Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kosonda tuman tug‘ruq kompleksi bo‘lim boshlig‘i va doya ishdan bo‘shatildi

Kosonda tuman tug‘ruq kompleksi bo‘lim boshlig‘i va doya ishdan bo‘shatildi

Foto: Xabar.uz

Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidan Fazilat Normurodovaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaati Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘rganildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar berib o‘tdi.

Tug‘ruq bo‘limi ta’mirlanayotgan edi
Koson tug‘ruq kompleksining tug‘ruq bo‘limi 2019 yil 1 oktyabridan 20 oktyabrigacha yillik joriy ta’mirlash uchun reja asosida yopilgan. Shu sababli tug‘ruq kompleksi ginekologiya bo‘limida tashkillashtirilgan tug‘ruq zali tashkil etilib, fiziologik tug‘ruqlar olib borilgan. Bu haqida tuman va viloyat tibbiyot tashkilotlariga xabar qilingan.

2019 yil 14 oktyabr kuni murojaat mualliflaridan biri Fazilat Normurodovaning kelini Gulchiroy Qayumova Koson tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq kompleksiga keltirilgan. Tashxisi: homiladorlik II, tug‘ruq II, 40 hafta muddatdagi tug‘ruq.

Chaqaloqni emlamay turib, uyiga ketgan...
Ayol 2019 yil 14 oktyabr kuni soat 12.05da ginekologiya bo‘limidagi tashkillashtirilgan tug‘ruq zalida tuqqan, Apgar shkalasi bo‘yicha 8-9 ball, tirik, jinsi o‘g‘il, vazni 3600,0 gramm, bo‘yi 54 santimetr. Shu kuni 17.10 da shifokorlarning qarshiligiga qaramasdan chaqaloqning yaqinlari «Gepovaks» vaksinasini oldirmasdan turib, uni uylariga olib ketishgan. Bu vaqtda chaqaloqning umumiy ahvoli yaxshi bo‘lgan.

Ertasi kuni emlangan...
Chaqaloq 2019 yil 15 oktyabr kuni rejali ravishda olinishi kerak bo‘lgan «Gepovaks» vaksinasini olish uchun tug‘ruq kompleksiga olib kelingan. Kelganida neonatolog shifokor, chaqaloqlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Hasanova tomonidan ko‘rilib, umumiy ahvoli yaxshiligi va vaksina olishga qarshi ko‘rsatmalari bo‘lmaganligi uchun vaksinatsiyaga ruxsat berilgan, asoratlari tushuntirilgan va emlash amalga oshirilgan. Chaqaloqning umumiy ahvoli qoniqarli bo‘lgan, onasining gapiga ko‘ra kechasi bezovta bo‘lmagan, ona ko‘kragini yaxshi emgan. Qorni yumshoq, ichi kelgan.

Ta’mirlash va dori-darmon uchun pul so‘ralmagan
Murojaat muallifining tug‘ruqxona binosini ta’mirlash uchun pul so‘radi degan da’volari asossiz. Tug‘ruq kompleksi binosi mahalliy budjet hisobidan ta’mirlanmoqda.

Tug‘ruqxonada fiziologik tug‘ruqlar uchun birlamchi dori vositalari mavjud. Gulchiroy Qayumovaga va uning chaqalog‘iga ham tug‘ruqxonada bor dori-darmonlar ishlatilgan. Hech kimdan hech qanday dori uchun pul so‘ralmagan.

O‘lim sababi...
2019 yil 16 oktyabr kuni ertalab soat 10.10 larda G.Qayumovaning chaqalog‘ini buvisi Fazilat Normurodova ko‘tarib BSJ vaksinasini emlatish uchun tug‘ruq kompleksidagi emlash xonasiga olib kelgan. Emlash hamshirasi chaqaloqlar bo‘limi boshlig‘i, neonatolog Dilfuza Hasanova va doya Sohiba Jo‘rayevani chakirtirgan. Ular chaqaloqni ko‘rib, ahvoli yaxshi emasligini, rangi ko‘kimtirligini, tezda uni bolalar shifoxonasiga olib borish kerakligini aytishgan. Bolaning ahvoli yaxshi bo‘lmaganligi sababli u BSJ vaksinasi bilan emlanmagan.

Shundan so‘ng bolaning yaqinlari o‘zlarining mashinalarida uni viloyat ko‘ptarmoqli bolalar tibbiyot markaziga o‘ta og‘ir ahvolda olib borishgan. Chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limida ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan taxminan 15 daqiqadan so‘ng biologik o‘lim sodir bo‘lgan. O‘lim sababi - homila ichi infeksiyasi, sepsis, miyakomasi, miya shishi.

O‘z vaqtida ko‘rsatilmagan...
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, chaqaloq 15 oktyabr kuni kechasi bezovta bo‘lganida uni shifoxonaga olib kelish o‘rniga mahalliy qishloq tabibiga olib borishganini buvisining o‘zi shifokorlarning yonida e’tirof etgan. Chaqaloqni o‘z vaqtida shifokorga ko‘rsatmasdan, uyida ushlab turish uning ahvoli og‘irlashishiga sabab bo‘lgan.

Keyingi 2 oyda go‘daklar o‘limi bo‘lmagan
Murojaatda qayd qilingan, sentyabr-oktyabr oylarida mazkur tug‘ruq kompleksida jami 5 nafar go‘dak o‘limi sodir bo‘ldi, degan da’vo o‘z isbotini topmadi. Bu muddat davomida tug‘ruq kompleksida bironta ham go‘daklar o‘limi qayd etilmagan.

Muhokoma va chora
Koson tumani tibbiyot birlashmasining navbatdan tashqari tibbiy kengashida mazkur vaziyat atroflicha muhokoma qilindi. Aniqlanishicha, tug‘ruq kompleksi chaqaloqlar bo‘limi boshlig‘i, neonatolog Dilfuza Hasanova, doya Sohiba Karimova, bosh shifokor o‘rinbosari Davlat Sultonov bu borada mas’uliyatsizlik qilishgan, ya’ni chaqaloqqa «Gepovaks» vaksinasini olmasdan turib uning uyga olib ketilishiga yo‘l qo‘yishgan.

Shu sababli Dilfuza Hasanova va Sohiba Karimova egallab turgan vazifalaridan ozod etildi, Davlat Sultonov eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarimaga tortildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring