Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar bo‘yicha Prezident qarori imzolandi
Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq quyidagilarni amalga oshirishda Ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan (Reyestr) ko‘chirma «yagona darcha» tamoyili asosida beriladi:
- ko‘chmas mulk bitimlarini notarial tasdiqlashda (ko‘chmas mulkning bir qismiga bo‘lgan huquqlar bundan mustasno);
- «E-IJRO AUKSION»da ko‘chmas mulkni auksion orqali sotishda;
- noturar ko‘chmas mulk bo‘yicha rieltorlik tashkilotlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatishda;
- arzon uy-joylar qurishda qatnashayotgan banklar tomonidan – qurilishi tugallangan uy-joyni rasmiylashtirishda.
2019-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahridagi, 2020-yil 1-yanvardan respublikaning barcha hududlaridagi ko‘chmas mulkka nisbatan huquqlar haqidagi ma’lumotlar Reyestrga faqat elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan elektron kiritiladi va mulkdorga Reyestrdan ko‘chirma beriladi.
Qarorga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvardan ko‘chmas mulkning yangi egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kommunal xizmatlarning axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi. Bunda kommunal xizmatlar mulkning yangi egalaridan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
Shuningdek, 2020-yil 1-yanvardan quyidagilar kadastr organlariga elektron yuboriladi:
- banklar tomonidan uy-joyga nisbatan mulk huquqini hamda ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda uy-joyni qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar;
- Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan ko‘chmas mulk ob’yektini «E-IJRO AUKSION»da sotish va rieltorlik xizmatlari ko‘rsatish orqali vujudga kelgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur ma’lumotlar.
Tashkilotlarning ma’lumotlari asosida mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ariza talab etilmaydi.
Qaror bilan quyidagi tartiblar bekor qilindi:
- ko‘chmas mulkni begonalashtirishda notariusga bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etish;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatga kadastr organining shtampi qo‘yilishini talab qilish;
2020-yil 1-yanvardan qurilgan uy-joyga mulk huquqi va ipotekani kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash hamda bankka mulk huquqiga oid hujjat nusxasini va ipoteka bo‘yicha shtamp qo‘yilgan kredit shartnomasini taqdim etish bo‘yicha qarz oluvchining majburiyatlari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter