Laziz Tangriyev «Mayak Kans» zavodi direktori bilan uchrashdi
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik I forumi o‘tkazilmoqda.
Forum doirasida bugun, 18-oktyabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriyev Rossiya qog‘oz sanoati vakili –Penza shahridagi «Mayak Kans» zavodi direktori Sergey Plotnikov bilan uchrashdi. Bu haqda Agentlik rasmiy sayti xabar berdi.
Uchrashuvda barcha sohalarda, shu jumladan, noshirlik va matbaa sohalaridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar har ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi. Laziz Tangriyev rossiyaliklar bilan O‘zbekistonga ofset qog‘ozini olib kelish, Agentlik tizimidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylarida devor uchun qog‘oz (oboy) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etilishi lozimligini ta’kidladi.
– Bugun O‘zbekistonda matbaa va noshirlik sohasini jadal rivojlantirish borasida keng qamrovli ishlar izchil amalga oshirilyapti. Bu borada qator qonun hujjatlari qabul qilingani ham faoliyat rivojida muhim omil bo‘lyapti. Ayniqsa, matbaa sohasida yangi texnologiyalar asosida sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish muhim vazifalarimizdan sanaladi, – dedi L.Tangriyev.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 1850 yilda tashkil etilgan ushbu fabrika qog‘oz va qog‘oz sanoati sohasidagi qadimgi korxonalardan biri hisoblanadi. «Mayak Kans» zavodi bugungi kunda nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham maktab daftarlari, umumiy daftarlar ishlab chiqaruvchi Rossiyadagi eng yirik korxonalardan biridir.
– Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yurtingizga davlat tashrifi doirasida ilk bor O‘zbekiston va Rossiya hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazilmoqda, – dedi Sergey Plotnikov. – Ushbu tadbirlarga a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rilganini, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligini O‘zbekistonga qo‘ygan ilk qadamda, ya’ni aeroportdayoq his etdim. Buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga, o‘zbek xalqiga alohida minnatdorlik bildiraman. O‘ylaymanki, mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik-birodarlik, hamkorlik bundan keyin ham rivojlanib boraveradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter