Jaloliddin Manguberdining qabrini ko‘chirishdan kimga naf?
Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda Jaloliddin Manguberdining qabrini Xorazmga olib kelish haqidagi ovozalar tarqaldi. Bu mavzuga, ayniqsa, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyat bo‘limi mutasaddilari tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda urg‘u berilmoqda. Bu masala yuzasida aholi o‘rtasida turli xil fikr-mulohazalar aytilyapti.
Xo‘sh, Jaloliddin Manguberdi qabri qayerda?
Agar u mavjud bo‘lsa, sarkarda jasadini Xorazmga ko‘chirib olib kelish nechog‘liq mantiqan to‘g‘ri? Bu savollarga milliy va e’tiqodiy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan yondoshgan holda javob berish o‘rinli.
Avvalo, tarixdan ma’lumki, olis o‘tmishda buyuk sarkarda va podishohlarning dafn qilingan joyi sir saqlangan. Chunki alamzada dushman o‘lgan raqibining jasadini xo‘rlash orqali uning vorislari sha’nini tahqirlashi mumkin bo‘lgan. Jo‘chixon Muhammad Xorazmshoh jasadini ne ko‘ylarga solgani haqida tarixnavis Vasiliy Yan batafsil yozib qoldirgan. Chingizxonning o‘g‘illari ham otasi vafot etgach, uning dafn etilgan joyini sir tutadi.
Jaloliddin Manguberdi va uning hayoti haqida eng ishonchli ma’lumotlar Shihobiddin Muhammad An-Nasaviyning «Sirat as-sulton Jaloliddin Mankburni» asaridir. Bu asar muallifi Jaloliddinning munshiysi va shaxsiy kotibi bo‘lib, ko‘pgina voqealarga o‘zi guvoh bo‘lgan va unda bevosita ishtirok etgan. Hatto, u Jaloliddinning so‘nggi damda mo‘g‘ullar qurshovidan qanday chiqib ketganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va uning o‘limi haqida aniq ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Shuningdek, ozarbayjonlik akademik Ziyo Bunyodov xorazmshoh-anshuteginlar tarixini chuqur tadqiq qilgan olim sanaladi. Uning «Xorazmshoh anushteginlar davlati tarixi» asari bu boradagi eng ishonli, ehtiroslardan holi to‘laqonli manba sanaladi.
Har ikkala muallif Jaloliddin Manguberdi shahid bo‘lgach, tunda dafn qilinib, qabri tekislab qo‘yilganini qayd etadi. «Sirat as-sulton Jaloliddin Mankburni» asari ilovasida shunday yozilgan: «Shihobiddin G‘oziy Xorazmshohning tog‘asi Uturxondan :«Haqiqatan ham o‘ldirilgan Jaloliddinmi?» deb so‘radi. U mayitning kimniki ekanini bildi va: «Ha, bu Jaloliddin», deb yig‘lab yubordi. Ular Sultonni tunda Mayaforiqin yaqiniga ko‘mishadi va uning qabrini mo‘g‘ullar Sulton xokini xo‘rlamasin degan maqsadda tekislatib yuborishadi»...
Mayaforiqin – Turkiyaning kurd millatiga mansub aholisi yashaydigan qishloq. Jaloliddin Manguberdi ana shu qishloq yaqinidagi hududga dafn qilingan. Hech bir asarda Mayaforiqin qishlog‘iga dafn qilindi, degan ma’lumot mavjud emas. «Mayaforiqin yaqiniga...» degan jumlaning o‘zi aniq bir hududni ko‘rsatishning iloji yo‘qligini anglatadi.
Ba’zi bir olimlarning keyingi tadqiqotlari Jaloliddin Manguberdining jasadi o‘z davrida Temur Malik tomonidan olib kelinib, Samarqand yaqinidagi Xatirchi tumaniga dafn qilingani ta’kidlanmoqda. Chunki bu yerdan topilgan qabr toshi shunday fikrlarni bildirishga turtki bo‘lyapti. «Xorazm yoshlari» gazetasining 2016 yil avgustdagi 8-sonida o‘lkashunos Komil Nurjonov qalamiga mansub «Jaloliddin Manguberdi qabri topildi» sarlavhali maqolasi va Samarqand Davlat universiteti o‘qituvchilari Murodxon Hoshimov va Mirvohid Daminovlarning «Sulton Jaloliddin qabr toshi» byulletenida ham mavzuga oid bahsli fikrlar ilgari suriladi.
1993 yilda Xorazm viloyat sobiq hokimi Marks Jumaniyozov dovyurak Xorazmshoh qabrini topish maqsadida taniqli olim va ijodkorlardan iborat delegatsiyani Turkiyaga ilmiy-qidiruv safariga yuborgan edi. Lekin mazkur delegatsiya biron bir natijaga erisholmay qaytib kelishdi.
Endilikda Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Bekzod Abdirimov ushbu nufuzli delegatsiya uddalolmagan ishni amalga oshirish tashabbusi bilan chiqqani turli fikr-mulohazalarga sabab bo‘lmoqda.
Aslida bu masalaga milliy va e’tiqodiy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan yondoshmoq zarur. Islom dinida qabr ko‘chirish degan narsaning o‘zi yo‘q. Qabr ko‘chirishdan tiriklar uchun ham, marhumlar uchun ham hech qanday manfaat yetmaydi. Qabr ko‘chirish bilan yosh avlod qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishning imkoni bo‘lganida edi, Eronning Hamadon shahrida qo‘nim topgan Ibn Sino, Afg‘onistonning Hirotida dafn qilingan Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Qobuldan Bobur Mirzo, G‘aznadagi Abu Rayhon Beruniy qabrlari yurtimizga olib kelingan bo‘lur edi. Tojiklar Hirotdan Abdurahmon Jomiyning qabrini, turkmanlar Eronning Hojigovshon qishlog‘idan Maxtumqulining, ozarbayjonlar Iroqdan Fuzuliyning qabrini o‘z yurtiga allaqachon ko‘chirishning uddasidan chiqqan bo‘lar edilar.
Avvalo, ma’naviy tarbiya ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va asarlarini mukammal o‘rganish, uqib, bahra olish orqaligina shakllanadi. Qabr ko‘chirish orqali yoshlarda faxr, iftixor tuyg‘ularini shakllantirishni maqsad qilishning o‘zi – Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda, pista po‘chog‘idan kema yasash bilan barobar.
Qolaversa, muqaddas dinimizda qabr ko‘chirish muhim aqidalardan biri bo‘lganida edi, ne-ne buyuk ulamolarning mayitini tashuvchi karvonlar safi uzilmas edi. Inchunun, marhumlar ruhi ularning qabrini zerikkanda borib, aylanib kelish bilan emas, balki bir kalima Qur’on o‘qib, bag‘ishlash bilangina taskin topadi. Qur’on o‘qib, o‘tganlarni yodlash uchun esa masofalar daxl qilmaydi. Biz o‘z uyimizda o‘tirib olis hududlarda so‘nggi qo‘nim topgan ajdodlarimiz ruhiga oyati karimalar tilovat qilishimiz uchun hech bir narsa to‘sqinlik qilmaydi.
Istardikki, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari B.Abdirimov e’tiborni jalb qilish uchun ma’naviy targ‘ibotning boshqa uslubidan foydalansa, ayni muddao bo‘lar edi.
Erpo‘lat Baxt,
jurnalist
Xorazm viloyati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter