Komil Allamjonov: Angrenda sodir bo‘lgan avariyani ko‘rib yuragim ezilib ketdi
24-may kuni soat 09:30larda Angrenda sodir bo‘lgan ayanchli YTH oqibatida 5 kishi halok bo‘lganligi haqida xabar berilgandi.
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Angrenda sodir bo‘lgan avariyaga o‘z munosabatini bildirdi.
"Angrenda sodir bo‘lgan avariyani ko‘rib yuragim ezilib ketdi. Deyarli har kuni matbuotda shunday holatlarni o‘qiymiz. Yiliga minglab odamlar halok bo‘lyapti. Aslida bu juda katta fojia.
Hukumat bu masalaga juda jiddiy ahamiyat berishi kerak, deb hisoblayman.
Haydovchilarni tayyorlash tizimi butunlay korrupsiya botqog‘iga g‘arq bo‘lgan. Haydovchilik guvohnomalari deyarli yoki pora yoki «zvonok»ga hal bo‘ladi. Yo‘ldagi haydovchilarning 80 foizdan ko‘prog‘i yo‘l qoidasini bilmaydi va guvohnomani aynan shunday yo‘l bilan olgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish tashkilotlari agar bu masalaga jiddiy qaramasa, o‘limlar soni ortsa ortyaptiki, lekin kamaymayapti.
Juda jiddiy, qat’iy nazorat kerak bu tizimga️. Ahvol juda rasvo holatda.
Keling, kichik so‘rovnoma o‘tkazib ko‘ring. Menga ishonmasangiz, atrofingizda haydovchilik guvohnomasi bor odamdan so‘rab ko‘ring, «prava»ni haqiqatda darslarga to‘liq qatnagan holda, o‘qib, tayyorgarlik ko‘rib, o‘z bilimi bilan imtihon topshirib olganmikin yoki pul bilanmi? Aniq aytaman, o‘sha atrofingizdagi odamlarning kamida 80 foizi o‘z kuchi bilan olmagan bo‘ladi guvohnomani. Jiddiy alamli ohangda, nimalar deyapsiz, o‘ldim qoldim pul bermaganman, desa ham kamida tanish-bilish va qo‘ng‘iroq orqali ishini hal qilgan bo‘lib chiqadi, ko‘rasiz!
P.S. Albatta, faqat ta’lim tizimi masalaning yechimi bo‘la olmaydi. Bu kompleks masala. Yo‘l, infratuzilmaning ham o‘rni katta. Lekin haydovchilarni tayyorlash masalasi, uning sifati, haqqoniy imtihon tizimlari muammoning asosiy yechimi deb hisoblayman", deb yozadi Komil Allamjonov.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter