Komil Allamjonov: «Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi»ning ishlab chiqarish quvvati bugungi kun talabiga javob bermaydi»
Bugun, 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
— Yurtimizdagi 12 ta maxsus internatda 3 ming nafardan ortiq ko‘zi ojiz yoshlar tarbiyalanadi. Ular uchun Agentlik tizimidagi yagona nashriyotda zarur darslik va boshqa adabiyotlar nashr etib kelinmoqda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Komil Allamjonov.
– Ammo «Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi»ning 1960 – 1980-yillarda ishlab chiqarilgan texnikalari juda eskirgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvati bugungi kun talabiga javob bermaydi. Uskunalar bilan yiliga bor-yo‘g‘i 18 nomdagi darslikni chop etish mumkin. Holbuki, ta’lim dasturi bo‘yicha ko‘rish qobiliyati cheklangan o‘quvchilar uchun 48 nomdagi darsliklar zarur. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari uchun bunday maxsus darsliklar umuman nashr etilmaydi.
Shuningdek, «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
– Ko‘zi ojiz bo‘lgan bolalarni darsliklar , badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan ta’minlash;
– Bosmaxona xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ular uchun qulay mehnat sharoiti yaratish;
– «Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi»ni moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish;
Ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni amalga oshirish jarayonida maxsus maktab internatlarda o‘qiydigan bolalar uchun darsliklar chop etish, audio kitoblar onlayn kutubxonasini yaratish, «Sharq ertaklari», «O‘zbek adabiyoti durdonalari» «Alohida toifadagi bolalar» ruknidagi kitoblar to‘plamini nashr qilish, ko‘zi ojizlar uchun «Bir jamoa» yagona internet-portalini yaratish hamda ko‘zi ojizlar uchun muzey, teatr va dam olish maskanlariga tashrif va ekskursiyalarni o‘tkazish metodikasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Tadbirda Agentlik tomonidan poytaxtimizdagi ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internati o‘quvchilariga ertak hamda badiiy asarlarning audio talqini jamlangan maxsus sovg‘asi topshirildi.
Bugungi kunda ko‘rish imkoniyati cheklangan o‘quvchilar faqatgina matematika va ona-tili fanlari bo‘yicha olimpiadalarda ishtirok etadilar, xolos. Tadbirda ularning boshqa fanlar bo‘yicha ham fan olimpiadalarida ishtirok etishi, musiqa va san’at maktablarida bepul o‘qishi, kutubxonalar, ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlashga qaratilgan eng dolzarb masalalar bo‘yicha takliflar bildirildi, ularni hal etish choralari belgilab olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter