Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jazoni ijro etishiga qadar talaba bo‘lgan shaxslar o‘qishni davom ettirishi va diplomini olishi mumkin

Jazoni ijro etishiga qadar talaba bo‘lgan shaxslar o‘qishni davom ettirishi va diplomini olishi mumkin

«Yoshlar press-klubi»ning navbatdagi sessiyasida ichki ishlar organlari jazoni ijro etish tizimi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Sessiyada ta’kidlanishicha, jazoni ijro etish koloniyalari va tergov hibsxonalarida barcha zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan advokat va tergovchilar uchun 69 ta alohida xonalar tashkil etilgan. Tergov jarayoni va saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlash hamda qiynoq va jismoniy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 2 ming 989 ta zamonaviy videokuzatuv moslamasi o‘rnatilgan.

Mahkumlarning murojaatlari, mavjud muammolarini o‘rganish va ularni ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi tomonidan sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda. Barcha jazoni ijro etish koloniyalarida Ombudsmanga, prokurorga, ariza va shikoyatlarga mo‘ljallangan alohida qutilar mavjud.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan koloniya yopilib, u yerda saqlanayotgan 395 nafar mahkum sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq boshqa koloniyalarga o‘tkazildi. Yopiq turdagi koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarning telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuvlar olishi soni ikki barobarga ko‘paytirildi. Mahkumlarga ilk marotaba saylov huquqi taqdim etildi. Mahhkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug‘urta ajratilmasligi belgilanib, pensiya ta’minotiga ega bo‘lishi ta’minlandi.

Qonunchilikka ko‘ra, mahkumlar haftasiga 40 soat ishga jalb yetiladi. 2020 yilning 1 fevralidan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 679 ming 330 so‘m etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, mahkumlarga har bir ish kuni uchun 26 ming 815 so‘mdan ish haqi to‘lanmoqda. Buning natijasida mehnat qilayotgan mahkumlarning oylik ish haqi o‘rtacha 1 milliondan 1,5 million so‘mgacha yetkazildi.

Hozirga qadar «Usta-shogird» maktabini tugatgan 272 nafar mahkumga egallagan mutaxassisligi bo‘yicha sertifikatlar berilgan.

Tizim muassasalarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Buxoro viloyati, Qashqadaryo viloyati, Navoiy viloyati hamda Namangan viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalariga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash choralari ko‘rildi.

Shu bilan birga yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olish mahkum va mahkuma yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yoshlar markazi tomonidan 2019 yilning 1fevralida 350 nafar jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar uchun Respublikamizdagi JIYeMda turli kasb-hunar o‘rgatuvchi to‘garaklar tashkil yetilgan.

Respublikadagi jazoni ijro etish muassasalarida joriy yil davomida 26 turdagi fan, kasb-hunar, sport va chet tillari bo‘yicha to‘garaklar o‘tishni boshlash hamda shu orqali yil davomida 2000 nafarga yaqin jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarni qamrab olishga erishildi.

Jumladan, 2019-yilning fevral oyidan boshlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 24-sonli voyaga yetmaganlar tarbiya koloniyasida 8 ta yo‘nalishda fan va chet tillarini o‘rgatish bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 97 nafar voyaga yetmaganlar qamrab olindi.

Shuningdek, ochiq muloqotda 500 nafardan ortiq talaba jazoni ijro yetish muassasalarida o‘z qilmishiga yarasha qonunda belgilangan jazosini o‘tayotganligi aytib o‘tildi. Ularni masofadan turib o‘qitish bo‘yicha Ichki ishlar, Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamkorligida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Unda Jazoni ijro etishiga qadar talaba bo‘lgan shaxslar uchun onlayn tarzda ta’lim olishini davom ettirishi ko‘zda tutilmoqda. Mahkumlar zarur adabiyotlar bilan ta’minlanadi. Lekin tahsilni davom ettirgan mahkumlar bitiruv imtihonlarini jazo muddatini o‘tab bo‘lganidan so‘ng ta’lim olgan oliygohiga borib topshirib, diplomini olishi mumkin.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring