Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Internet jurnalistikasi: kadrlar masalasi, jurnalist huquqi, axborot xavfsizligi va boshqalar haqida

Internet jurnalistikasi: kadrlar masalasi, jurnalist huquqi, axborot xavfsizligi va boshqalar haqida

Shu yilning 25-26-27-aprel kunlari O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Yoshlar oromgohi»da hududiy va markaziy OAVlarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ishtirokida «Jamoatchilikka axborot yetkazishda an’anaviy va internet jurnalistikasi yutuqlaridan samarali foydalanish» mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarning ikkinchi kuni ishtirokchilar «Internet tarmog‘ida milliy segmentni faol rivojlantirib, hududlardagi axborotlar bilan to‘ldirishning yangi uslublari» loyihasi doirasida fikr almashdilar. Mamlakatimiz va dunyoda internet jurnalistikasini rivojlantirishning asosiy omillari, xalqaro mediamakonda mamlakat imijini shakllantirishda jurnalistning roli kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Seminar ishtirokchilari

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti dekani Alisher Matyoqubov, dotsent Nazira Toshpo‘latova hamda Axborot va jamoat xavfsizligi markazi mutaxassisi Javohir Qudratov internet jurnalistikasining o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab berdi.

A.Matyoqubovning aytishicha, bugungi kunda jurnalistlarning ma’lum sohalarga ixtisoslashuvi juda muhim va dolzarb masalalardan biriga aylandi. Jurnalist kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning ortib borishi, o‘z navbatida, jurnalistika yo‘nalishidagi ta’lim sifatini oshirish, ularni ma’lum soha hamda yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashtirishni taqozo etmoqda.

Alisher Matyoqubov va Javohir Qudratov

Dotsent Nazira Toshpo‘latovaning «Davlat dasturlari amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish: jurnalist mas’uliyati va huquqlari» mavzusidagi ma’ruzasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi, ko‘plab fikrlar, mulohazalar bildirildi.

Nazira Toshpo‘latova ishtirokchilar uchun qimmatli maslahatlarini ayamadi.

«Jurnalistlar, eng avvalo, qonunchilikda belgilangan huquq hamda majburiyatlarini yaxshi bilishi kerak. Afsuski, ayrim jurnalistlarimiz aynan qanday huquq va majburiyatga ega ekanini to‘liq bilmaydi. Bu esa jurnalist o‘zi istagan ma’lumotlarni olishi, mavzuni o‘rganishi hamda yoritishida muammoga sabab bo‘ladi. Huquqini yaxshi bilgan jurnalistga esa hech kim hech qachon xalal berolmaydi», — dedi N.Toshpo‘latova.

Axborot va jamoat xavfsizligi markazi mutaxassisi Javohir Qudratov esa axborot xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari haqida ma’ruza qildi.

Mutaxassisning qayd etishicha, internetning milliy segmenti rivojlangani sayin uning xavfsizligini ta’minlash masalasi ham shunchalik muhim ahamiyat kasb etib boraveradi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mafkuraviy xurujlar ko‘lami kengayib borayotgan pallada jurnalistlar yanada ogoh va hushyor bo‘lishi talab etiladi.

Seminar davomida jurnalistlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan turli muammolarni o‘rtaga tashlab, o‘zaro muhokama qildilar.  Jurnalistika oldida turgan dolzarb masalalarni hal etish haqida fikrlashildi. 

Seminar bugun o‘z ishini yakunlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring