Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistlik faoliyatga aralashuv: «Kun.uz» ijodiy jamoasi tazyiqqa uchradi

Jurnalistlik faoliyatga aralashuv: «Kun.uz» ijodiy jamoasi tazyiqqa uchradi

«Toshkent savdo markazi» bozori.

Foto: «Kun.uz»

28-mart kuni «Toshkent savdo markazi» (sobiq «Abu Saxiy» bozori) hududida «Kun.uz» jurnalisti, ijodiy guruh boshlig‘i Xurshid Daliyev, tahririyat yuristi Zafarbek Solijonov va tasvirchi xodimi Fazliddin Abduqodirov jurnalistik faoliyatini amalga oshirishda bozor ma’muriyati xodimlari tomonidan to‘sqinlikka uchradi, deb xabar bermoqda «Kun.uz» nashri.

Nashrning ma’lum qilishicha, bozor ma’muriyatining Rustam ismli xodimi «Kun.uz» tasvirchisidan kamerani tortib olib, kamera xotirasida mavjud barcha tasvirni o‘zboshimchalik bilan o‘chirib tashlagan. Shuningdek, xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan tahririyat xodimlarini majburiy ravishda bozor ma’muriyati binosiga kirishga undagan. Xizmat vazifasida bo‘lgan muxbirlar bozor ma’muriyatiga qarashli binoda jismoniy va ruhiy tazyiqlarga uchragan. Ushbu holatda bozor ma’muriyati xodimlari va muxbirlar o‘tirgan xonaga ichki ishlar xodimlari (hudud inspektori bo‘lishi mumkin) kirib kelib, vaziyatga hech qanday munosabat bildirmadi. Bundan tashqari, Tohir ismli shaxs muxbirlarni noqonuniy tintuvdan o‘tkazgan. 

Ta’kidlanishicha, ijodiy jamoa «Kun.uz» tahririyatiga kelib tushgan murojaatni batafsil o‘rganish uchun voqea joyi, ya’ni «Toshkent savdo markazi» bozor kompleksiga tashrif buyurgan.

Jurnalist Daliyevning aytishicha, kamera va diktofon xotirasidan o‘chirib tashlangan yozuvlarda tadbirkor bilan suhbat jarayoni yozib olingan bo‘lgan. Mazkur bozorning respublikadagi ijtimoiy va iqtisodiy o‘rni inobatga olinib, jamoatchilik nazorati hamda sof jurnalistik tamoyillarga asoslanib ish olib borayotgan muxbirlar ma’muriyat bilan suhbatlashishni ham rejalashtirgan.

Muxbirlarning aytishicha, bozor ma’muriyati savdo kompleksi xususiy mulk ekanligini ta’kidlab, bu hududda suratga olish mumkin emasligini bildirgan. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida «Kun.uz» «Toshbozorsavdo» uyushmasi vakili bilan telefon orqali suhbatlashgan, ammo uyushma xodimining ta’kidlashicha, «Toshkent savdo markazi» bozor kompleksi haqida uyushmada ma’lumot mavjud emas. Ayni paytda «Toshbozorsavdo» uyushmasiga davlat ulushi 51 foiz yoki undan ortiq bo‘lgan bozorlar a’zo sifatida qabul qilingan.

«Kun.uz» bunday tazyiqlarga qaramay o‘z faoliyatini sidqidildan bajarish yo‘lidan og‘ishmasligini,  xalqning dardiga quloq tutish, uning muammolarini ko‘tarib chiqish, bu bilan ularni hal qilish yo‘llarini izlashda davom ettirishini qayd etgan.

«Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida el-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, tamagirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlar haqiqiy jurnalist ekanini e’tirof qilgandi», — deyiladi «Kun.uz» xabarida.

«Xabar.uz» axborot tahliliy portali ijodiy jamoasi «Kun.uz» sayti xodimlariga nisbatan bu kabi harakatlarni keskin qoralaydi va hamkasblarimiz bilan bunday holatlarga qarshi kurash bo‘yicha hamjihatligini bildiradi. Zero demokratik jamiyat qurish yo‘lida qonuniy jurnalistik faoliyatni cheklash bilan aslo murosa qilib bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring