‘ytoshda.

– Qo‘ylar toshga aylanib qolganmi, – deyman men otamdan bir necha bor eshitgan rivoyatimni qayta eshitgim kelib...

– Mana eshit: rivoyat qilishlaricha, bir malika bo‘lgan ekan. Uning sehru jodudan xabari bo‘lib, suvni daraxtlarga, daraxtlarni esa boshqa narsalaraga aylantirib qo‘yarkan. U shunchalik toshbag‘ir ekanki, ba’zida o‘t-o‘lanlarni suvsizlikdan qovjiratsa, gohida atrofni suv toshqiniga g‘arq qilarkan. Kunlardan bir kun jodugar malika cho‘ponga duch kelibdi, uni yaxshi ko‘rib qolibdi va «menga uylanasan» debdi. Ammo cho‘pon: – Mening o‘z sevgan qizim bor, oddiy, mehribon va oqila. Men faqat o‘sha qizga uylanaman, debdi. Bu gapni eshitgan malika g‘azablanib, yigitning qo‘ylarini ham, uning har doim tandirda non yopib uzatadigan sevgan qizini ham – hamma-hammasini toshga aylantirib qo‘ygan ekan.

O‘shanda otam menga aytib bergan ushbu rivoyat chindek tuyulgandi.

Men otam bog‘ yumushlari bilan ovora bo‘lganida toshlarda sakrab turli o‘t-o‘lanlar, gullar terish bilan mashg‘ul bo‘lardim. Ayniqsa, tepaliklardan sizib chiqayotgan buloqlar, toshlar orasini yorib chiqqan lolalar meni judayam hayratlantirardi. Ba’zida mashaqqatlar bilan ana shunday loladan bir donasinigina uzib olardim, kechqurun enamga yoki onamga berardim. Bilmadim, lolalarni boshqa gullar kabi hamma joyda uchratmaganim, mashaqqatlar bilan toshlar orasidan uzib olganim uchunmi, shu gulga mehrim bo‘lakcha edi...

 

* * *

O‘shanda sinfda faqat qizlar qolgandik. Sinf rahbarimiz qizlar bilan odob-axloq mavzusida suhbat olib borayotgandi. Suhbat orasida o‘qituvchimiz bizdan qaysi gulni yaxshi ko‘rishimizni va o‘zimizni qanday gulga qiyoslashimizni so‘radi. Birov atirgulga, birov boychechak, binafsha... men esa, lolaga o‘xshayman, dedim. Kechqurun maktabdagi suhbatni enam bilan ham bo‘lishdim.

— Nega o‘zingni lolaga o‘xshatding qizim, – dedi enam.

– Menga lolalar qo‘l yetmas joyda o‘sgani uchun, qizilligi uchun yoqadi, – dedim.

– Lekin lolalarning qismati juda og‘ir, ular o‘zi nozik bo‘lsa-da tog‘u toshlarni yorib chiqadi...

Keyinchalik hayot sinovlariga duch kelganimda doimo tog‘ning tepalarida toshlarni yorib chiqqan qip-qizil lolalarni xayolimdan o‘tkazardim...

Ulg‘aygach, shahar bilan qishloq orasidagi tafovutni anglay boshlagandan so‘ng, Qo‘ytosh haqidagi bolalikdagi tasavvurim yanada kengaydi. Shuncha yer osti va usti tabiiy boyliklari, o‘z tarixiga ega bo‘lgan bu kichkina qishloqda o‘tgan bolalik xotiralarim ona tabiat bilan bog‘liq bo‘lgani uchunmi men uchun juda qadrli...

* * *

Hozir qaysi gul bozori yoki do‘konga kirmang turli rangda tovlanib turgan lolalarga ko‘zingiz tushadi. Ayniqsa, bozorda sotiladigan tabiat qo‘ynida o‘sadigan tog‘ lolasining qadri boshqacha.

Har bahorda «Lola sotaman, tog‘ lolasi, dehqonchilik oling, arzon», degan sotuvchining ovozini eshitsam bolalikka qaytaman.

Enamning aytishicha, avvallari lolalar hovlimiz yaqinlarida, qir-adirlarda gilamdek ochilib yotarkan.

– Bilasanmi, — dedi bir kuni enam. – Lolalar muhabbat guli. U toshga aylangan cho‘pon yigit va uning sevgilisining ko‘z yoshlaridan paydo bo‘lgan. Tog‘larda o‘sadiganbu lolalarning nomi ham ajoyib — dilband lola. Bizning bolaligimizda nafaqat lolalar, balki kaklik, bulbul, bedana kabi qushlar, tulki, jayra, quyon, tog‘ echkilari kabi hayvonlar ham hovlilarimiz yaqinida juda serob edi. Ularning yo‘qolib ketishiga sen bilan menga o‘xshagan odamlarning tabiatga beparvoligi sabab. Ayniqsa, har bahor bilsang qishlog‘imizga to‘da-to‘da o‘zga shaharlardan kelgan mehmonlar lola sayliga chiqishadi, ularni ayovsiz toptashadi, uzib olishadi va oqibatda ular insonlardan xafa bo‘lib, tobora uzoqlashib boraveradi.

Ha, aynan qir-adirlar lolaqizg‘aldoq va lolalarga burkangan paytda an’anaviy tarzda gul sayliga chiqish udumi tufayli lolalar kamayib «Qizil kitob»ga kirgan bo‘lsa ne ajab... Etnograf olimlarning aytishicha, asosan, Farg‘ona vodiysida, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan bu qadimiy sayil yosh avlod qalbida tabiatga muhabbat hissini tarbiyalashda muhim amaliy ahamiyat kasb etarkan. Ammo, masalaning yana bir tomoni tabiat go‘zalligidan zavq olish uchun uyushtirilgan bunday sayillarga aynan ma’lum bir turdagi o‘simliklar qurbonlik qilinmaganmi? Etnograf olima Ye.Peshcherevaning ma’lumotlariga qaraganda, «Lola sayli»ni dastavval «lolachilar» boshlab berishgan. Daraxt shoxlarini lola bilan bezatishgan va ana shu «gulchaman»ni ko‘tarib, qishloq ko‘chalari bo‘ylab aylanib yurganlar. «Lolachi»larni ko‘rgan odamlar «gulchaman» shoxiga turli mato bo‘lagi, ro‘molchani bog‘lab, orzu-istaklarini izhor etishgan. «Lolachi» bolalar gullar bilan burkangan daraxt shoxini lolazorning o‘rtasiga o‘rnatib qo‘yishgan. Shundan so‘ng qishloq oqsoqollari «Lola sayli»ni boshlash uchun oq fotiha berganlar.

Tasavvur qilyapsizmi, ana shu lolalarni terish uchun berilgan oq fotihaning ko‘rsatayotgan asoratini.

Bugun ana shunday sayillar natijasi o‘laroq, enamning «lolalar uyimiz yaqinida o‘sib yotardi» deya aytganlari xuddi ertakka o‘xshaydi. Chunki bugunga kelib, lolalarning juda uzoqda joylashgan tog‘ning eng cho‘qqilaridagina uchratishingiz mumkin-da. Men ham vaqt o‘tib farzandlarimga «Bir paytlar lolalar huv tog‘larda o‘sib yotardi,» deb cho‘pchak aytsam, keyinchalik farzandlarim farzandlariga: «qadim o‘tgan zamonda, huv uzoqlarda lolalar ochilib yotarkan,» deya ertak aytib bermasmikan... Manbalarda keltirilishicha, lolalarning 30ga yaqin turi qizil kitobga kiritilgan. Demak, qachonlardir, lolalarning tog‘larda tabiiy o‘sib yotishi ertakka aylanib qolish xavfi ham yo‘q emas...

Hujjatlarimni o‘qishga topshirib, omadim chopmaganidan keyin onam bahorning ilk kunlarida ko‘chamizdan lola sayliga to‘da-to‘da bo‘lib o‘tayotgan yigit-qizlarni ko‘rib: «Qaniydi, sen ham talaba bo‘lsangu dugonalaringni toqqa ergashtirib chiqsang...». Bu onamning ezgu orzularidan biri edi. Lekin, men talaba bo‘lgach ham hech qachon o‘rtoqlarimni bahor payti qishloqqa olib kelmadim. Bunday bo‘lishiga sabab esa...

Bir kuni qo‘shni qishloqda yashaydigan amakimning o‘g‘li saboqdosh o‘rtoqlarini biznikiga mehmonga olib keldi. O‘shanda ham ilk bahor payti, tabiatning go‘zalligi beqiyos edi. Onam ularni bor narsasini o‘rtaga qo‘yib, mehmon qildi. Keyin ular toqqa chiqib ketishdi-da, quchoq-quchoq lola terib kelishdi. Chelaklardagi suvga solib qo‘yilgan qip-qizil lolalarni ko‘rib ko‘nglimdan kechgan o‘yni, ranju alamni faqat o‘zimgina his qildim. Ko‘nglimda ilk bor og‘riq tuydim. Bolaligimda toqqa chiqqanimda lolalarni ko‘rsam qanchalik entikkan bo‘lsam, ularning birortasini bosib olishdan, uzib qo‘yishdan shunchalik qo‘rqardim ham. Lolalarni qizilligi uchun ham hammadan qizg‘anardim, quyoshdan, osmondan, qushlardan, bulutlardan, hatto o‘zimning nigohlarimdan ham. Lolalarning bari meniki bo‘lishini, ular har bahor ana shunday qip-qizil bo‘lib ochilib turishini judayam istardim. Lekin, uyimizga kelgan mehmonlarning lolalarni ayovsiz tergani uchun ularga rahmim keldimi, onamga: «amakimga ayting, o‘zi ham, o‘rtoqlari ham biznikiga boshqa kelishmasin», – dedim. Lolalardan ko‘zimni uzolmay, ichki xo‘rsinish bilan aytgan gapimdan keyin onamning qo‘lidagi piyola yerga tushib chil-chil singanini, hayrat to‘la ko‘zlarini, mehmonlarning esa bir-biriga qaragancha tek qotganlarini ko‘rdim. Hammasini javobsiz qoldirib ko‘chaga otildim...

Yana shunday bahor kunlaridan birida maktabdan kelsam uyda non tugabdi. Do‘konga yugurdim. Do‘kon avtobus qatnaydigan bekatning yonginasida edi. Nonni olib qaytayotgan edim, avtobus kelib to‘xtadi. To‘da-to‘da yigit-qizlar o‘zlarini avtobusga urishdi. Mening ikki ko‘zim yerda sochilib yotgan lolalarda edi. Ularni talaba yigit-qizlar to‘polonda ortiqcha hisoblab tashlab yuborishgandi. Bechora lolalar suvsizlikdan so‘lib: «men hali yashashim mumkin edi», deya faryod chekayotgan edi. Avtobus og‘ir qo‘zg‘alib lolalarni bosib-yanchib ketdi. Yer nazarimda qonga bo‘yaldi. Ilk bor men o‘shanda qachonlardir talaba bo‘lsam ham saboqdoshlarimni lola sayliga olib kelmaslikka qaror qildim.

Talaba ham bo‘ldim. Onamning sochlari kabi oq orzulari ushaldi. Saboqdosh do‘stlarimni onam orzu qilganidek ergashtirib bir necha marta bordim. Faqat bahordan boshqa fasllarda. Onam bo‘lsa menga bot-bot dugonalarimni lola sayliga bahor payti olib kelishimni tayinlardi. Men har gal xo‘p deyish bilan chegaralanardim. Va onamning orzularidan biri hech qachon ushalmadi – dugonalarimni lola sayliga olib bormadim.

Farzandlarim shaharda yashayotganligimiz sababli tog‘da o‘sgan tabiiy lolalarni ko‘rmagan. Ular har yili bahorda «lola sayli»ga chiqish haqida orzulaydi...

Tabiat oq yopinchig‘ini tashlab yashil maysalarga burkandi. Kurtaklar uyqudan erinibgina ko‘z ochmoqda. Oilaviy lola sayliga chiqmoqchimiz. Ammo, lolalar o‘sadigan tog‘u toshlarga boradigan yo‘lda men nom qo‘ygan ulkan tosh – mehr-shafqat darvozasidan faqat ko‘nglida tabiatga muhabbati bisyor odamlargina o‘ta oladi. Tushuning, ishoning, his qiling, lolalarni terishga, bir lahzalik quvonchni deb, ularning bag‘rini qon qilishga hech kimning haqqi yo‘q, chunki lolalarning rangi qizil, tanamizda gupirib oqayotgan qon kabi qizil, qip-qizil...

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring