«Kanselyariya jihozlarini yangilashga ehtiyoj bor» — Vazirlik tilla ruchkalar yuzasidan bayonot berdi
Bugun Mudofaa vazirligi tomonidan xarid qilinishi rejalashtirilgan ruchkalarga oid xabar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Vazirlikning axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti mazkur masala yuzasidan tushuntirish berdi.
«Ma’lumki, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar o‘rtasida harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlik rivojlanib, aloqalar tobora kengayib bormoqda. O‘z o‘rnida, ushbu hamkorlik asosini mustahkamlash borasida bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar imzolanyapti.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va xorijiy davlatlar mudofaa idoralari bilan o‘zaro hamkorlik bitimlari haqidagi muhim hujjatlarni imzolash rasmiy tadbirlarida foydalanib kelingan kanselyariya jihozlarini yangilashga ehtiyoj paydo bo‘lgan va ularning foydalanish muddati yakuniga yetmoqda.
Shu bois kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokidagi xorijlik hamkorlar bilan amalga oshiriladigan protokol tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish va Mudofaa vazirligi nufuzini saqlash maqsadida istiqbolda xalqaro miqyosdagi taniqli firmalarning kanselyariya ashyolaridan foydalanish rejalashtirilgan», — deyiladi bayonotda.
Ushbu mahsulot vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan xarid qilinishi ko‘zda tutilgani ta’kidlangan.
Qo‘shimcha ma’lumot sifatida: bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism, muassasa va bo‘linmalar qoshida xo‘jalik hisobida faoliyat yurituvchi ishlab chiqarish korxonalari hamda yordamchi xo‘jaliklar (issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, ekin maydonlari) mavjud bo‘lib, ular vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘larini shakllantiradigan asosiy manbalar hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter