«Kelishdi, ko‘rishdi, va’dalar berishdi, yana g‘oyib bo‘lishdi»

Yoshlar sanoat zonasi uchun ajratilgan milliardlar qani?
Salom «Xabar.uz», yana Andijon shahar Yoshlar sanoat zonasidan chiqyapmiz, deya navbatdagi murojaat keldi tadbirkorlardan.
Avvalroq muammo ko‘tarilganidan keyin bu yerga qator mutasaddilar — elektr, suv ta’minoti rahbarlari, shahar hokimligi vakillari kelishdi. Yana ko‘pdan-ko‘p va’dalarni berishdi, muammolar hal bo‘lishini aytishdi, so‘ng «g‘oyib bo‘lishdi». Ikki hafta bo‘lyaptiki, ulardan darak yo‘q.
Biz tadbirkorlar o‘zimiz har bir ko‘chalarga shag‘al olib kelib yotqizdik.
Umuman, shu kungacha prezident qarorida keltirilgan sharoitlarni ta’minlash uchun faqatgina o‘zimiz hamma narsalarni qilib kelmoqdamiz. Davlatimiz tomonidan Yoshlar sanoat zonasi uchun 7 milliard so‘mdan ko‘proq pul ajratilgan bo‘lsa, ular qani?
1.450.000.000 (bir milliard to‘rt yuz ellik mln) so‘m infratuzilmalarga xarajat qilindi deyishyapti. Lekin bu summaga nimalar olingan? Qani ular? Chunki simyog‘och+sim+gaz truba+yo‘llarga shag‘allarni tadbirkorlar o‘zimiz hisobimizdan xarajat qilganmiz.
Biz tadbirkorlar umumiy investitsiya shartlarini bajarib qo‘ydik. Ishchilar masalasini hal qildik, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, lekin bunaqa elektr, suv, gaz o‘chib tursa, qanaqasiga ishlab bo‘ladi?
Kelayotgan mas’ullar buni bila turib, hal qilib berishmasa, dardimizni kim eshitadi?
Ajratilgan yerlar uchun hali biror qishi tegishli qarorni olmadi, investitsiya shartlari bajarilganda beriladi, deyilgandi, lekin haligacha bu masalada ham jim-jitlik, deydi tadbirkorlardan biri.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter