Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ismingizdan uyalasizmi?

Ismingizdan uyalasizmi?

Foto: «AiF»

Necha asrlar mobaynidan shakllanib, sayqal topib, turmush tarzimizga singib ketgan urf-odatlarimiz, an’analarimiz bilan bir qatorda, kundalik muloqotlarda tilga olinadigan ismlar ham avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan madaniy-ma’naviy merosimiz hisoblanadi. Negaki, ismlarda millatning yuzi, e’tiqodi, ma’naviy darajasi eks etib turadi.

Xalqimizda «Ism ham husn» degan naql bor. Oilada farzand dunyoga kelishi ota-onaga olam-olam quvonch bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, unga munosib ism tanlash o‘ta mas’uliyatli vazifa sanaladi. Odatda, katta hayotiy tajribaga ega bobo va momolarimizdan bu borada maslahat so‘raladi. Albatta, har bir ota-ona oilaning yangi a’zosiga ma’nodor, chiroyli ism qo‘yishga intiladi, unda ezgu orzu-umidlari, farzandiga bo‘lgan mehri-muhabbati o‘z aksini topishini istaydi.

Ming afsuski, oramizda ismi noqulayligidan, xato yozilganidan xijolat bo‘lib yuradiganlar ham oz emas. Ba’zi davlatlarda ism-familiyasining to‘g‘ri yozilishi va aytilishini talab qilish huquqi qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Masalan, inglizlar ism-familiyasini noto‘g‘ri aytgan odamni sudga berishga haqli. Biz esa noto‘g‘ri yozilgan ismlarga hech bir e’tirozsiz ko‘nikib ketaveramiz. Ayrim kishilarni haqiqiy ismi bilan chaqirsangiz, uyalmay «aniqlik» kiritadi: «Tohirxo‘ja emas, mening ismim – Taxirxodja» qabilida. Bunday kulgili holatlarning yuzaga kelishi esa dastavval tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani yozdirishda e’tiborsizlik, bunday idoralarda o‘zbek adabiy tilini yaxshi bilmaydigan xodimlar faoliyat ko‘rsatgani sabab bo‘lgan. Natijada, asl o‘zbekcha talaffuz qolib ketib, Dildora, Zulfiya, Batir tarzidagi ismlar «kashf» etilgan. Gulchehra, Gulandom, Gulbahor, Gulnora, Gulchiroy, Gulshan, Gulasal kabi ismlardagi o‘ziga xos ohang, o‘ziga xos joziba, ma’no nozikliklariga bir harfning noto‘g‘ri yozilishi tufayli putur yetkazilgan.

— Ba’zi korxona, tashkilot, muassasalarga bosh suqsangiz, eshiklariga katta-katta harflar bilan yozib qo‘yilgan antiqa ism-shariflarni o‘qib, hayratdan yoqa ushlaysiz, — deydi taniqli jurnalist To‘lqin Eshbek. — Bir idora eshigiga «Boshliq o‘rinbosari Taxtayeva Pasha Yakovlevna», deb yozib qo‘yilibdi. Ichkaridan bug‘doyrang, qora ko‘z, sochlari ham tim qora bir juvon chiqib, meni qarshi oldi. Tanishdik. O‘zbek ekan. To‘xtaboy degan oqsoqolning nabirasi, Yoqubjon ismli tish do‘xtirining qizi. To‘xta — sho‘ro davrida yozilgan hujjatlarda, ya’ni tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va pasportda — Taxta, Yoqub esa Yakov bo‘lib ketibdi. Xullas, na To‘xta buva, na Yoqubjon otaning ismidan asar ham qolmabdi.

— O‘zimning asli ismim Bo‘riposhsha bo‘lgan, — deydi juvon qizarib. — Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga Birpashsha, deb yozishibdi. Payti kelib pasport olayotganimda uyalganimdan «bir»ni o‘chirib tashlang, deb iltimos qildim. «Farosatli» pasport yozuvchi xotin ismimning qolgan qismidan ham bitta «sh»ni o‘zicha o‘chiribdi. Yaxshiyam, shunga fahmi yetibdi. Bo‘lmasa, umrbod «Pashsha» bo‘lib yurarmidim?!.

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonunining 15-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, o‘z millatidan qat’i nazar, o‘z ismini, ota ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga egadirlar», deb belgilab qo‘yilgan. Shunga qaramasdan, bu borada befarqlik hamon davom etmoqda. Ko‘p hollarda rasmiy hujjatlarda o‘zbekcha ismlar noto‘g‘ri yozilib, kamiga aynan shu tarzda buzilib talaffuz qilinadi.

Odatda, imloviy xato bilan yozilgan ismlarni turli hujjatlarda uchrataverib, «ko‘nikib» ham ketganmiz. Nahotki, biz o‘z ismlarimizga shu qadar befarq bo‘lsak. Biz uchun pasportdagi xato yozuv muhimmi yoki o‘zbek adabiy tilining mavjud imlo qoidalari?.. Hatto, marhumlarning qabrtoshlarida hayotligida ism-familiyasi hujjatlarida qanday xatoliklar bilan yozilgan bo‘lsa, xuddi shunday ko‘chirib qo‘yilishini aytishga til bormaydi.

Aslini olganda, ism yakka shaxsga atab qo‘yilishi bilan individuallik kasb etadi, odamlar orasida, jamiyatdagi qo‘llanishi bilan esa umummilliy xarakterga ega bo‘ladi. Shu bois ismlarning noto‘g‘ri yozilishiga ham, noto‘g‘ri aytilishiga ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Xalqimiz nafaqat moddiy boyliklari, balki madaniy merosi va ma’naviy mulki bilan ham haqli ravishda faxrlanadi. Demak, o‘zbek ismlari ham ma’naviy mulk va madaniy boylik sifatida e’zozlanishi, lozim bo‘lsa, himoyalanishi zarur.

Suyundik Mamirov

«Adolat» gazetasidan olindi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring