Kadastr pasporti uchun qancha pul to‘lanadi?
Aksariyatimiz oldi-sotdi va boshqa sabablar tufayli kadastr pasportini tayyorlash va ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish masalasiga to‘qnash kelganmiz.
Xo‘sh ushbu xizmatlar uchun qancha pul to‘lanadi?
Kadastr agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati vakili Sh.Primqulovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur xizmatlarning narxi Vazirlar Mahkamasining «Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 186-son qarori bilan belgilab qo‘yilgan.
Xususan unga ko‘ra kadastr pasportini tayyorlash va ko‘chmas mulk ob’yektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari narxlari quyidagicha belgilangan:
1) Ko‘chmas mulk ob’yektlarining turar-joy fondiga oid qismiga kadastr pasportini tayyorlash va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish
- Ko‘p kvartirali uydagi kvartiralarga 3 ish kuni mobaynida — ob’yektning 1 kv. m. uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,15 foizi, ya’ni 3450 so‘m;
- Yakka tartibdagi turar joylarga 5 ish kuni mobaynida — ob’yektning 1 kv.m. uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,15 foizi, ya’ni 3450 so‘m;
2) Ko‘chmas mulk ob’yektlarining noturar bino va inshootlarga oid qismiga kadastr pasportini tayyorlash va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish
- Umumiy maydoni 100 kv.m.gacha bo‘lgan ko‘chmas mulklarga 5 ish kuni moboynida — Bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 300 000 so‘m;
- Umumiy maydoni 100 kv.m.dan 1000 kv.m.gacha bo‘lgan mulklarga 7 ish kuni mobaynida—ob’yektning 1 kv.m. uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,15 foizi, ya’ni 3450 so‘mdan;
- Umumiy maydoni 1000 kv.m.dan 5000 kv.m.gacha bo‘lgan mulklarga 10 ish kuni mobaynida —Bazaviy hisoblash miqdorining 17,25 baravari (hozirgi kunda 5 175 000 so‘m);
- Umumiy maydoni 5000 kv.m.dan 15000 kv.m.gacha bo‘lgan mulklarga 15 ish kuni mobaynida — Bazaviy hisoblash miqdorining 34,5 baravari (hozirgi kunda 10 350 000 so‘m);
- Umumiy maydoni 15000 kv.m.dan 50000 kv.m.gacha bo‘lgan mulklarga 20 ish kuni mobaynida — Bazaviy hisoblash miqdorining 57,5 baravari (hozirgi kunda 17 250 000 so‘m);
- Umumiy maydoni 50000 kv.m.dan ortiq bo‘lgan mulklarga 25 ish kuni mobaynida — Bazaviy hisoblash miqdorining 80,5 baravari (hozirgi kunda 24 150 000 so‘m).
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi davlat xizmatlari narxi xizmatlar umumiy qiymatining 50 foizini to‘laydi.
Masalan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi o‘zining nomidagi turar joy uchun kadastr pasporti shakllantirish uchun 300 000 so‘m hisoblangan taqdirda, ushbu summaning 50% miqdorida, ya’ni 150 000 ming so‘m undiriladi.
Shuning bilan bir qatorda quyidagi hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi:
- ko‘chmas mulk ob’yekti bo‘yicha birlamchi kadastr yig‘majildi (pasporti) mavjud bo‘lib, begonalashtirilganda yoki ob’yektda o‘zgarishlar (rekonstruksiya, qo‘shimcha va alohida qurilish) mavjud bo‘lmaganda;
- ko‘chmas mulk ob’yektining bir qismi begonalashtirilganda ob’yektning qolgan qismiga yoki rekonstruksiyasiz toifasi o‘zgarganda;
- kadastr yig‘majildi (pasporti) yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda).
Ushbu holatlarda kadastr pasporti 3 ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.
Qog‘oz shaklidagi kadastr pasporti Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.
YaIDXP orqali murojaat etilganda, to‘lov qiymati summasining 90 foizi undiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter