Ishsizlikni kamaytirayapmizmi yoki... ko‘paytirayapmizmi?
Birinchi qism. «Osmondan tushgan» omil
Aholining bandlik darajasiga hamda dasturxonimizning to‘kinligiga ta’sir etuvchi omillar ichida «ko‘zga ko‘rinmaydigan»lari – hisobotlarda kamdan-kam tilga olinadiganlari bor. Bu omillarni tabiiy – o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan omillar deb atasak ham bo‘lsa kerak, chunki ularning yuzaga kelishi hech bir farmoyishu topshiriqlarsiz, o‘z-o‘zidan – osmondan tushgandek paydo bo‘ladi. Gap nima haqida? Hozir gapirib beraman.
Bozorga kirganimizda, rang-barang – ko‘zni quvontiruvchi turfa ne’matlarni ko‘rganimizda bularni kim yetishtirgani va qayerda yetishtirgani haqida kamdan-kam o‘ylab ko‘ramiz. O‘ylab ko‘radiganlarimiz ham «bularni fermerlar yetishtirayapti» deb o‘ylaymiz. Ammo haqiqat shuki, bu noz-ne’matlarning aksari fermerlarning emas, balki yakka dehqonlarning oilaviy urinishlari – yashash uchun qilayotgan harakatlari evaziga, tomorqalarda, bir marta ekin ekib olish uchun ijaraga olingan yerlarda, ya’niki, davlatning na bir tiyin xarajati va na birorta topshirig‘isiz dunyoga keladi.
Mavzuga doir:
«O‘zbekoziqovqatxolding» piyozning kilosini 1200 so‘mdan sotib oladi
Mamlakat aholisi iste’mol qilib kelayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining miqdori va turlari haqida voqelikka mos keladigan ma’lumot bo‘lganda edi va bu ma’lumotni davlatning yordamida yetishtirilayotgan hamda chet davlatlardan import qilinayotgan mahsulot miqdori bilan taqqoslaganimizda edi, bozor rastalarini to‘ldirib kelayotgan, «osmondan tushayotgan» mahsulot ko‘lami va yakka tomorqachilar mehnatining ahamiyatini tushunib olgan bo‘lardik.
Ammo, «oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q» maqolining naqadar haq ekanligini bot-bot isbotlashga qaror qilganmiz shekilli, bizni boqib kelayotgan dehqonlarning mehnatini xo‘rlab kelmoqdamiz.
Ikkinchi qism. Surxondaryo dehqonining sarguzashtlari
Surxondaryo viloyati mamlakatimizning eng janubiy va, tabiiyki, eng issiq mintaqasi. Bu zaminda meva-sabzavot hammadan ertaroq pishib yetiladi. Masalan, bahorgi mazali kartoshka va bahorgi shirin, shundoq tishlab yesa bo‘ladigan piyozning aksar qismi Surxondaryoda, o‘sha tomorqachi va ijarachilar tomonidan yetishtiriladi.
Surxondaryo dehqonining o‘tmishdagi «sarguzasht»larini gapirib yotmaymiz. Bugungi, shu lahzada boshiga tushgan savdoni aytamiz – shuning o‘zi dehqon bechoraning mehnati naqadar qadrsizlanayotganiga yetarlicha misol bo‘ladi.
Mavzuga doir:
Surxondaryoda piyoz yetishtirganlarning uyi kuymoqda (video)
«Eksport yo‘lga qo‘yilar ekan!» degan ilinjda bu yil ham katta miqdorda ertachi piyoz hamda kartoshka ekildi. Kim ekdi? O‘sha – tomorqachi va ijarachilar – oddiy dehqonlar. Yuqoridan kelgan topshiriqqa bo‘ysunib emas, balki shaxsiy tashabbus, shaxsiy mehnat va xarajatni sarflab, ozgina daromad olish ilinjida ekishdi. Kimdir odatdagidek yig‘ib qo‘ygan sarmoyasini sarflab, kimdir molini, kimdir eski mashinasini sotib, kimdir qarz olib urug‘, o‘g‘it va boshqa narsalarni sotib oldi va bola-chaqasi bilan tom ma’noda yerga yopishdi.
Ammo natija...
Viloyat bo‘ylab katta hajmda bu ikki maxsulotning urug‘i yerga qadalgani hokimiyatlarga ma’lum emasmidi? Yoki tuman va viloyat hokimliklari Mars sayyorasidami? Yo‘q, ular Marsda emasdi, Surxondaryoda edi va hammasini ko‘rib turishardi. Savol tug‘iladi: nega vaziyatdan xabardor bo‘la turib ortiqcha piyoz va kartoshka nobud bo‘lmasligi uchun choralar ko‘rilmadi? Voha dehqonlarining mehnati va xarajatining qadri yo‘qmi? Keyingi savol: hokimlik shu topda qancha miqdorda piyoz nobud bo‘lganini biladimi? Qancha maydondagi piyoz yerda, narx tushib ketgani boisidan dehqon tomonidan qazilmay qolib ketganini biladimi? Buning hisobini qilib ko‘rdimi? Dehqonning qilgan xarajati xarajat emasmi?
OAVda Surxondaryo dehqoni mehnati va xarajatiga kuyib qolayotgani haqida bong urilganidan keyin piyoz aholidan 700 so‘mdan sotib olinishi haqida, «O‘zbekoziqovqatxolding» tashkiloti tomonidan esa 1200 so‘mdan sotib olinishi haqida xabar berildi. Ammo bu narsa amalga oshmadi, xabar esa shunchaki ovoza bo‘lib ketgan holatni bosti-bosti qilishga qaratilgan degan xulosaga yetaklamoqda.
Uchinchi qism. Bandlik
Ishsizlik haqida ko‘p gapirilayapti. Ammo ba’zi harakatlar uni bartaraf etishga emas, aksincha, ko‘paytirishga olib kelayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. «Qanday qilib?» deysizmi?
Surxondaryo «tajribasi»ga murojat etamiz.
Minglab oilalar bu yil, boya aytganimizdek, yerga yopishdi – mahsulot yetishtirdi. Bu degani minglab oilalar hech bir mehnat yarmarkalariga bormasdan, hech kimdan ish so‘ramasdan o‘z-o‘zlarini mavsumiy ish bilan band etishdi. Buni olqishlash, imkon boricha yordam berish, mamlakat ehtiyojidan ortgan mahsulotni eksport qilish, mahsulot narxi dehqonni kuydiradigan darajada pastlashiga yo‘l qo‘ymaslik, xullas, odamlarning xususiy faolligini, shaxsiy, oilaviy urinishlarini qo‘llab-quvvatlash lozim edi. Voha aholisining asosini tashkil etuvchi dehqonlar sinfiga e’tibor aholiga e’tibor degani. Odamlar ishlashdi, mehnatu zahmatlar evaziga yaxshigina mahsulot yetishtirildi, uni sarishta qilishdek ishga esa hokimliklar qodir bo‘lmadi.
Mavzuga doir:
Dehqon yana kuyib qolmoqda
Endi dehqonchilikdan yana bir bor hafsalasi pir bo‘lgan yoshu qarining, tabiiyki, shijoati pasayadi. Kimdir hatto kelgusi yili tomorqasiga hech narsa ekmasligi ham mumkin. Chunki bu yili u kuyib qoldi – hamyoni mablag‘dan, yuragi shijoatdan mosuvo bo‘ldi. Demak, kelgusi yil tayoq yana uning boshida sinadi. «Tomorqangga nega ekin ekmading!?» degan savolni eshitadi. Yana u «aybdor», u yetishtirgan mahsulotni sarishta qilolmagan hokimliklar emas!
Ishsizlik darajasi esa... o‘sadi. Bu yil shijaot ila yerda ishlagan voha yoshlarining bir qismi kelgusi yil ishsiz qoladi va yana o‘sha muammolar: mehnat migratsiyasi, ishsizlik, bekorchilik va tushkunlikdan kelib chiqadigan jinoyatlar, ma’naviy-psixologik muammolar va hokazo va hokazo va hokazo...
Mantiqni tuzatish vaqti kelmadimi, muhtaram mutasaddilar?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter