«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasidan yana bir xayrli tadbir (foto)
Bugun, 27-noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida yana bir xayrli tadbirni o‘tkazdi. Tadbirga Toshkent shahridagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchi va o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.
Yig‘ilganlar e’tiboriga mamlakatimizda ilk bora brayl alifbosida chop etilgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning «Muhabbat» asari, shuningdek, maktab-internatning yuqori sinf o‘quvchilari uchun fizika, kimyo, algebra va tahlil asoslari darsliklarining taqdimoti havola etildi.
– Taqdimotimizdan maqsad, – dedi tadbirda ishtirok etgan Agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva. – Davlatimiz rahbari ilgari surgan besh tashabbus doirasida imkoniyati cheklangan bolalar orasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish. Shuningdek, Sizlarning taklif va tashabbuslaringizni tinglab, shu asosda yana ko‘p xayrli tadbirlarni amalga oshirishdir.
– Kitob insonning ma’naviy ulg‘ayishida muhim ahamiyatga ega, – dedi tadbir faxriy mehmoni, yozuvchi O‘tkir Hoshimovning qizi Yulduz Hoshimova. – Otamning asari brayl alifbosida chop etilishidan mamnunmiz. Ushbu kitob o‘quvchilarimiz qalbida adabiyotga muhabbatni yanada mustahkamlasa, ularning mutolaaga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirsa maqsadimizga yetgan bo‘lamiz. Tashkilotchilar esa katta rahmat.
O‘quvchilar bilan muloqot juda samimiy kechdi, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi. AOKA rahbariyati savollarga batafsil javob qaytardi. Bir piyola choy ustida o‘tgan suhbatda maktab-internat o‘quvchisi Oydinxon yurakdan qo‘shiq kuyladi. Tadbir tashkilotchilari ularga she’r ham o‘qib berishdi. Maroqli va mazmunli tadbir haqiqiy kitob bayramiga aylandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter