Intellektual mulk huquqi buzilishi 54 million so‘mga tushadi
Intellektual mulk – taraqqiyotning muhim sharti bo‘lib, mamlakatimizda ham bu borada ko‘zga tashlanarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, intellektual mulk egalari va ularning huquqlarini himoya qiluvchi qonunchilik bazasi shakllantirilishi katta qadamlardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Intellektual mulk ob’yektlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni imzolashi esa yuridik va jismoniy shaxslarning ortiqcha moliyaviy xarajatlariga barham berish, intellektual mulk egalari manfaatlarini himoya qilish kabi bir qator masalalarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur Qonunga ko‘ra, endilikda intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun yuridik shaxslar 54 million so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Shuningdek, tovar belgilari, firma nomlari va sanoat mulkidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun jarima to‘lash tartibi belgilandi. Bu huquqbuzarlikning jamiyatga, tadbirkorga keltirgan zararidan kelib chiqib, unga qonuniy chora ko‘rish va oldini olish imkonini beradi.
Bordi-yu, yuridik shaxslar bir xil tovarlar uchun tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi yoki chalkash darajada o‘xshash belgilardan noqonuniy foydalanishsa, ularga BHMning 100 dan 200 baravari miqdorida jarima solinadi. Firma nomidan noqonuniy foydalanganganda esa BHMning 100 dan 200 baravarigacha jarimaga tortiladi.
Bu kabi qonuniy choralar fuqarolarimizni o‘z faoliyatlariga mas’uliyat bilan qarashga undaydi.
Avvallari O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 177-moddasiga binoan o‘zganing tovar va xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanilganda fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorida jarima solinardi. Ya’ni jarima miqdori kamligi sabab huquqbuzarlikning qaytarilish holatlari ko‘plab uchrardi.
Bundan tashqari, «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida»gi Qonunga jarima solishning asosi hamda tartibi, shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan sanoat mulki ob’yektlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima to‘lashni nazarda tutuvchi moddalar ham kiritilmoqda.
Bu sanoat mulkining tegishli patentlangan ob’yektini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni o‘zboshimchalik bilan tayyorlash, foydalanish, olib kirish, sotishga taklif qilish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqacha kiritish yoki shu maqsadda saqlash yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 yuz baravarigacha (27 mln. so‘mdan 54 mln. so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mazkur qonuniy hujjatga nazarda tutilgan intellektual mulk ob’yektlari huquqbuzarligi uchun jarima miqdori belgilanishi fuqarolarning o‘zgalar huquqini hurmat qilishiga, ayniqsa, tovar belgilari, foydali model, sanoat namunalaridan huquq egasi ruxsatisiz foydalanishlikning oldini olishga xizmat qiladi.
G‘ayrat Mashkurov,
Toshkent shahar sudining sudyasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter