Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Iqtisodiy o‘sishga to‘g‘anoq bo‘layotgan ikki muammo: internet hamda vaqtinchalik propiska

Iqtisodiy o‘sishga to‘g‘anoq bo‘layotgan ikki muammo: internet hamda vaqtinchalik propiska

Foto: «Euromag.ru»

Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament oldida murojaatnomani taqdim etdi. Unda mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan juda ko‘plab muammo va masalalar tilgan olindi. Ta’sirli tarixiy nutq.

Ammo Prezident o‘z ma’ruzasida iqtisodiyotning o‘sishiga real to‘siq bo‘layotgan ikki masalani aytib o‘tsa kerak, deb o‘ylagandim. Afsuski, bu masalalar tilga olinmadi. Bu ikki muammoning biri internet sifati va tezligining pastligi, narxlarining yuqoriligi bo‘lsa, ikkinchisi vaqtinchalik propiska masalasi bilan bog‘liq.

Haqiqat shundaki, internet tezligi va sifati qancha ortsa, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi shuncha ko‘tariladi. Bugun internet iqtisodiyotning barcha sohalarini egallab ulgurdi. Elektron savdodan tortib, onlayn reklamagacha ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilarga qo‘l kelmoqda. Oddiygina telegram orqali qanchadan qancha tashkilot, firma va kompaniyalar faoliyati yuritilmoqda.

Hujjat va ma’lumotlar almashish, buyruq va topshiriqlarni qisqa vaqtda egalariga yetkazish, bilim va tajriba almashishda telegramning o‘rni beqiyos. Buni tan olish kerak. Internet va ijtimoiy tarmoqlarning iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini yetarlicha asoslash mumkin. Ammo bu masala hamon yechimini topayotgani yo‘q. Internet tezligi past, sifati yomon, narxi qimmat.

Ikkinchi masala, ya’ni propiska, aniqrog‘i vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimining iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini tan olishimiz kerak. Mayli, viloyatlardagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyat sabab ko‘plar ish izlab poytaxtga oshiqayotgandir. Ammo Toshkentga kelib hech kim o‘g‘irlik, talonchilik yoki tilanchilik qilayotgani yo‘q-ku.

Poytaxtda ishchi-mutaxassislarga talab juda yuqori. Ishlab chiqarish, qurilish, xizmat ko‘rsatish, davlat organlarida ish o‘rinlari mavjudki viloyatliklar kelib ularga joylashmoqda, peshona terini to‘kib, halol mehnat bilan pul topayapti. Oddiy misol: bugungi Toshkent ulkan qurilish maydoniga aylangan, ertaga bu maydon yanada kengayadi, katta-katta loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy biznes markazlarini qurish uchun viloyatlardan yanada ko‘proq ishchi kuchlari kelishi talab qilinadi. Bunday vaziyatda propiska siyosati iqtisodiyotni rivojlantirishdan faqatgina to‘sishi, hech bo‘lmaganda tadbirkor vaqtini olib, asablarini buzishdan boshqaga yaramaydi.

To‘g‘ri, propiska avvalo fuqarolar ro‘yxatini yuritish uchun kerak. Masalaga shu nuqtadan qaraylik. Fuqarolar militsiya tayanch punktiga pasporti va uning nusxasi bilan borib, uchastkavoyning daftari yoki maxsus elektron bazaga qayd qilib qo‘ysin: falonchi falon manzilda vaqtincha yashamoqda. Ijara shartnomasiga kelsak, bu hujjat aslida ijarachi va uy egasining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilishi lozim. Bu borada to‘g‘ri tushuntirishlar olib borilsa, jarayon maksimal soddalashtirilsa, uy egalari o‘z mol-mulkining daxlsizligi va xavfsizligi uchun ham ixtiyoriy ravishda shartnoma imzolaydi. Tanishlar va qarindoshlar uyida turganlar esa bezovta qilinmasligi kerak, axir qanday qilib tog‘a yoki xola bilan ijara shartnomani tuzishga majburlanishi mumkin?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring