«Jaziramada yurib bo‘lmay qoldi»: Qashqadaryoda so‘lim shahar cho‘lga aylanish arafasida
Tashqarida naq kishini yiqitadigan issiq. Hamma ichkarida, soya-salqinda, konditsioner tagida jon saqlamoqda...
Shundoq vaqtda Kitob tumani bozoriga zarur yumush bilan otlanganlarning joniga to‘zim bersin. Boshni gangitadigan jaziramadan tashqari ancha-muncha muammolar kutib oladi ularni.
Birinchidan, tuman dehqon bozori oldidan saf tortgan azim chinorlar va boshqa salqin beruvchi daraxtlar ayamay kesib tashlandi. Daraxtlarni qurbon bo‘lishi uchun sabab ham tayyor: bozorning oldidagi yo‘l va avtoturargoh tirband bo‘ladi, yo‘lni kengaytirmoq darkor! Zap lozim va lobid ish, ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor.
Yildan yilga ekologik holat yomonlashib borayotgani sir emas. Aslida bizda har bir ko‘karib soya berayotgan daraxtni asrab, ko‘zga sursak ham kam. Shunday og‘ir sharoitda daraxtlarni ayamay qo‘porish nomaqbul ish ekani tuman hokimligi va ekologiya qo‘mitasi tuman bo‘limi xayoliga keltirmasa? Bir yilgina avval yashnab turgan yo‘l bo‘ylari betartib qurilish maydoniga aylanganini ko‘rmaslik va bilmaslik uchun mutasaddilar faqat befarq va o‘taketgan loqayd bo‘lmoqlari kerak.
Chinorlar yiqitilgan joyda ishlayotgan ishchilar bilan gaplashib ko‘rganimda, ular bozordan bir kilometr masofada yo‘l kengayishi rejasi tasdiqlanganini aytishdi. Demak bu bir kilometrgacha bo‘lgan masofada daraxtlarga qiron keladi degani. Siz suratda ko‘rib turgan yo‘lning ikki tarafidagi daraxtlar ham kesiladi degan mish-mishlar bor. Ammo yo‘l qurilishidagi ishchilar buni tasdiqlamadi. Demak, hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Havo harorati yildan yilga oshib bormoqda. Ekologik muammolar asosiy planga chiqdi. Mamlakat miqyosida tashabbus ko‘rsatilib, Orolqumga saksovul ekish kampaniyasi boshlandi. Mana shunday sharoitda hech bir daraxt shunchaki kesilib ketmasligi kerak.
Ikkinchi muammo. O‘tgan yili fevraldan buzilishi boshlangan va hamon bitishi «tuya go‘shti yeyayotgan» bozor masalasi. Bozorning avvalgi ko‘rinishi ham unchalik yomon emasdi. Yo‘ldagi tirbandlikni aytmasa.
Mana ikkinchi yildirki, bozorlik qilish uchun yozda chang, qishda loy kechib yuradi aholi. Bundan tashqari ayrim sotuvchilar hali bitmagan va moslashmagan joylarda savdo qilmoqdalar. Buzilgan va ag‘dar-to‘ntar joylar ham mashinalarga to‘la. Xullas, qo‘pol qilib aytganda, it egasini tanimaydi. Qurilish maydoni va savdo jarayoni aralashib ketgan.
Bozor qurish, uni obod qilish yaxshi tashabbus, ammo uning ortidan kelayotgan yuqoridagi noqulayliklar kishi dilini xira qiladi.
— Bozor oldidagi tayyor yo‘lni buzishdi. Hozir buzilgan yo‘l ochiq. Lekin bordyurlar olinmagan. Chorrahada hamma xohlagan tomoniga yuradi. Tartibga soladigan mard yo‘q, — deydi pedagog Jasurbek Usmonov. — Shu chorrahadan Samarqandga ketish yo‘lidagi 50 km/s belgisida radar qo‘yib turgan YPX xodimiga vaziyatni tushuntirdim. Menga «ishing nima» degandek muomala qildi. Shunda men «vazifangiz harakatni tartibga solib, xavfsizlikni ta’minlashmi yoki berkinib turib jarima solishmi?» dedim. Suratni ko‘rsatdim. Jo‘rttaga jeton raqamini ham eslatgandim, hushyor tortdi. «Aytamiz, qarashadi, tartibga solamiz» dedi. Lekin ishonmadim. Endi ertaga ertalabki vaziyatni kutamiz. Qani nima bo‘larkin?
Bozor atrofini tartibga soladigan, odamlarni noqulay holatlardan qutqaradigan tashabbuskor bormi? Yana bir gap: ikki yil avval buzilgan bozor bitmay turib, yana daraxtlarni kesib, yo‘l kengaytirishdan muddao ne? Axir birinchi rejani amalga oshirib, ikkinchisini amalga oshirish maqbul emasmi?
Ismini e’lon qilmaslikni so‘ragan kitoblik rasmiyning aytishicha, shahardagi qurilishlar tuman budjetidan amalga oshirilmoqda. Qachonki tumanga mo‘may pul tushsa, ishlar olg‘a siljishi mumkin. Ungacha aholi chang yutib yuraveradi...
Mana bu suratdagi go‘zal chinorlar esa hali kesilmagan, shaharga ko‘rk va salqinlik berib turibdi. Ammo ular ham kesiladi degan xavotir bor. Qaqshatqich qurilish maydoni tobora ular tomon yaqinlashib kelmoqda...
Kitob tumani Qashqadaryo viloyatidagi eng iqlimi mo‘’tadil joylardan. Tumanda ekologik turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyat bor. Shunday so‘lim mintaqada taqir markazni ko‘rib, afsus qilmaydiganlar bo‘lmasa kerak.
So‘zimiz oxirida tuman hokimligi va ekologiya bo‘limiga murojaat qilishni istadik: bu yurt obodligidan barchamiz manfaatdormiz, kelajak uchun javobgarmiz. Obodonchilik yaxshi tashabbus, ammo u o‘zidan tuzalmas yaralar qoldirmasligi kerak. Men barcha bunyodkorlik ishlarini daraxt kesmay va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda amalga oshirishni taklif etaman. Agar tabiatga muomalamiz o‘zgarmasa, «yiqilish» navbati bizga kelishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter