Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kasallik tarqalgan paytda musulmonning vazifalari

Kasallik tarqalgan paytda musulmonning vazifalari

Foto: Global Look Press

Turli xil tez tarqaluvchi vabo kabi epidemiya ro‘y bergan paytda musulmon kishi o‘zini qanday tutishi kerak?

Bunday holatlarda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora-tadbirlarini ko‘rishi lozim. Vabo kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi.

Vaksina olishning hukmi qanday?

Mazkur savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati bunday javob beradi:

«Ma’lumki, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani to‘g‘risida xulosaga keldilar.

Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim ko‘rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo‘llashga buyuradi. Shunday ekan vaksina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta’kidlanadi.

Birinchidan, dinimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: «Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir» (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi: Payg‘ambarimiz alayhissalomdan a’robiylar: «Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?», deb so‘rashdi. U Zot alayhissalom: «Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir», dedilar.  (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ikkinchidan, ba’zi kishilar kasal emasligini ro‘kach qilib, vaksina olishga beparvo bo‘ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar: «Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir» («Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu» kitobi). Demak, bemor bo‘lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo‘ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o‘ziga ham o‘zgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqda Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q», deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, vaksinani olishimiz birinchi navbatda o‘zimizning sog‘ligimiz, qolaversa, yaqinlarimizning sog‘ligini saqlashga sabab bo‘ladi.

To‘rtinchidan, hozirgi kunda Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaksina bilan emlangan bo‘lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo‘lgan kishidan vaksina bilan emlanganlik so‘ralmoqda.

Xulosa shuki, hozirda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga yetkazib berilayotgan vaksinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar’an joiz, chunki bu davolanishning bir ko‘rinishidir. Vallohu a’lam».

Yuqumli kasallik bilan xastalanish holatlari ortib borayotgan, unga qarshi ehtiyot choralari kuchaytirilayotgan vaqtda har bir mo‘min-musulmon Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lib, tibbiyot xodimlarining jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, kasallikning oldini olish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar bilan to‘liq emlanish kabi Respublika maxsus komissiyasi tomonidan joriy etilgan yangi tartib-qoidalarga qat’iy amal qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz, qolaversa, yurtdoshlarimizning sog‘ligini saqlaylik. Zero, ulamolarimiz aytganlaridek: «Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir», — deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi chaqirig‘ida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 12 yanvar holatiga ko‘ra 714 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. Bu so‘nggi besh oy ichidagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring