Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Kelin nafsiga musht tushirsin» yoki bir hovuch malina...

«Kelin nafsiga musht tushirsin» yoki bir hovuch malina...

Facebookdagi «Maslahat» guruhida turli mavzularda postlar qo‘yiladi, maslahat so‘raladi. Yaqinda bir bo‘lg‘usi ota yarim kechasi «Xotinim homilador, malina yegisi kelayapti, qayerdan topsam bo‘ladi», degan mazmunda post qo‘ydi.

Dastlab bu so‘rovga ko‘pchilik o‘zi bilgan manzilini yozdi — ayrimlar hozir anqoning urug‘ini topsa bo‘ladigan supermarketlarni tavsiya berdi, ba’zilar uyida muzlatilganini taklif qildi. Yana kimlardir qulupnay yesa balki xumori bosilishi mumkinligini eslatib o‘tishdi.

«Biz ham tuqqanmiz, yemaganmiz, o‘lmaganmiz»

Hammasi tekis ketayotgan, maslahat so‘ragan erkak ko‘ngli andak umidga to‘layotgan bir paytda guruh a’zolaridan biri (shartli ravishda A.deb atay qolamiz) A. ismli ayol «Kelin nafsiga bir mushtlasin», degan izohidan keyin haqiqiy to‘polon boshlandi:

A: Kelin nafsiga bir mushtlasin.

B: Esingiz joyidami, ikkiqat bo‘lsachi?

A: Ikkiqatligini bilib aytayapman.

B: Qizingizning boshiga tushsin, shunaqa qaynona, boshqa gapim yo‘q.

A: Qizim boshqorong‘i bo‘lgan, lekin nafsiga qul bo‘lmagan.

B: Juda oshirvormadingizmi opa, bu yerda qaynonaligingiz ketmaydi, ikkiqat xotin odam emasmi?

V: Sizning qizingiz dunyoda yagona bo‘laqolsin, men ham nafsiga qul bo‘lganlardanman, shunaqa payti nafs gapirilmasada, dunyoning narsasini yemasa kerak.

A: Sabr qilsa aqlli bola tug‘adi o‘sha kelin, bu qilig‘i tantiqlik.

G: Siz toksikoz bo‘lganingizda eringiz nafsingizga bir mushtlatgan shekilli. Homilador ayolga bu gapni aytib ko‘ring, ko‘ngliga qanchalik og‘ir botadi. Uyingizga keladigan kelinga achindim.

D: Ba’zilar e’tibor faqat ularga bo‘lishini xohlaydi. Kelin homilador bo‘lib o‘g‘li bir nima olib kelsa baloga qoladi, bunaqalar yomon kelin bo‘lgan va yomon qaynona bo‘ladi, yomon qaynona hech qachon yaxshi kelin bo‘lmagan.

Ye: Ayol kishi ayol kishiga shunaqa negativ izoh yozibdi. O‘zi kelinligida eriga aytdirib oldirmaganmikin? Xudo xohlasa kelin olsam o‘zimni kelinligimning «achchiq xotiralari»ni esga soldirmayman. Bozorga birga borib ko‘ngliga yoqqan yeguligini olib kelaman.

L: Juda bunchalikmase. Biz ham ikkita tuqqanmiz. Yegimiz kelganida yo‘qchilik edi, indamay chidaganmiz. Bolaning sog‘lom tug‘ilishi Allohning irodasi bilan. Hech narsa qilmaydi yemasa. Biz tuqqan paytda bitta kir sovunni 2 oyga bergan paytlar edi. Malinani yegimiz kelsayam indamapmiz. Bollarimiz sog‘lom, aqlli, o‘qimishli bo‘lishdi. Sabr qilsin, hech narsa qilmaydi...

S: Homila shuni yemasa o‘lib qoladi demagan anonim ham, bir oydan beri hech narsa yemaydi, bugun malina so‘radi deb yozgan. Nima qilibdi hozir qahatchilikmasku, malina topish muammo emas, do‘konlar kechayu kunduz ishlayapti, «dostavka» bor, nimaga darrov nafsni tiyishga chaqirish kerak. Shunaqa paytda xarajat qilmasdan, tuqqanidan keyin 100 ta xotinga qovurdoq yedirish kerakmi yoki vafot etganida 500 ta odamga osh berish kerakmi? Sharoiti bo‘lsa olib bersin, agar puli bo‘lmasayam ana odamlar uyimda muzlatilgani bor tekin beraman deyaptiyu.

J: Tepada uch to‘rttasi nafsini mushtlasin debdi. Axmoq miyalar. Qornida bola rivojlanyapti. Suyagi o‘sayotgani uchun onasi hadeb tvorog yegisi keladi mayiz bilan. Miyasi o‘sayotgani uchun onasi kabob yegisi keladi. Nafsinga mushtla deysanlar. Senlar nafsini mushtlab-mushtlab chalajon kamqon bola tug‘ilsa davolab berasanmi? Qo‘lida chaqalog‘i, onasi qiltillab turadi. Qonini o‘lchasa gemoglobin 50. Post qo‘yib yuradi kelin ayollar gruppalarida ikkiqatman, nima kilib qonimni ko‘paytirsam bo‘ladi deb. Bolada gipoksiya ekan, bolam juda yomon uxlaydi, bolamda kalsiy yetishmasakan, bolamga shifokor kerak deb... Onasi yemasa bolasi osmondan oladimi? Yana ko‘pchilikka o‘g‘il kerak. Xotinni boqmasangiz qayerdan tug‘iladi qo‘chqorday o‘g‘il-qiz? Ayolingiz chalajon, nimjon bola tug‘sa ham xudoga shukr dengsizlar. O‘sha bolasiyam ernikida yemay, otasinikida haftada bir go‘shtga to‘yib kelgani uchun o‘lmay tug‘ilgan. Senlarga qolsa kelining yemasayu, ichmasayu, yugurib-yelib xizmat qilsa, pampers ham ishlatmasa, kashayam ishlatmasdan suti ko‘p bo‘lsa.

Bolalarim do‘mboq-domboq, sutim doim ko‘p va yog‘li bo‘lgan. Qanaqa qilib bollaringiz bunaqa do‘mboq, sutingiz zo‘rakana deydi kim ko‘rsa. Doim qonim 13-14 yuradi. Chunki menga hech kim yegan-ichganimni o‘lchab-chegaralab bermaydi. Yesam o‘g‘ritomoq, ko‘p yeydi, nafsi buzuq demaydi. Shu siri!!! O‘zingizcha boshqa kelin-ayollarga shukr qil, nafsingni tiy, biz tiyganmiz, deb nasihatgo‘ylik qilishingiz, aslida o‘zingiz bilmay eringizni sharmanda qilayotganingiz. Erim ikkiqat holimda ham meni boqolmagan deganingiz bu. Boshqalarni eri ham siznikiga o‘xshashi kerakmi endi?...

Ha, ijtimoiy tarmoqning nimasi yaxshi, hech kim ikkiyuzlamachilik qilmaydi, ko‘nglidan o‘tgan gapni shartta yoza oladi. Agar mana shunday fikr hayotda, davralarda bildirilsa, aniq ko‘pchilik nafsiga mushtlagan ayol tomon bo‘ladi yoki indamay qo‘ya qoladi, ijtimoiy tarmoq esa har holda haqiqatning yuzaga chiqishida ko‘zgu bo‘ladi. Oddiygina homilador ayolning yegisi kelgan narsani topib berolmaslik shunchaki ko‘z yumib ketadigan holat emasligini anglab yetgandek bo‘lamiz. Bu haqda mutaxassisga yuzlandik.

Injiqlikmi yoki tannozlik...

Gulmira Ahmedova, oliy toifali shifokor: Homilador ayollarning «injiqlik»lari haqida ko‘plab latifalar, afsonalar mavjud. Masalan qishning o‘rtasida homilador ayol qulupnayni istaydi va go‘shtni sevmagan yana bir homilador kabobga ko‘ngli ketadi. Homiladorlikda organizmda qanday o‘zgarishlar kuzatiladi? Nima uchun ta’mga oid noxushliklar paydo bo‘ladi? Agar ayolda to‘satdan sutga ishtiyoq paydo bo‘lsa, organizmda kalsiy yetishmaydi. Agar S vitamini kerak bo‘lsa, unda ayol nordon narsalarga o‘ch bo‘lib qoladi. Homiladorlikning ikkinchi yarmida ko‘p ayollar shokoladga bo‘lgan ishtiyoqni boshdan kechirishadi. Buni tananing ko‘p miqdorda kaloriya talab qilishi bilan izohlash mumkin. Tuzli va tuzlangan ovqatlarga bo‘lgan ehtiros homiladorlik davrida qon miqdori ortib borishi va organizmning natriyga muhtojligi bilan izohlanadi. Ba’zida homilador ayol ko‘ngli tusagan narsalarni yemasa bolasining qulog‘i chinoq yoki ko‘zi ko‘k bo‘lib qoladi degan gaplarni ham eshitamiz. Bu majoziy ma’noda aytilgan bo‘lsa kerak. Bolaning qulog‘i chinoq yoki ko‘zi ko‘k bo‘lib qolmaydiyu, lekin homilador ayol halovatini yo‘qotadi, asabiy bo‘lib qolishi ham bor gap...

Demak, toksikoz og‘ir o‘tganlar kelinlarning iddaolarida jon bor. Masalaning ikkinchi tomoni —hozir to‘kinlik paytida qaynonalarning nafsni tiyish haqidagi fikriga nega buncha ko‘pchilik qarshi chiqqani ham bir signal. Bir paytlar kelin bo‘lib ro‘shnolik ko‘rmagan, eriga istaganini oldirish uyoqda tursin, yegisi kelgan narsani so‘rab ololmagan, so‘raganda ham qaynonayu boshqalar tomonidan rad etilgan kelinlar nimagadir o‘zidagi qiyinchilikni boshqalarga ham ravo ko‘radi. Bundan bilish qiyin emaski, zulmdan zulm, jaholatdan jaholat tug‘ilarkan.

Xo‘sh, biz to‘g‘ri o‘ylayapmizmi — rostdan zulmdan zulm tug‘iladimi?

Ro‘shnolik ko‘rmagan kelin yomon qaynonaga aylanadi....

Zarifboy Ibodullayev, neyropsixolog, professor: Alamzadalik – bu yomon illat. Alamzadalik va ko‘rolmaslik go‘yoki egizak. Masalan, yangi tushgan kelin uyda qilgan mehnatiga yarasha qaynonadan mehr ko‘rmasa va har doim kamsitilaversa, u alamzada bo‘lib o‘sadi. Kelajakda bunday kelin alamzada qaynonaga aylanadi. Alamzadalik bolalik yoki o‘smirlik davrida shakllanib boshlaydi. Uning negizida mehr ko‘rmaslik, boshqalar oldida kamsitilish, qilgan mehnatiga yarasha rag‘batlantirish olmasa va kerak bo‘lsa haqorat eshitib katta bo‘lish yotadi. To‘g‘ri! Bolaligida mehr ko‘rmay o‘sganlarning barchasi ham kelajakda alamzada bo‘lib yetishadi, degani emas. Men doimiy haqorat ostida mehr ko‘rmay o‘sib so‘ngra oila qurganlar ichida o‘z farzandlariga o‘ta mehr bilan boqadigan, odob bilan bola tarbiyalaydiganlarni yaxshi bilaman.

Aksariyat hollarda alamzadalik va ko‘rolmaslikni farqlash qiyin bo‘lib qoladi. Shu bois men alamzadalik va ko‘rolmaslikni go‘yoki egizak deb ko‘raman. Katta bir oilaga darz ketishi uchun ushbu oilada bitta alamzada insonning o‘zi yetarli. Bu oilada tinch-totuv hayot bo‘lmaydi, alamzada insonning hulq-atvori ham o‘ziga yarasha bo‘ladi, alamzadalik nafaqat xatti-harakatlarda, balki yuz ifodasida ham ko‘rinib turadi. Alamzada inson doimo mehr izlab yashaydi, mehribonlik izlash bora-bora odamni xudbin qilib qo‘yadi. Alamzadalik negizida shakllangan egoizm uning va atrofdagilarning hayotiga ham ruhiy zarba beradi. Alamzada odam yaqinlarining hayotiga zomin bo‘lishi ham mumkin. «O‘tkan kunlar» da Zaynab Kumushga zahar beradi. Buning negizida ham alamzadalik yotadi.

Alamzadalikka davo bormi? Sezganingizdek alamzadalik bolalik va o‘smirlik davrida olingan ruhiy jarohat tufayli rivojlanadi. Alamzadalikning davosi quyidagilardir: alamzada insonga ham adolatli munosabatda bo‘lish, uning mehnatlarini rag‘batlantirib borish, uning qadriga yetish, unga mehr berish. Harholda alamzadalik bedavo dard emas.

Shirin G‘afurova, jurnalist, FM 102 avtoradio kanali boshlovchisi: «Maslahat» guruhida adminman. Mana shu guruhda ko‘pincha kelinlar bilan bog‘liq mavzular dolzarb bo‘ladi. Menga shunaqa «xatlar» keladiki, uni guruhga qo‘ysam ko‘pchilik to‘qib yozilgan deb ishonmaydi, kelinidan ovqat qizg‘anadigan oilalar yo‘q deb yozishadi. Kelinlarning o‘zlari boshidan o‘tgan kunlarini yozishadi. Shunaqa paytda yoshi kattaroq ayollar kelinni ayblashga o‘tib ketadi. «Yegingiz kelsa barmog‘ingizni tishlang», «bizam sabr qilganmiz, o‘lib qolmaganmiz» deb, ayol ayolni tushunmasligi, hamdard bo‘lmasligi, qo‘llab-quvvatlamasligi meni har doim hayron qoldiradi. Axir sizda shunday bo‘lgan bo‘lsa hammada shunday o‘tishi kerak degani emas, hammaning organizmi har xil. Kimdadir qiyin o‘tadi boshqorong‘ilik. Shunaqa paytda ayollar bir-birini himoya qilishi kerak, ayollar biladi, buning qanaqa og‘ir yo‘lligini... ba’zida yozishadiki kechasi shuni yeyolmaganim uchun uxlamay chiqdim yoki kasal bo‘p qoldim deb. Homilador ayol yesa 3-4 ta yeydi, dunyoning ovqatini yemaydi. Yoshi katta ayollar kelinlarga tosh otishadi hozirgi kelinlar erka bo‘p ketdi, tantiq bo‘lib ketdi deb, organizm talab qilgan narsani yegisi kelganida hayotdagi eng yaqin insoni — eriga aytishi tannozlikka kiradimi? Axir ayol o‘sha erning farzandini, qaynonaning avlodini — nabirasini qornida ko‘tarib dunyoga keltiradi.

Yana bir voqea haqida yozdi yaqinda bir ota. Durkun qizini o‘ziga to‘q xonadonga turmushga uzatib 42 kilo bo‘lib qolgach yarimjon qilib olib ketgan uyiga. Aytishicha oilada alohida ovqat qilinarkan, erkaklarga, kattalarga go‘shtli ovqat, kelinlarga go‘shtsiz sho‘rva... Qanaqa qilib erning tomog‘idan xotini yemagan go‘sht ovqat o‘tadi. Naryog‘da homilador xotin go‘shtsiz ovqat yesa... Bu vahshiylik, bu yovuzlik deb hisoblayman. Bunaqa anonim xatlarni o‘qib dahshatga tushaman, o‘tkazmayman, guruhda juda yomon to‘polon bo‘lib ketishi mumkin, deb. Bunga norma deb qaralishi meni taajjubga soladi.

Bu post orqali nimani xulosa qilish mumkin...

Bugun qaynona-kelin, bo‘lg‘usi ota, er haqida qarashlarimiz o‘zgarayapti. Arzimagandek ko‘ringan muammolarning tagida yaxshigina fasod borligini ko‘rayapmiz. Va bilib oldikki, toksikoz ayol qornidagi bolasi uchun narsa so‘rashini, bolaning sog‘lom tug‘ilishi onaning tinch, baxtiyor yashashiga bog‘liq ekani, alamzada kelin yillar o‘tib yanada alamzada bo‘lishini, bir hovuch malina yegan kelin umrbod erining o‘sha qahramonligini unutmasligini, aksincha topilmasa, aytolmasa, onaning ko‘nglidagini hech kim eshitmasa yillar o‘tib ham armon bilan eslanishini va hattoki gazak olib buning alamini boshqalar totishini bilib oldik. Yana mana shu bahs munozara orqali qaysidir qaynona yoki bo‘lg‘usi ota homilador ayolni kecha eshitmagan tilagini bugun amalga oshirish uchun shoshib qolgandir....

Maqola yozilishi asnosida bir yosh yigitning «Oloy» bozorida ko‘ksulton izlab yurgani, peshtaxta ortida turgan sotuvchilar baliqlar rastasida muzlatilgan mevalar borligini aytishgani, o‘sha kungi postga «necha kundan beri ko‘ksulton yegim kelayapti, topilmayapti», deya mahzun smaylik qo‘ygan kelinning izohi ko‘z o‘ngimga keldi. Demak, malina voqeasi qishning qoq o‘rtasida anqoning urug‘idek bo‘lgan ko‘ksulton ham topilishiga sabab bo‘ldi. Hammasidan ham yosh otaning astoydil ko‘ksultonni topganiga xursandligi, mana shu xayrixohlik — hamma narsadan muhim!

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring