Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ish haqining bir qismi natura shaklida to‘lanishi mumkin

Ish haqining bir qismi natura shaklida to‘lanishi mumkin

Foto: «Xabar.uz»

Vazirlar Mahkamasining ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish va ish haqi oyiga bir marta to‘lanadigan xodimlarning ayrim toifalarini belgilash to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, mehnatga natura shaklida haq to‘lash taqiqlanadi, bundan quyidagi hollar mustasno:

  • qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari;
  • uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlash uchun.

Ish haqini natura shaklida to‘lash mehnat sharnomasida ko‘rsatiladi va xodimning oylik ish haqining 30 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Mehnatga haq to‘lashning tarifsiz tizimlarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 30 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. 

Natura shaklida to‘langan ish haqi mehnatga haq to‘lash tizimiga kiradi.

Natura ko‘rinishidagi ish haqi pul ko‘rinishidagi ish haqi qiymatiga teng bo‘lishi hamda xodim shaxsiy iste’moli va uning oilasi uchun mos va foydali bo‘lishi inobatga olinadi.

Natura shaklida haq to‘lashda ish beruvchi tomonidan suiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida quyidagilar ta’qiqlanadi:

  • qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan tovar narxi uning tannarxidan yuqori bo‘lishi;
  • uy ishchisining ish beruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan tovar haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda taqdim etilishi.

Xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.  

Quyidagi xodimlar toifalariga ish haqi ularning yozma arizasiga muvofiq oyiga bir marta to‘lanishi mumkin: 

  • pensiya to‘lanayotgan xodimlarga;
  • vaxta usulida ishlayotgan xodimlarga;
  • moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlayotgan xodimlarga;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat olib borayotgan chet el yuridik shaxslarining chet el fuqarosi bo‘lgan xodimlariga (ushbu davlatning qonunchiligida nazarda tutilgan bo‘lsa).
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring