Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Koronavirus, iqtisodiyot, aholiga pul tarqatish...» Koreyadagi iqtisodchi hamyurtimiz bilan suhbat

«Koronavirus, iqtisodiyot, aholiga pul tarqatish...» Koreyadagi iqtisodchi hamyurtimiz bilan suhbat

«Xabar.uz» xorijdagi vatandoshlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Bugungi suhbatdoshimiz — Koreya Respublikasidagi Jeonbuk Milliy universiteti «Xalqaro savdo» yo‘nalishi magistranti Mirkomil Xolboyev. Mirkomil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining «Xalqaro iqtisodiy munosabatlar» yo‘nalishini tamomlagan.

Suhbatimiz bugungi Koreya: iqtisodiyot, jamiyat, koronavirus va boshqa mavzularda kechdi.

— Mirkomil, Janubiy Koreyada yashab, mamlakatning taraqqiyot omillarini nimalarda ko‘ryapsiz?

— Janubiy Koreyaning rivojlanish tarixiga e’tibor qaratilsa, mamlakat juda qisqa tarixiy vaqt oralig‘ida past daromadli davlatdan yuqori daromadli davlatlar safiga qo‘shila olganini ko‘rish mumkin. O‘tgan asrning 60-yillarida yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 100 AQSh dollaridan to‘g‘ri kelardi, hozir esa 31 ming dollar.

Mamlakatning rivojlanishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning o‘rni katta bo‘lgan. Ayniqsa, Yaponiyadan.

O‘tgan asrning 60-yillaridan Yaponiya o‘z tekstil sanoatini boshqa davlatlarga chiqarishni boshladi. Buning asosiy sababi Yaponiya ishchilarining daromadi iqtisodiy o‘sish bilan birga jadal oshib borayotganida edi. Shuning barobarida ishchi kuchi ko‘p talab qiluvchi tekstil sanoatida Yaponiyaning nisbiy ustunligi yo‘qolib boraradi. Buning oqibatida tekstil sanoati arzon ishchilar ko‘p qo‘shni davlatlarga (xususan, Janubiy Koreyaga — tahr.) ko‘chib o‘tishni boshladi.

O‘sha davrda Koreyada amalga oshirilgan barcha istlohotlar alohida e’tirofga loyiq. Ayniqsa, milliy pul birligi — von islohoti hamda biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan siyosat xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda juda muhim rol o‘ynagan.

Aslida bunday islohotlar faqat Koreyaga xos bo‘lmay, ko‘plab mamlakatlar tomonidan qabul qilingan va amalda sinab ko‘rilgan tajribalar.

Importni yuqori bojlar bilan cheklab, iqtisodiy o‘sishga erishib bo‘lmaydi.

Misol uchun, 60-yillarda Koreyada importning o‘rtacha tariflari 70 foizga yaqin bo‘lgan. Ammo import bojlari iqtisodiy o‘sishga katta to‘siq bo‘lishini to‘g‘ri anglagan hukumat bojlar darajasini qisqa muddatda 30 foizgacha pasaytirgan. O‘shanda boshlab Koreyada o‘rtacha tariflar pasayuvchi trendni namoyon qila boshladi. Mamlakatimiz ham yuqoridagi kabi yo‘lni tanlab, import to‘siqlarini yildan-yilga pasaytirib borishini xohlardim. Importni yuqori bojlar bilan cheklab, iqtisodiy o‘sishga erishib bo‘lmaydi.

Qaror bilan to‘liq tanishib chiqib, sement importi hech qanaqasiga osonlashmasligini tushundim.

Suhbatimiz import bojlari mavzusiga burildi. Shu xususda savol bermoqchiman. Yaqinda hukumatimiz sement importini soddalashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Biroq qaror ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin qilinyapti...

O‘sha qaror haqidagi maqolaning sarlavhasini o‘qib sement importidagi barcha to‘siqlar olib tashlanar ekan, deb xursand bo‘lgandim. Ammo qaror bilan to‘liq tanishib chiqib, sement importi hech qanaqasiga osonlashmasligini tushundim. Aniqrog‘i 28 kunlik laboratoriya tekshiruvi bekor bo‘lishini kutgandim.

Bilishim bo‘yicha, 1 maydan sement importiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilgan edi. Lekin bozorda sement narxining keskin oshishi kuzatila boshlangandan keyin cheklov bekor qilindi.

Endi qo‘llaniladigan yangi tartibga ko‘ra esa, sement importini doimiy litsenziya berish hamda laboratoriya tekshiruvi orqali amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Nazarimda, bunaqa tekshiruvlarni joriy qilishdan ko‘zlangan yagona maqsad importni yashirin usul orqali cheklashdan boshqa narsa emas. Axir 8 ta bosqich mavjud bo‘lgan import jaryonida soddalik haqida qanaqa gap bo‘lishi mumkin?

Tasavvur qiling, qanchadir miqdordagi sementni olib kirish uchun qariyb bir oy kutishga majbursiz. Ochig‘i, bu vaqt ichida kichikroq qurilishni bemalol bitirsa bo‘ladi.

Milliy ishlab chiqaruvchilarimizga chet el korxonalari bilan raqobat qilishdan ko‘ra, qonunni o‘zgartirishning muqobil xarajatlari arzonroq.

Kuzatishlarim bo‘yicha ayta olamanki, ichki ishlab chiqaruvchilarni har xil yo‘llar bilan himoya qilishga qaratilgan harakatlar qancha ko‘p bo‘lmasin, milliy ishlab chiqaruvchilar baribir rivojlanmaydi. Aslida, chegaradagi to‘siqlar ko‘payib borayotgani uchun rivojlanmaydi. Boisi milliy ishlab chiqaruvchilarimizga chet el korxonalari bilan raqobat qilishdan ko‘ra, qonunni o‘zgartirishning muqobil xarajatlari arzonroq.

Yana bir ajoyib misol keltiraman. Mamlakatimizda eksport importdan yuqoriroq yuradigan bir ajoyib davrlarda bojxonadan o‘tkazish davri taxminan 100 kunni tashkil etgan. Xullas, importni turli usullar bilan cheklash jamiyatning kambag‘allashishiga sabab bo‘ladi. Ustiga-ustak, importni cheklash orqali hech qachon eksportda o‘sishga ham erishib bo‘lmaydi.

— Sizningcha, O‘zbekiston koronavirus pandemiyasiga qarshi Koreya hukumati harakatlaridan qaysilaridan foydalanishi, qay birlarini takrorlamasligi kerak.

— Koreya pandemiyaning birinchi to‘lqinidan juda tez chiqib ketganligi ko‘plab nufuzli tashkilot va davlatlar tomonidan e’tirof etildi. Menimcha, O‘zbekistonda ham virus xavfi borasida Koreyadagi kabi tushuntirish ishlarini yanadan faolroq va samaraliroq tashkil etish kerak. Chunki, mamlakatimizda karantin choralari pasaytirilgan kundan boshlab kasallanish holatlari yana ko‘paya boshladi. Afsuski, shundan keyin yana karantin joriy qilindi. Kasallanishlar soni bunday tez o‘sishi iqtisodiyotni to‘xtatish evaziga odamlarning boshida ikki oydan ziyod uyda o‘tirganini samarasizga chiqardi.

Nazarimda yo odamlarga virusning haqiqiy xavfi yetarlicha yetkazilmagan yoki odamlar buni yetarli darajada jiddiy qabul qilmayapti.

Koreyada esa, kasallanish boshlanishi bilan, hukumat virusdan qanday himoyalanish bo‘yicha juda ko‘plab yo‘riqnomalar chiqardi, targ‘ibot-tashviqot ishlari faol olib borildi.

Shuningdek, odamlar o‘zlarini himoya qilish uchun ongli ravishda niqob taqa boshladi. Masofa saqlashga ham jiddiy e’tibor qaratishdi.

Menimcha, odamlarni karantinda saqlab o‘tirishdan ko‘ra, ularga jamoat joyida o‘zlarini qanday tutishi haqida ko‘proq tushuncha berib, ish faoliyatiga ruxsat berish samaraliroq. Bu yo‘l iqtisodiyot uchun ham foydali.

Ko‘plab iqtisodchilar karantin davrida aholiga pul ko‘rinishidagi ko‘mak berishni ilgari surishyapti. Sizningcha, bu qay darajada foydali?

Yaqinda internet nashrlari orqali Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan 102 mingta ehtiyojmand oila va unga qo‘shimcha oilasida 65 yoshdan oshgan kishilar istiqomat qiladigan 106,5 mingta oila tanlab olinib, ularga yordam ko‘rsatish uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi va unga oziq-ovqat to‘plami tayyorlanishi haqida o‘qidim.

Odamlarga oziq-ovqat tarqatish u qadar ham samarali yo‘l emas. Chunki oziq-ovqat to‘plami tayyorlanayotganida o‘rtacha hisob olinadi. Ammo kimningdir xohishi berilayotgan miqdorga yaqinroq, kimnikidir esa uzoqroq. Misol uchun, kimdir 1 kg. kartoshka, 2 kg. un iste’mol qilsa, boshqa birov 1 kg. un, 2 kg. kartoshka iste’molini afzal ko‘radi. Yana kimdadir umuman oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin. Balki dori-darmon olishni istar. Umuman olganda, odamlarning xohish va tanlovlari turlicha, bir-biridan farq qiladi.

Bunday vaziyatda ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘ odamlarga bo‘lib berilishi qolgan usullardan samaraliroq. Ya’ni odamlar o‘zlariga nima kerakligini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilishadi. Agar 100 mingta oila tanlab olinsa, unda ajratilayotgan 30 mlrd. so‘m har bir oilaga 300 ming so‘mdan bo‘lib berishga yetadi. Muhtoj aholi uchun mablag‘ning oziq-ovqat to‘plami olishdan ko‘ra nafi ko‘proq. Shaxsan men pul ko‘rinishidagi ko‘mak ko‘rsatilishi tarafdoriman.

— Bo‘sh vaqtlaringizda nimalar bilan bandsiz, kitob o‘qishga ham vaqt bormi?

Bo‘sh vaqtlarimda vaziyat va kayfiyatga qarab turli ishlar bilan shug‘ullanaman. Ba’zida, velosipedda shahar bo‘ylab sayr qilish kayfiyatimni ko‘taradi. Lekin hozirgi kunlarda ko‘proq kitob o‘qishga harakat qilyapman. Oxirgi o‘qigan kitoblarimga to‘xtaladigan bo‘lsam, yaqinda Krugmanning «Age of diminished expectations», Stiglitsning «Making globalization work» kitoblarini o‘qib tugatdim.

Birinchi kitobda AQSh iqtisodiyotining o‘tgan asr 80-90-yillaridagi holati va 90-yillarda qabul qilingan iqtisodiy qarorlar yoritilgan bo‘lsa, Stiglitsning kitobida globalizatsiyaning hozirgi kundagi holati, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi adolatsiz iqtisodiy aloqalar faktlar bilan ko‘rsatib berilgan. Eng yaxshi tomoni, muallif har bir muammoning yechimi borasida aniq takliflarini ham berib o‘tgan.

Nurillo To‘xtasinov
suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring