Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jurnalistman demaysizmi, og‘a, sizdan pul olarmidik?»

«Jurnalistman demaysizmi, og‘a, sizdan pul olarmidik?»

O‘tgan yakshanba kuni Hazorasp tumanidagi mol bozorida tanish va g‘alati manzaraning guvohi bo‘ldim. Shundoq darvoza oldida qoqshol bir tanani yetaklab chiqayotgan otaxonning oldini bozor ma’muriyatining «uchar» yigitlari to‘sishdi.

- Otes, 40 000 so‘m to‘lab chiqasiz!

- Hov, ulim, nechun, nimaga to‘lashim kerak? – hayron bo‘lib so‘radi otaxon.

- Chek puli shunday! – bezraygancha javob berdi ikkinchi yigit jo‘rasiga «hassakashlik» qilib.

- Axir men mol sotganim yo‘q, balki sotib oldim. Chek pulini mol sotgan odam to‘lamaydimi? – dedi ajablangan chol.

- Yo‘q, bizda mol sotib olib, bozordan chiqayotgan odam pul to‘laydi, – dedi baravariga yigitlar.

Keksa boboning peshonasidan ter chiqib ketdi. Cho‘girmasini dast qo‘liga olgancha choponining yenglari bilan manglay terlarini artdi va yalingannamo ohangda dedi:

- Ulim, bu tiriqi sigirni 4 million so‘mga oldim. Yonimda bor-yo‘g‘i 20 000 so‘m qolibdi. Ma, shunga rozi bo‘lgin-da, o‘tkazib yubora qol!

Yigitlarning battar ensasi qotdi. Nuroniyning yalingani ular ko‘nglini zig‘ircha ham eritolmadi. Davroza oldida adi-badi boshlandi...

Voqeani bir chekkada saqich chaynagancha kuzatib turgan Hazorasp mol bozori rahbari To‘ti O‘rozmetova gapga aralashdi: «Bollar, davay, cholning qo‘lidan molni olib ichkariga boylanglar! Qachon pul topib, chek pulini to‘lasa, o‘shanda opketadi!».

Yigitlar arqonni boboyning qo‘lidan yulqib olgancha, jonivorni ichkariga yetakladi. Otaxon zor yalingancha ularning yo‘lini to‘sdi. Yoshlarning beadabligini ko‘rib chidolmagan boshqalar aralasha boshladi. Kimdir so‘kingancha darvozabonlarning qo‘liga 10 000 so‘m pul tutqazdi: «Ma, ol, kamiga yetar? Otang tengi odamni qiynashni bas qil!».

- Yana 10 ming! Bir bosh sigirga 40 000 so‘m chek olamiz, - dedi To‘ti O‘rozmetova.

- To‘rt nafar bolasi bilan tul qolgan qo‘shni kelin tejab-qimtib yiqqan puliga sigir obering degan edi, jonivorning egasi o‘shalar. Shu bechoralar uchun 30 000 so‘mga rozi bo‘l, - dedi otaxon lablari titrab.

Otaning gaplaridan ko‘ziga jiqqa yosh to‘lgan haligi jo‘mard odam yigitlarga yana 10 000 so‘mni shartta uzatdi...

... Bir necha yil avval o‘zim ham shu otaxon ahvoliga tushganimni esladim.

O‘shanda viloyatimizda barpo qilinayotgan muhtasham jome’ masjidi qurilishida ishtirok qilayotgan hasharchilarga ehson oshi berish niyatida qo‘chqor sotib olgandik. Darvozadan chiqar payt bir ayol kelib shartta yo‘l to‘sdi: «Chekning pulini to‘lab ket!».

Men unga odatda bozorlarda xaridor emas, balki biror mahsulot yoki jonivorni sotgan odam pul to‘lashini tushuntirmoqchi bo‘ldim. Ayol esa shang‘illagancha qo‘chqorning arqoniga yopishdi. Tushlikda hasharchilarga ehson oshi berilishini o‘ylab, shosha-pishgancha kissamni kovlashtirsam, bor-yo‘g‘i 8 000 so‘m pul chiqdi.

Pulni qo‘limdan yulib olarkan: «Yana 2000 so‘m berasan! Bo‘lmasa, qo‘chqorni olib bo‘psan!» dedi haligi ayol.

Bu qo‘chqor hasharchilarga ehson uchun olib ketilayotganini aytgandim bu ayol sansirashdan sizlashga o‘tdi va... ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan shart qo‘ydi: «Og‘a, yaxshi, ehsonga deganingiz uchun qo‘chqorni berib yuboraman. Lekin «Shu yoshgacha qilgan ezgu ishlarim va shu qo‘chqor ehsonining savoblarini senga baxshida qildim», deb ketasiz!».

O-la!

Muammo 2000 so‘mda ham emas. Savob ishlarni boshqa birovga baxshida qilish nechog‘lik shariatimizda to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilmaganim uchun emas, balki bu ayolning insofsizligidan qattiq jahlim chiqdi. Hazoraspdagi hamkasblarimga sim qoqib, voqea bayon qildim. «Mol bozor taniqli odamning jiyaniga tegishli. Unga gap tushuntirib o‘tirish chikora», deyishdi mahalliy jurnalistlardan biri.

E-ha, gap bu yoqda ekan-da. Mana, ayolning dadilligi «quvvati» qayerda?!

Qasdma-qasdiga pul to‘lamadim. «Savobtalab» ayol esa ehsonga atalgan qo‘chqorni baribir olib qoldi!

Ertasiga Hazorasp tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qildim. Mol bozori xo‘jayini o‘sha ayol – To‘ti O‘rozmetova ekanini u mahkamaga chaqirilgach bildim.

Turgan gap, tuman prokuraturasida ayol boshqacha ohangda so‘zlashga o‘tdi: «Axir, og‘ajon, jurnalistman deb o‘zingizni tanishtirmaysizmi? Aytganingizda, biz sizdan pul so‘rarmidik?».

Xullas, tuman prokuraturasiga qilgan murojaatimdan so‘nggina To‘ti O‘rozmetova sotib olingan qo‘chqorni beradigan bo‘ldi. Men esa uni mol bozoridan emas, balki uning onasining uyidan borib olib ketdim...

Ajablanarlisi shuki, o‘shanda tuman prokuraturasi xodimlari T.O‘rozmetovaga chek undirish tartibini me’yoriy qoidalarga mos tarzda tushuntirgan bo‘lishsa-da, oradan yillar o‘tsa ham hech o‘zgarish yuz bermabdi. Hazorasp mol bozorida o‘sha-o‘sha holat: mol sotib olgan odam chek uchun pul to‘laydi.

Xorazm viloyatining ko‘pgina mol bozorlaridagi ahvol bilan qiziqib, surishtiruvlar olib borganimizda aksariyatida chek uchun pul undiruv tartibi risoladagiday ekanining guvohi bo‘ldik. Qo‘shko‘pir, Xonqa, Xiva, Urganch tumanlaridagi bozorlarda molni sotishga olib kelayotgan fuqaro darvozadan kirayotganda jonivorning o‘rtacha og‘irligi yoki yoshiga qarab pul to‘laydi. Faqatgina Bog‘ot tumani mol bozorida bir yildan buyon «To‘ti O‘rozmetovaning uslubi» qo‘llanayotgan ekan. Ilgari Bog‘otda boshqa tuman mol bozorlaridagidek tartib mavjud edi. Hozir esa... sababini bilolmadik.

Joiz bo‘lsa, «Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi» degan iborani isbot talab qilinmaydigan haqiqatga zid tartib-qoidalar yaratayotgan mol bozorlari ma’muriyatiga nisbatan ishlatish mumkin. Negaki, million-million so‘mga mol sotib olgan fuqaro uni yetaklab bozordan chiqayotganida yana pul to‘lasa!.. Bu qaysi mantiqqa mos ekan? Axir azaldan bozorga chiqib, bir bog‘ piyoz sotgan odam ham o‘tirgan o‘rin uchun «tag joyi» degan undirmani to‘laydi-ku! Nahotki, shu oddiygina Hazorasp va Bog‘ot tumanlari mol bozorlariga tadbiq qilish mushkul bo‘lsa?!

Nima, qaysidir «katta»ga tegishli ekani aytiladigan joylarda alohida «tartib» joriy etiladimi?

Erpo‘lat BAXT

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring