Kogonlik taksichi ayol: «Ayolning o‘rni faqat oshxonada emas...»
– Iya, biz, ayollarning nima kamimiz bor. Zo‘r taksistman, degan erkak haydovchi ham yo‘l qoidasini buzgan. Men esa yo‘q. Maqtanib qo‘yay, – dedi kulib, suhbatdoshimiz bo‘lgan «taksist» ayol.
Suhbatdoshimizning bu gapidan keyin menda uning hayotini o‘rganish va nega aynan haydovchilik qilayotgani qiziqish uyg‘otdi. Telefon raqamini oldim. Vaqt topib qo‘ng‘iroqlashdik. Guliston Sharipovaning yoshi 41 da, kasbi haydovchilik, ya’ni kirakashlik. Suhbatimiz uzoq davom etdi. Uning qiyofasida soddadil, samimiy va ochiqko‘ngil ayolni ko‘rdim:
– Bolaligim juda zavqli o‘tgan. Kenjatoy farzand bo‘lganim uchunmi, haligacha onamning oyoqlariga bosh qo‘yib, erkalanib turaman. Uch akam va opam buni ko‘rib, onamni mendan qizg‘anishni boshlashadi. Onam menga otamdan meros qolgan. Har gal 80 yoshli onajonimning ko‘zlariga qaraganimda, o‘zimda kuchni his qilaman, ularning duolari yo‘llarda asraydi meni. Sportchi bo‘lishni orzu qilganman. Respublika chempionatlarida ham ishtirok etganman. Otamdan ruxsat olish mushkul vazifadek edi. Chunki otam rahmatli juda mehnatkash bo‘lgan va bizni doim mas’uliyatli bo‘lishga undab kelgan. Musobaqaga ketar chog‘imda bir kun oldin hamma ishlarni bajarardim. Sigirlar yemini tayyorlab, qo‘ylarga o‘t va tovuqlarga don tashlab ketar edim.
Har gal uydan chiqayotganimda, kelajakda yurtimga va xalqimga foydam tegsin, deb niyat qilganman. Qolaversa, o‘qituvchilikka ham mehrim bo‘lgan. Shukurki, orzuim ushalib, voleybol bo‘yicha murabbiylik ham qildim.
– Oson ishning o‘zi yo‘q. Havoning issiq-sovug‘iga qaramay, mashina haydash kishini toliqtiradi. Uyning yumushlari ham sizning bo‘yningizda.
– Haydovchilik tufayli ayollik vazifalarimni ham unutib qo‘yganim yo‘q. Yoz oyi bo‘lgani uchun sahar uyg‘onib, qoq peshingacha ishlayman, namozgar yana ishlashda davom etaman. Bu orada onajonimga qarashga, uy ishlarini bajarishga vaqt ajrataman. Kogon shahridan olgan bir xonali uyimda onam bilan go‘zal hayot kechiryapmiz.
– Har qanday kuchli inson umrida, go‘zal hayoti ortida armon ham bo‘ladi. Sizning qanday armoningiz bor?
– Doim onamni xursand qilishga harakat qilaman. Ko‘ngillariga qarayman, istagan joylariga olib boraman. Otam hayot paytlarida bugungidek imkonim bo‘lmagan, armonim ham shu. Otamni mashinamning oldiga o‘tkazib, istagan joylarida aylantirib kelolmaganim, ushalmas orzu bo‘lib qoldi.
– Kirakashlikni eng muhtojlik paytingizda boshlangan ekansiz...
– Murabbiy sifatida ishlab yurgan kezlarim juda kam maosh olardim. Oyda-oyga zo‘rg‘a yetkazardim. Bir kuni sharoitsizlikdan kunibo‘yi non yemabman, qo‘limda 20 ming so‘m pulim qolgan va shuni keyingi oylikkacha yetkazishni o‘ylardim. O‘ylanib turdim-da, xudoga tavakkal, deya shu pulga mashinamga gaz qo‘ydirdim. Boshida noqulaylik sezdim, lekin, qarasam, o‘sha kun kechgacha 100 ming so‘m topibman. Xursandchilikdan uyimga bozorlik qildim-da, onamning oldilariga yugurdim. Shu tariqa haydovchilikni yo‘lga qo‘ydim.
– Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, turli fe’l-atvorli yo‘lovchilar mashinangizga chiqsa kerak. Shunda ular bilan qanday muloqot qilasiz?
– Mehnatning aybi yo‘q, deydilar. Halol mehnat ortidan kun kechiryapman. Atrofimdagi gap-so‘zlarga parvo qilmayman. “Ayol kishiga yarashmaydi, ayolning o‘rni faqat oshxonada” deydiganlar xato o‘ylashadi. Bunday emas! Bu kabi fikrlarga umuman qo‘shilmayman. Axir, bizni birovdan kamimiz yo‘q. Mijozlarimga chiroyli muomalada bo‘laman va shunga yarasha ular ham yaxshi munosabat qilishadi. O‘zimga ishonaman va o‘zimni kuchli ayolman, deb hisoblayman. Bu menga kuch beradi.
Har qanday og‘ir va muammoli vaziyatda jasorat «tugmasini» yoqib qo‘yish kerak. Hayotda oyoqqa turolmayotgan ayollarga ham shuni maslahat berardim, jasorat va matonat bilan: «Men kuchliman, men boshqalar qatori yaxshi yashashga loyiqman!”, deb o‘z-o‘ziga ishlashga ishtiyoq berishi zarur. Zero, har qanday maydaliklarga e’tibor qaratish – bir qadam ortga chekinishdir.
Zulfizar Mavlonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter