Jo‘ra bobo Yodgorov: «Meni yoshimga emas, bo‘yimga qarab frontga jo‘natishgan»
1944-yilning kuzi. Jo‘ra Yodgorov tengdoshlari bilan daladagi hosilni yig‘ib-terib olayotganida uzoqdan kolxoz raisi ko‘rindi. Ularning oldiga keldi-yu, to‘rt nafariga chaqiruv qog‘ozini tutqazdi.
Sovuq urushning shamoli har bir xonadon, har bir go‘shada kezib yurgan payt. Chiroqchining zabardast yigitlari qatori Jo‘ra aka ham yaqinlari, qishloqdoshlari bilan xayrlashib frontga otlandi. Yig‘ilganlar «oy borib, omon qayt» deya kuzatib qoldilar. Jo‘ra aka avval Qozog‘istonning Semey (Semipalatinsk) shahrida uch oylik tayyorgarlik mashqlarida qatnashdi. So‘ngra frontga jo‘natildi.
1945-yilda oyog‘idan yaralandi, sanitariya batalonida sog‘lig‘ini tikladi. Shu kezlarda unga qishloqdan maktub keldi. Unda «...er-yigitlar frontga otlanishgan. Dala ishlarini ayollar uddalashmoqda. Chiroqchining lalmi yerlarida yetishtirilgan hosil ancha mo‘l, qovun-tarvuzlar tilni yoradi. Saxiy yer saxovatini ayamayapti. Hamma bir-birlariga yordam qo‘lini cho‘zishgan. Bolalar ko‘zi yo‘lda, ular otalarini, onalar farzandlarini, hamma urushga ketgan yaqinlarini kutmoqda. Dushmanni tor-mor qilib, g‘alaba bilan qaytinglar» degan so‘zlar bitilgan edi.
Jo‘ra aka maktubni qayta-qayta o‘qidi. Qishlog‘idan frontga kelgan bu maktub unga kuch va ishonch bag‘ishladi. Axir uni yoshiga emas, bo‘yiga qarab frontga jo‘natishgan, hali g‘o‘r o‘spirin edi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan Chiroqchining qishloqlari, odamlari, yaqinlari birma-bir ko‘z o‘ngidan o‘tdi. Urushda g‘alaba qozonib, Reyxstag ustiga bayroq qadashni niyat qildi.
Qanchadan-qancha safdoshlari jarohat olgani, qo‘lsiz-oyoqsiz qolgani, qurbon bo‘lganlarini ko‘rib nafrati oshdi.
3-Belorussiya frontida bo‘lgan Jo‘ra Yodgorov hayot-mamot janglarida qatnashdi. Polsha, Chexoslovakiya, Germaniyadagi janglarda ishtirok etdi.
— Qishloqlar olov ichida qoldi, — deb xotirlaydi Jo‘ra bobo. — Bolalar nolasi, ayollar faryodi. Bir tomondan dushmanga hamla qilsak, bir tomondan boshpanasiz qolganlarga ko‘mak berdik. Dushman ayovsiz, shafqatsizlarcha hujum uyushtirar, yog‘ochdan qurilgan uylar bir zumda kulga aylanardi. Qanchadan-qancha inshootlar kunpayakun qilindi. Yo‘qotishlarning adog‘i yo‘q edi. Harbiylar uchun jamg‘arilgan oziq-ovqatlar, qurol-aslahalar, dori-darmonlar, texnikalar, maktablar, shifoxonalar, uylar, ko‘priklar o‘t-olov ichida qoldi. Zaxiralar tugab, bir necha kun och qoldik. O‘t-o‘lanlar bilan oziqlanib, bir burda qora nonni baham ko‘rdik. Boshsiz, tanasiz, chalajon qolgan quroldoshlarimiz ko‘p bo‘ldi. Ko‘rganlarimiz dushmanga qarshi ayovsiz kurashga chorlardi.
Jo‘ra Yodgorov g‘alabani Germaniyada qarshi oldi. Urush tugashi bilan ularning polki Gorkiy shahriga keldi. Urushdan so‘ng bu yerdagi avtozavodda ishladi va 1949-yilda qishlog‘iga qaytdi. Uylandi. O‘n farzandning otasi bo‘ldi. Dastlab kolxozda ishladi. 1966-yildan 1986-yilga qadar Chiroqchi pochta aloqa tarmog‘ida pochtalon bo‘lib ishladi. O‘zining Jiyron laqabli oti bilan xat-xabar va boshqa jo‘natmalarni, gazeta-jurnallarni egalariga yetkazdi.
— 2005-yilda Moskva shahrida Aloqa sohasidagi hududiy hamdo‘stlik tashkiloti Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 60 yilligi munosabati bilan urushda qatnashgan hamda aloqa sohasida mehnat qilgan veteranlar bilan uchrashuv tashkil etdi, — deydi Jo‘ra bobo. — Hamdo‘stlik mamlakatlaridan borganlar orasida O‘zbekistondan to‘rt kishi edik. Moskvada halok bo‘lgan quroldoshlarimiz xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik majmualarida bo‘ldik. Katta akademik teatrda konsert namoyish etildi. Men bilan 664-o‘qchi gvardiyachi polkda xizmat qilgan moldovalik safdoshim Nikolay Kalmikov bilan tasodifiy uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldim.
Jo‘ra bobo bugun 95 yoshini qarshilamoqda. Farzandlari turli soha mutaxassislari bo‘lib yetishgan. Nabira va chevaralari esa Jo‘ra boboni uylarining fayzi deb bilib, boboning tashrifini orziqib kutadilar.
Jo‘ra bobo nafaqat oilada, balki mahallada ham alohida e’tiborga sazovor. Davralar u kishi bilan yanada fayzli. Ko‘ksi to‘la orden va medal.
1994-yilning 6-mayida O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra «Jasorat» medali bilan, 2005-yil 6-aprelda «1941 — 1945-yillardagi Ulug‘ vatan urushidagi g‘alabaning 60 yilligi» yubiley medali bilan taqdirlandi.
Bugun ozod yurtda to‘kin-sochin hayot kechirayotgan har bir fuqaro tinchlikning qadrini urush ko‘rganlar bilan suhbatda yana bir bor anglaydi.
Kuni kecha «O‘zbekiston pochtasi» AJ Qashqadaryo filiali rahbariyati va jamoaning bir guruh vakillari Jo‘ra boboning xonadonida bo‘lishdi. Boboga esdalik sovg‘alari va pul mukofotlarini topshirishdi.
Aftondil Ismoilov, «Xabar» gazetasi muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter