Koronavirus: 453 nafar yurtdoshimiz tibbiy kuzatuv ostida
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020-yilning 24-fevral kuni olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra dunyo bo‘yicha 79 363 nafar, Xitoy Xalq Respublikasida 77 262 nafar shaxslar koronavirus «COVID-19» infeksiyasi bilan kasallanib, kunlik o‘sish 416 nafarni (0,5%) tashkil etmoqda. Kasallanganlarning 11 633 nafari og‘ir ahvolda bo‘lib, 2 595 nafari ushbu kasallikdan vafot etgan. Kasallik Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari dunyoning 28 davlatida 2 101 nafar fuqaroda qayd etilgan.
Joriy yilning yanvar oyidan 24-fevral kuniga qadar bo‘lgan muddatda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytgan 4608 nafar fuqarolarimiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ulardan 4155 nafar fuqarolarda kasallikning yashirin davri (14 kun) yakunlangani va tibbiy ko‘rik davomida hech qanday koronavirus «COVID-19» infeksiyasi belgilari aniqlanmaganligi bois tibbiy kuzatuv ishlari yakunlandi. Bugungi kunda 453 nafar fuqarolar salomatligi ustidan tibbiy kuzatuv davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun. Joriy yilning 23-fevral kuni Toshkent xalqaro aeroportiga xorijiy davlatlardan 32 ta reys orqali 4 573 nafar, temir yo‘llar orqali 5 ta poyezdda jami 469 nafar shaxslar, shuningdek, davlat chegara bojxona postlari orqali 2 044 ta avtotransportlarning egalari va 36 616 nafar yo‘lovchi shaxslar termometriyadan o‘tkazilgan, shulardan 32 nafari Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari hamda 3 nafari Xitoyda bo‘lib, qaytayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir.
Koronavirus «COVID-19» infeksiyasiga qarshi kurashish tadbirlari davomida epidemiologik ko‘rsatmaga asosan joriy yilning 24-fevraliga qadar jami
1 218 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirildi va koronavirus infeksiyasi aniqlanmadi.
Shuningdek, joriy yilning 24-fevral kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi B.I.Almatov raxbarligida Agentlik tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, koronavirus infeksiyasiga qarshi markaziy shtabi a’zolari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlari ishtirokida koronavirus «COVID-19» infeksiyasining mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi Bahrom Almatov bir daqiqa ham xushyorlikni yo‘qotmaslik bugungi kun talabi ekanligini, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashda soha xodimlari xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilib bor kuch-g‘ayratini ishga solish lozimligini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida soha mutaxassislari tomonidan koronavirus «COVID-19» infeksiyasi bo‘yicha dunyodagi epidemik vaziyat atroflicha muhokama qilindi va kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi shuni ma’lum qiladiki, joriy yilning 24-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi.
Mamlakatimiz aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda mutasaddi vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.
Bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi
koronavirus infeksiyasiga qarshi markaziy shtabi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter