Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kambag‘al odam qurbonlik qilsa, go‘shtini o‘zi yesa bo‘ladimi?

Kambag‘al odam qurbonlik qilsa, go‘shtini o‘zi yesa bo‘ladimi?

Foto: Xabar.uz

Yaqinda bir gap eshitib qoldim. Kambag‘al odam qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa yoki boqayotgan qo‘ylaridan birini qurbonlikka so‘yaman desa, nazr qilgan bo‘lib qolar ekan va uning go‘shtidan o‘zi yesa bo‘lmas ekan. Haqiqatda ham shundaymi?

Ushbu savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi javob berdi.

«Qurbonlik go‘shtini barcha insonlar tanovul qilishi mumkin. U qurbonlik egasi bo‘ladimi yoki boshqasi bo‘ladimi, boy bo‘ladimi yoki kambag‘al bo‘ladimi, nazr qilgan bo‘ladimi yoki nazr qilmasdan so‘ygan bo‘ladimi, bozordan sotib olib qurbonlik qilganmi yoki uyidagi qo‘ylaridan so‘yganmi farqi yo‘q.

Shuni yaxshi bilish lozimki, qurbonlik qilish kambag‘allarga vojib emas. Balki zakot nisobiga ega bo‘lgan insonlarga vojibdir. Ammo kambag‘al kishi qurbonlik uchun bir jonliqni sotib olsa, unga aynan o‘sha jonliqning o‘zini qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Zero kambag‘al insonning qurbonlik uchun jonliq sotib olishi o‘sha jonliqni qurbonlik uchun nazr qilish hisobiga o‘tadi. Ammo, o‘zi boqayotgan hayvonlardan birini qurbonlik uchun atab niyat qilsa, bu nazr hisoblanmaydi va ushbu holatda kambag‘al kishiga qurbonlik qilish vojib bo‘lib qolmaydi, balki qilsa savobga ega bo‘ladi. 

Ammo uning go‘shtini yeyishga kelsak, bu borada «Badoi’us sanoi’» kitobida quyidagicha zikr qilingan:

«Qurbonlikning egasi o‘zi qilgan qurbonligidan yeyishi joizdir. Chunki Alloh taolo o‘z kalomida «Qurbonliklaringizdan yeyaveringiz» deb mutlaq aytgan. Zero, qurbonlikning egasi ham ushbu kunlarda xuddi boshqalar kabi Alloh taoloning mehmonidir. Shuning uchun unga ham Alloh taoloning ziyofati bo‘lmish qurbonlikdan yeyishi joizdir.

Bu masaladagi xulosa quyidagichadir. Jonliqlar uch turga bo‘linadi:

  1. Barcha ulamolar itttifoqiga ko‘ra egasi yeyishi joiz bo‘lgan jonliqlar.
  2. Barcha ulamolar ittifoqiga ko‘ra egasi yeyishi joiz bo‘lmagan jonliqlar.
  3. Egasining tanovul qilishi joizligida ixtilof yuzaga kelgan jonliqlar.

Birinchi turdagi jonliqqa qurbonlik go‘shti kiradi. Uning vojib yoki nafl, nazr bilan vojib bo‘lgani yoki shundoq o‘zi vojib bo‘lganining farqi yo‘q.

Ikkinchi turdagi jonliqlarga hajdan to‘silib qolganda so‘yiladigan jonliq. Ehromda bo‘lgan holda qilingan jinoyatlar, masalan soch oldirish, tikilgan kiyimni kiyish va shu kabi jinoyatlar uchun so‘yiladigan jonliqlar va so‘yishga nazr qilingan jonliqlarning go‘shtlari kiradi.

Uchinchi turdagi jonliqlarga tamattu’ va qiron kabi haj turlarini qilgani uchun so‘yiladigan jonliqlar. Bizning mazhabimizda egasi bulardan yeyishi joizdir. Shofe’iylarda esa joiz emas.

Demak, qurbonlik qilish uchun jonliq sotib olgan kambag‘al kishining qurbonligi birinchi tur jonliqqa kiradi. Ya’ni u so‘ygan qurbonligining go‘shtidan o‘zi ham, boylar ham yeya oladi», deyiladi Fatvo markazi ma’lumotida.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring