JSST transyog‘larni butunlay taqiqlashga chaqirdi
Sanoat yo‘li bilan ishlab chiqariladigan transyog‘lar hali-hanuz oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda keng qo‘llanilmoqda. Bu esa Yer yuzida yashovchi sakkiz milliarddan ziyod aholining beshdan bir qismi salomatligiga jiddiy xavf solyapti.
JSSTga ko‘ra, yiliga yarim million odamning yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida erta hayotdan ko‘z yumishiga aynan shunday zararli ingrediyentlar sabab bo‘lmoqda.
Shu bois Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarda 2021-yildan boshlab faqat 100 gramm yog‘ tarkibida 2 grammdan kam transyog‘lar bo‘lgan mahsulotlar savdosiga ruxsat berilgan.
Daniyada esa sanoat yo‘li bilan tayyorlanadigan transyog‘larga 20 yil oldin keskin cheklovlar joriy etilgan. Shu tufayli hozir ushbu davlatda yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish holatlari sezilarli darajada kamaygan.
«Transyog‘lar inson o‘limiga sabab bo‘luvchi zaharli moddalardir, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Shunday ekan, ularning iste’molini butunlay taqiqlash vaqti keldi. Bu borada hukumatlarni keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz».
Tahlillarga ko‘ra, transyog‘larni ko‘p iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli. U lipometabolik kasalliklar rivojlanish xavfini oshiradi. Bundan tashqari, yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, margarin, «fast-fud», yarim tayyor yeguliklar, non va non mahsulotlari, qandolatlar hamda qovurilgan kartoshka frisi tarkibida transyog‘lar ko‘p miqdorda uchraydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter