Japarov «Kampirobod»dan Farg‘onaga suv keltirish loyihasiga munosabat bildirdi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy shirkati «Kampirobod» suv omboridan Farg‘ona shahriga ichimlik suv tortish loyihasini boshlamoqchi ekani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.
Bu masalada «Kabar» agentligiga qisqa intervyu bergan Qirg‘iziston rahbari «Azattiq» radiosini qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida nizo uyg‘otishga urinishda ayblagan.
Qayd etilishicha, «Azattiq» e’lon qilgan materialda «Kampirobod» suv ombori Qirg‘izistonga tegishli bo‘lgani aytilgan. S.Japarovni esa bu da’voni rad etgan.
«Kampirobod» suv ombori har doim O‘zbekiston nazoratida bo‘lgan va inshootni 100 foiz ular boshqargan. O‘tgan yili chegara masalasi qatorida suv ombori masalasini ham hal qildik. Kelishuvga ko‘ra, endilikda suv ombori 50/50 tamoyili asosida idora etiladi. Ayni paytda suv omborini birgalikda boshqarmoqdamiz. U yerda bizning vakillarimiz ham faoliyat yuritmoqda. Kelgusida ham shunday bo‘ladi. Qirg‘iz tomoni «Kampirobod» suvining 10 foizidan foydalanadi. Suvning qolgan qismi 100 yil mobaynida O‘zbekiston tomonga oqmoqda. Yana 100 yil oqajak», – deydi S.Japarov.
Siyosatchi O‘zbekiston bilan suv omborini teng boshqaruvga kelishilganini katta natija deb atar ekan, endilikda toshqin xavfi oldi olingani, shu bilan birga, Jalolobod viloyatidagi bir qator qishloqlarga ekin sug‘orish uchun suv olinayotganini ta’kidlagan.
«Endi eng asosiy masalaga to‘xtalsam. O‘zbek tomoni shundoq ham O‘zbekistonga oqayotgan suvni qay usulda olishining bizga farqi bormi? Quvur orqalimi, ariq yoki havodanmi – ahamiyati yo‘q. Muhimi, har bir harakat o‘zaro kelishib olinishi kerak. Bundan buyon qirg‘iz–o‘zbek do‘stligi mustahkam bo‘ladi. Do‘stlik rishtalarimizni Xudodan boshqa hech kim uza olmaydi. Shu bois ham Yaratgan Egamdan hamisha tinch yashashimizni so‘rashimiz kerak», – deya xulosa qiladi u.
Qirg‘iziston prezidenti ikki xalq birodarligiga qarshi qaratilgan fitnalardan ogoh bo‘lishga undagan.
Eslatib o‘tamiz, S.Japarov o‘tgan yili ham mahalliy jamoatchilikning noroziligiga javoban «Kampirobod» to‘g‘oni O‘zbekiston tomonidan qurilganini aytib o‘tgan edi.
Avval xabar berganimizdek, Xitoyning «Sinomash» xoldingi «Kampirobod»dan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suv tortish loyihasini boshlamoqda. Bu borada Xitoy moliya muassasalaridan ko‘p million dollarli kredit jalb etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter