Intellektual mulk ob’yektlari mualliflari eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida mukofotlanadi
Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Qaror matni «O‘zA»da e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, vazirlik va idoralar tomonidan shartnoma asosida xarid qilish orqali tijoratlashtiriladigan ishlanmalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Ilovada ko‘rsatilgan ishlanmalarni o‘z vaqtida tijoratlashtirmaganligi va sifatsiz tijoratlashtirganligi uchun ularni joriy etishga javob beradigan shaxslarga nisbatan ularning o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima shaklida intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi belgilandi.
2018-yil 1-oktyabrdan boshlab quyidagilarga qo‘shimcha bir martalik mukofotlar joriy etiladi:
- patentlangan intellektual mulk ob’yektlari mualliflariga muassasaning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida;
- mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablag‘larning tegishli ravishda 40 va 30 foizi miqdorida.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yaratilgan intellektual mulk ob’yektlari bo‘yicha axborotning «Innovatsiyalarning virtual yarmarkasi» interaktiv internet-portalini yangilash uchun doimiy asosda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini ta’minlash topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter