Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ko‘chada «militsiya» ko‘p, lekin hech kim tezlikka rioya qilmaydi» — yana bir elchi O‘zbekiston yo‘llarini tanqid qildi

«Ko‘chada «militsiya» ko‘p, lekin hech kim tezlikka rioya qilmaydi» — yana bir elchi O‘zbekiston yo‘llarini tanqid qildi

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot Toshkent ko‘chalaridagi harakat xavfsizligi juda xavfli ekanini aytgan. Oldinroq Fransiya elchisi ham xuddi shunday tanqid bilan chiqqandi.

«Menga bu yerda mashina haydash yoqmaydi. Ko‘proq jamoat transportida yoki velosipedda yurishni istayman. Londondalik paytimda masofa uzoq bo‘lsa-da, ishxonamga velosipedda tezroq borardim. Qolaversa, bu sog‘likkayam foyda», degan elchi Alter Ego bilan intervyuda.

Britaniya elchisi yo‘llardagi harakat xavfsizligini ta’minlash uchun o‘z takliflarini ham bergan.

«Asosan ko‘cha dizaynlarini o‘zgartirish kerak. Dunyoning hech bir davlatida ikki tomonlama harakatning o‘rtasida qayrilib olish (razvorot) uchun joy yo‘q. Qayrilish uchun serqatnov yo‘lning o‘rtasini band qilib qo‘ymaydigan yo‘llarni joriy qilish kerak».

Tim Torlot harakat xavfsizligi madaniyati va haydovchilarni tayyorlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Ko‘chalarda ko‘plab militsiya xodimlari turadi, lekin hech kim tezlik bo‘yicha cheklovga amal qilmaydi. Odamlar juda tez haydaydi va bu ularning uslubiga aylanib qolgan. Buni ham to‘g‘rilash mumkin», degan elchi.

Tim Torlotning aytishicha, Londonda shahar bosh rejasini ishlab chiqishda, harakat xavfsizligini ta’minlashda va boshqa ijtimoiy masalalarda fuqarolik jamiyatlarining faolligi va hissasi juda katta.

Eslatib o‘tish kerak, avvalroq Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Bris Rokvey ham Toshkentdagi mashina haydash qo‘rqinchli ekanini aytib, hech kim qoidalarni mensimasligini ta’kidlagandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring