Kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi muammolariga bag‘ishlangan mediatur tashkil etildi
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi, viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi hamda viloyat “Suvoqova” DUK hamkorligida media-tur tashkil etdi.
Qumqo‘rg‘on tumani markazi “Surxon sohili”, “Ulug‘bek”, “Do‘stlik”, “Neftchilar”, “Oqsoy”, “Yangishahar”, “Bog‘aro”, “Jiydali”, “Navbahor” va “Azlarsoy” mahallalaridan iborat bo‘lib, 43 436 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 31 264 nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti bilan ta’minlangan. Ularga bunday imkoniyatni tuman markaziga xizmat qiluvchi “Surxon sohili” mahallasida joylashgan “Markaziy” suv inshooti ichimlik suv inshooti yetkazib beradi. Suv inshootining quvvati sutkasiga 12,4 m3 bo‘lib, amalda 7,9 m3 64% quvvat bilan ishlaydi. Uyushtirilgan media-turdan maqsad ushbu suv inshootining holati va xodimlarning ish jarayoni bilan tanishish bo‘ldi.
Aytish kerakki, doimiy uyushma Surxondaryo viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, viloyat “Suvoqova” DUK matbuot xizmati bilan hamkorlik qilib keladi. Matbuot anjumanlari, davra suhbatlarining davomi sifatida tashkil etilgan media-tur ham bu aloqalarning yangi bosqichini boshlab berdi, desak adashmagan bo‘lamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4407-sonli qarori ijrosi bo‘yicha “Aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvini hisobga olish holati, uning xavfsizligi va sifatini ta’minlashning texnologik jarayoni bilan tanishish” mavzusida o‘tkazilgan media-turda jurnalistlar va blogerlar Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlariga tashrif buyurishdi.
Ishtirokchilar dastlab Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon” markazidagi ichimlik suv inshooti bilan tanishishdi. Birgina ushbu aholiga suv yetkazib berayotgan inshoot qariyb 6 yarim milliard sum mablag‘ asosida qayta ta’mirlangan. 15 ta mahalladagi 29 ming aholi buning ortidan toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Ishtirokchilarga shu kabi bir qator qilinayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar ham berib o‘tildi. Shuningdek, rezervuarda yig‘ilgan suvlar tashkil etilgan nasoslar orqali filtrlab toza ichimlik suvini chiqarish jarayonlarini ham ishtirokchilar kuzatishdi.
Shundan so‘ng ijodkorlar keyingi manzil Qumqo‘rg‘on tumani sari yo‘l olishdi. Unda Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Markaziy” ichimlik suv inshooti va ko‘p yillardan buyon ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 2019 yil Davlat dasturi asosida qurilgan “Chayontepa” mahallasidagi ichimlik suv inshootida bo‘lishdi.
– Tumandagi suv inshootini ko‘rar ekanmiz Davlatimiz Rahbari tomonidan aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar quvontirdi, – deydi bloger Nargiza Musayeva. “Chayontepa” mahallasida 769 xonadonda 4112 nafar aholi istiqomat qilarkan. 2019 yilgacha bor yo‘g‘i 23% aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan ekan. Qolgan aholi ichimlik suvini kanal, ariq, daryo va kachalkalardan hamda texnika vositasi yordamida tashib foydalanadi. 708 mln. so‘m mablag‘ hisobiga 1 dona suv qudug‘i qazish, 1 dona 25 m3 sig‘imli suv minorasi o‘rnatish va 2,0 km suv quvurlari yotqizish ishlari amalga oshirilishi tuman aholisi uchun juda katta qulaylikni yaratibdi. Chunki amalga oshirilgan ishlar natijasida 953 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganligini ko‘rdik. Bu kabi bunyodkorlik ishlarini kuzatar ekanmiz Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlarni yanada kengroq yoritishimizda bu kabi media-turlar katta yordam berishini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Aytish kerakki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 noyabrdagi PQ-4040-sonli qaroriga asosan 2019 yil Investitsiya dasturi doirasida “Chayontepa” mahallasini ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Mahalla aholisining toza ichimlik suvi ta’minoti qamrovini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2019 yil 15 oktyabrdagi “2019-2022 yillarda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi №871-sonli qaroriga muvofiq “Qorsaqli” mahallasi xududida joylashgan “Bo‘yrachi” suv inshooti va tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Dastur doirasida ushbu ob’yektda 3,1 km suv quvurlarini rekonstruksiya qilish, 12 km suv quvurlari o‘rnatish, 2 dona burg‘u qudug‘ini rekonstruksiya qilish, 1 dona yangi suv qudug‘i qazish, 2 dona 60 m3 hamdagi suv saqlash rezervuarlarini ta’mirlash, 2 dona 200 m3 sig‘imli suv saqlash rezervuarlari qurish, 1 dona transformator qurilmasini ta’mirlash, 1 dona yangi transformator o‘rnatish, suv qudug‘iga 4 dona, suvni uzatish uchun nasosxonaga 4 dona zamonaviy energotejamkor nasos qurilmalari o‘rnatish ishlari rejalashtirilgan. Ushbu ishlarga 4,7 mlrd. mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Ishlar amalga oshirilishi natijasida “Chayontepa” mahallasining 2320 nafar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 79% ga erishiladi.
Tashkil etilgan media-tur davomida Jarqurg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlari aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi uchun yaratilgan barcha sharoitlar bilan jurnalistlar va blogerlar batafsil tanishib qaytishdi.
Azizbek Mashrabov,
Surxondaryo viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish
boshqarmasi Axborot xizmati rahbari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter