Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim tadbirkorlarga yer ajratish masalasida murojaat qildi

Hokim tadbirkorlarga yer ajratish masalasida murojaat qildi

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning tadbirkorlarga murojaati e’lon qilindi.

Murojaatda 2021 yil iyun oyida prezidentning tarixiy farmoni qabul qilingani, unga ko‘ra yer uchastkalari faqat elektron onlayn-auksion orqali ajratilishi belgilangani, tuman (shahar) hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer maydoni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati bekor qilingani haqida aytiladi.

«Shunga qaramasdan, joylarda hanuzgacha yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalarni qurish, yengil qurilmalarni o‘rnatish, avtobus bekatlari o‘rnida hech bir ruxsatsiz savdo do‘konlarini qurish kabi salbiy holatlar ko‘plab uchramoqda. 

Ayniqsa, bunday qurilmalarning aholi yashash massivlari ichida, yo‘lning himoya hududlarida, katta bosim ostida bo‘lgan suv, gaz quvurlari o‘tkazilgan himoya hududlarida barpo etilishi holatlari aholi tinchligi va xavfsizligiga, tashqi muhandislik tarmoqlarini qisqa muddatlarda ta’mirlashga salbiy ta’sir qilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda o‘zining tanishlari orqali yer olib berishni va’da qilayotgan yoki turli soxta «qarorlarni» ko‘rsatib, kadastr hujjatini keyin hal qilib berishga ishontirib, yer sotib olishni taklif etayotgan shaxslar ko‘payib ketdi. Ularga ishonmang», deyiladi murojaatda.

Hokim o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerda qurilgan bino va inshootlarning mulk huquqi e’tirof etilmasligi, aksincha, ushbu yerni davlat zahirasiga qaytarish uchun qurilgan binolar hech qanday kompensatsiya to‘lanmasdan buzilishi hamda aybdor shaxslar jazoga tortilishi haqida ogohlantirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring