Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kengash vakillari Mashkura Safayevani yo‘qladi

Kengash vakillari Mashkura Safayevani yo‘qladi

Bosh Qomusimiz qabul qilingan kun arafasida  O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi vakillari Mashkura Safayevani yo‘qladilar.

Mashkura Safayeva hazilakam ayol emas: sud tizimining eng quyi bosqichi - tuman sudining oddiy xodimaligidan – eng yuqori bosqichi - Oliy sudning sudlov hay’ati raisligigacha bo‘lgan yo‘lni sabr va mantonat bilan bosib o‘tgan kam sonli mutaxassislardan hisoblanadi. Ayniqsa, opaning fuqarolik sudlarining «oyoqqa turishida» xizmatlari beqiyos. Bundan tashqari ikki chaqiriq Oliy Majlis deputati sifatida qonun ijodkorligiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lsa,  sud tizimida rahbarlik lavozimida ishlagan kezlari sudyalar korpusini shakllantirishda  ozmuncha zahmat chekmagan.

Bugun Mashkura opa pensiyada - nabiralar qurshovida, ularning mehribon buvisi.

Ma’lumki, davlat rahbarining 2020-yil 7-dekabrdagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga binoan odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib, pensiyaga chiqqan sudyalar uchun «Sud faxriysi» ko‘krak nishoni joriy etilgandi.

Kuni kecha Sudyalar oliy kengashi qarori bilan odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali faoliyati uchun Mashkura Safayeva «Sud faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.  Kengash vakillari opani yo‘qlash asnosida  ko‘krak nishoni va tegishli guvohnomani o‘z sohibasiga topshirib qaytdilar.

Odatda biror e’tirofga loyiq topilganlar uchun maxsus tadbir tashkil etilib,  nishon-u guvohnoma ko‘plarning oldida tantanali ravishda topshiriladi. Bunday tadbir qanchalar zavqli bo‘lmasin, avvaldan hammasi ayon bo‘ladiki, sohib-u sohibada nishonni hali qo‘lga olmayoq ko‘nikma shakllanib ulguradi. E’tirof kutilmaganda yuz berib, kamiga uni xonadonga kelib topshirish - haqiqiy «syurpriz» shu. Buning zavqi umuman bo‘lakcha...

Ayni zavqni opaning yuzidan ilg‘ash qiyin emas.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring