Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantin oilaviy munosabatlarga qanday ta’sir qildi?

Karantin oilaviy munosabatlarga qanday ta’sir qildi?

Foto: «Xabar.uz»

Mana bir necha oydirki, olam va odam o‘zi kutmagan, tayyor bo‘lmagan og‘ir sinovni yengish uchun suronli kurash olib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston ham. Mart oyida joriy etilgan karantin talablari bosqichma-bosqich yengillashtirilayotgan bo‘lishiga qaramay hamon o‘z kuchida.

Pandemiya nafaqat davlatlar iqtisodiyoti, ichki va tashqi siyosatiga, balki oilaviy munosabatlarga ham ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda karantin sabab oilaviy ajrimlar ancha ko‘paydi. Jumladan, mart oyida markazda joylashgan Sian shahri hamda Sichuan viloyatidagi Dajou shaharlarida rekord darajadagi ajrashishlar qayd etilgan. Turkiyada esa mart oyining o‘zida ajrashish uchun da’vo arizalari soni yanvar oyidagiga taqqoslaganda 4 marotaba ko‘p kelib tushgan. Xo‘sh, nega? Bizda vaziyat qanday?

Ota-ona, farzandlar qaytadan topishishdi!

Feruza Azimova, Respublika «Ma’naviyat va marifat» markazi bo‘lim boshlig‘i:

— Oila – bir kunlik, bir yillik emas, balki bir umrlidirki, bu makonda har kun, har soat yoki har oy, har yilda qanchadan-qancha voqea-hodisalar, yangidan-yangi tashvishu quvonchlar sodir bo‘lib turadi. Kuzatuvlarimizdan ayonlashdiki, bizda karantinda uyda o‘tirish tufayli aksariyat oilalar «qaytadan topishdi»! Ota-ona, farzandlar bir-birini qaytadan «kashf etishdi». Masofaviy ta’lim, onlayn darslarning asosiy mas’uliyati ota-ona zimmasiga tushdi. Farzandlarining sifatli bilim olishi, darslarni puxta o‘zlashtirishini istaganlar ular bilan birga mashg‘ulotlar olib borishdi, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishdi. Ushbu jarayonlarda, ayniqsa, otalar ishtiroki yuqori bo‘ldi. Bu o‘z-o‘zidan farzandlar ta’lim-tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, deyishimiz mumkin.

Odatiy hayot tarzida ba’zan haftalab bir dasturxon atrofiga yig‘ilolmagan oila a’zolari kunlab, haftalab, oylab jamuljam taomlanishdi. O‘zaro dildan suhbatlashib, bir-birlarini yaqindan o‘rganishdi, qo‘llab-quvvatlashdi. Biroq bugun insoniyat salomatligiga jiddiy xavf solayotgan ushbu epidemik holatni e’tiqod imtihoni, iymonni mustahkamlash, o‘zlikka qaytish, yaqinlarga yaqinlashish imkoni deya baholab turgan bir vaziyatda bunga mutlaqo qarama-qarshi jarayonlar ham kuzatildi. Ularni bartaraf etish va oldini olish uchun har bir tizim, har bir soha o‘z vazifasiga yanada chuqurroq yondashib, mana shunday xato va kamchiliklar, mavjud muammolarni bartaraf etish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish borasida jiddiy izlanishlar olib bormoqda. Zero, oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekani diqqatga sazovordir.

Xitoyni O‘zbekiston bilan solishtirib bo‘lmaydi!

Shoira Isakova, psixolog:

— Bilasizmi, qaysidir ma’noda Xitoyni O‘zbekiston bilan solishtirib bo‘lmaydi. Chunki ularning oilaviy qarashlari, qadriyatlari, urf-odatlari, ota-ona va farzandiga bo‘lgan munosabati biznikidan ancha farq qiladi. Yurtimizda azaldan oila muqaddas dargoh sifatida qadrlanadi. Uni asrash bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Oilalarimizdagi sabr-qanoat, vafoyu sadoqat, shukuronalik kabi ijobiy sifatlar bilan birga o‘zaro hurmat, samimiyat, kattalarni e’zozlash, ahil-inoqlik ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelgan. Menimcha, karantin davri ko‘p oilalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi. Negaki, ishdan keyin choyxonalarda qolib ketadigan otalarimiz bo‘sh vaqtlarini uyda o‘tkazib, tomorqa, ro‘zg‘or ishlarida ayollariga, onalariga yelkadosh bo‘lishdi; bekalarimiz yana bir bor pazandachilik mahoratini ko‘rsatib, taomlari nomdor restoranlarnikidan qolishmasligini isbotlashdi.

Mana shu qisqa muddat ichida oilaviy munosabatlar yanada yaxshilandi. Farzandlar bilan tarbiyaviy aloqalar o‘rnatildi, ularga e’tibor kuchaydi, doimiy ta’kidlab kelinadigan muammolardan biri – ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlar iziga tushdi. Chunki oxirgi paytlarda ota-onalarning doimiy bandligi tufayli farzandlar bilan muloqotga deyarli vaqt ajratilmayotgan va bolalar ruhiyatida norozilik kayfiyati yuzaga kelib, munosabatlar biroz salbiy tus olayotgan edi.

Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘lganidek, ayrimlarning ruhiyatida o‘zgarishlar ham kuzatildi. Ularda stress, tushkunlik, vahima va qo‘rquv kuchayib, asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklar kelib chiqqaniga guvoh bo‘ldik.

To‘g‘ri, ba’zi oilalarda turli ko‘rinishdagi ziddiyatlar, qarshiliklar, urush-janjallar, tazyiq va zo‘ravonliklar uchrab turganini ham inkor etolmaymiz. Bunda oldindan oila yoki bolalar tarbiyasi yuzaga kelgan buzilishlar aynan karantin davrida namoyon bo‘ldi.

Ajrimlarning oldini olishimiz shart!

Feruza Muhiddinova, TDYuU professori, yuridik fanlar doktori, Ma’rifat targ‘ibotchilari a’zosi:

— Sinovli davrda oilalarda hamjihatlik, ahillik hukm surgani tahsinga sazovor. Ammo oilaviy nizolarning ozmi-ko‘pmi uchrashi baribir dilni xira qiladi. Xalqimizda «Er-xotin urishi – doka ro‘mol qurishi», degan naql bor. Buni ko‘pchilik biladi, lekin ayni kunda ushbu maqol biroz haqiqatdan uzoqlashgandek.

Ma’lumki, iqtisodiy tanglik oilaviy munosabatlarni chigallashtiradi. Joriy yil 19 mart kuni davlat rahbari boshchiligidagi mahalla va oila muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Sh.Mirziyoyev ajrim sabablaridan biri sifatida ishsizlikni ko‘rsatib: «Meni eng qiynaydigan masalalardan biri bu – ajrim. Tasavvur qiling: mamlakatimizda bir yilda 30 mingdan ortiq ajrim kuzatilgan. Agar bu oilalarning o‘rtacha ikki nafardan farzandi bo‘lsa, bu oltmish ming bola oila baxtidan mosuvo ekanligini bildiradi», – deb ta’kidlagandilar.

Karantinda hammaning uyda qolishi oqibatida ishsizlik, yetishmovchiliklar kuzatildi. Bu ham o‘z o‘rnida nizolarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: karantin sabab bizda ham ajrim ko‘paydimi? Yo‘q, albatta. Quvonarli tomoni shundaki, hatto pandemiyaga qarshi kurash, karantin davrida ham hech bir oila davlat e’tiboridan chetda qolmayapti. Avvaldan oilasida nizo borlar munosabati karantin davrida avjiga chiqdi xolos. Janjallar – o‘zaro tushunmovchilik, tez asabiylashish, ko‘p kishili xonadonlarda xoli qolish uchun alohida joyning yetishmasligi, doimiy telefonga bog‘langanlik, ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish, ayrim erkaklarning uy ishlari hamda farzand tarbiyasiga yordamlashishni xohlamasligidan kelib chiqayotgani oydinlashyapti. Shuningdek, karantin davrida oldindan uy ishlariga uquvi yo‘qlarning aybi fosh bo‘lyapti: ro‘zg‘or tutish, ovqat tayyorlash, kiyim-kechakka e’tibor, tozalik va hokazolar.

O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, nikohdan ajratish masalalari yuzasidan elektron tartibdagi da’vo arizalari bugungi kunda ham qabul qilinmoqda. Lekin ularni ko‘rib chiqish va sud jarayoni karantindan keyin amalga oshiriladi. Biroq biz oila muqaddas qo‘rg‘on ekanini unutmasligimiz, uni saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solishimiz shart!

Barchasi isbotlangan haqiqat

Dildora Karimova, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori:

— Bilamizki, har bir inson ezgu niyatlar bilan oila quradi. Lekin bu qo‘rg‘on faqat yaxshi niyatlar bilangina mustahkam bo‘lib qolmaydi, bunda odamdan o‘ziga xos poydevor, tayyorgarlik, bilim va ko‘nikma talab etiladi.

Xorij ma’lumotlarini kuzatadigan bo‘lsak, karantin davrida oilaviy nizolar bo‘yicha shikoyat arizalari nisbatan uch marotaba ko‘paygan. Hatto, epidemiyaga aylangan ajralishlarni ta’riflash uchun «Covidivorces», ya’ni «Kovidajralish» va bolalarning qonuniy manfaatlarini ifodalovchi «Coronababies» — «Koronachaqaloqlar» norasmiy atamalar ham kelib chiqdi. Demak, masala jiddiy!! Bizda ham o‘zaro oilaviy munosabatlarda muammo va kamchiliklar uchrab turadi... Biroq aynan karantin sabab ular soni kun sayin ortib boryapti, degan nuqtai nazar noto‘g‘ri. Aksincha, ushbu sinovli kunlar oilalar, mahallalarda noyoblashib qolgan mehr-oqibatni qaytardi. Hamjihatlik, o‘zaro daxldorlik hissi ortdi. Quvonarlisi, oilalarimizni turli salbiy holatlar, o‘zaro kelishmovchiliklar tark etib, ajrim yoqasida turgan oilalar ham yarashib, hatto mahallalarda hamjihatlik, halovat muhiti qaror topdi.

2020 yilning aprel oyida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan «Karantin davrida oilalardagi munosabatlar va ehtiyojlarni baholash» mavzusida tezkor onlayn so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda respublikaning barcha hududlaridan jami 468 nafar respondent qatnashdi. Tezkor-so‘rov natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, bir necha hafta mobaynida barcha oila a’zolarining bir joyda vaqt o‘tkazgani o‘zaro munosabatlarga aks ta’sir ko‘rsatmay, ijobiylikka xizmat qilgan. Xususan, respondentlarning 42 foizi oilaviy munosabatlardagi o‘zgarishlarga to‘xtalar ekan, aksariyati o‘zaro munosabatlari yanada mustahkamlangani, oila a’zolari ko‘proq muloqotda bo‘lish imkoniyati tufayli bir-biriga nisbatan e’tibor va g‘amxo‘rligi oshganini, farzand tarbiyasi va uy yumushlarini bajarishda hamjihatlik kuchayganini ta’kidlashdi.

Psixologlar ta’kidlashicha, eng sevimli va eng yaqin kishilari bilan bir necha hafta yoki oy birga qolish turli stress holatlarini keltirib chiqarmay qolmaydi. Bu barcha uchun odatiy holdir. So‘rovnomada qatnashgan respondentlarning 33 foizi ba’zida mojarolar kelib chiqib turdi, deyishsa, 2 foizi oilada tez-tez kelib chiqadigan janjallardan xavotirga tushishgan.

Oilaviy mojarolar sababi o‘rganilganida esa odatdagi turmush tarzining o‘zgarishi va o‘zaro tushunmovchilik (37%), moddiy yetishmovchilik (30%), maishiy muammolar (10%), spirtli ichimliklar qabuli (3%)dan iborat bo‘lgani aniqlandi.

Mojarolarni hal etish maqsadida o‘tkazilgan so‘rov natijalari esa oilalarning 30 foizi moliyaviy yordamga, 9 foizi psixologik va 7 foizi huquqiy maslahatga muhtojligini ko‘rsatdi. Umuman olganda, shuni aytish mumkinki, O‘zbekistonda oilalarning karantin davridagi hissiy (emotsional) holati yaxshi va barqaror, degan xulosaga kelish mumkin.

Kamola Ahmedova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring