Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ayrim qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ayrim qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.

Qaror asosida:

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:

a) yoshga doir, nogironlik pensiyasi va nafaqasini oluvchilarga, bolalikdan nogironlik nafaqasini hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini va nafaqasini oluvchi har bir oila a’zosiga hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishlash nafaqasini oluvchilarga:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — 300 ming so‘mdan;

Toshkent shahrida — 400 ming so‘mdan.

O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan boshqa organlar orqali pensiya oluvchilarga tegishli vazirlik va idoralar tomonidan mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan shartlarda va miqdorlarda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;

b) «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan sifatida moddiy yordam oluvchi oilalarga hamda kam ta’minlangan sifatida bolalar nafaqasini oluvchi oilalarning har bir 18 yoshga to‘lmagan bolasiga — 200 ming so‘mdan.

Bir nechta toifa bo‘yicha bir martalik moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga bir martalik moddiy yordam har bir toifa bo‘yicha to‘lab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Markaziy bank va tijorat banklari mazkur qarorda belgilangan bir martalik moddiy yordam to‘lovlarining ikki hafta muddatda to‘liq to‘lanishini ta’minlaydi.

Moliya vazirligi bir hafta muddatda mazkur qaror bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Pensiya jamg‘armasiga hamda tegishli vazirlik va idoralarga ajratilishini ta’minlaydi.

Qarorda ko‘rsatilishicha, uyida vaqtincha bo‘lmaganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra bir martalik moddiy yordam pullarini o‘z vaqtida ololmagan fuqarolar to‘lanmagan moddiy yordam pullarini 2022-yil 1-sentyabrga qadar olish huquqiga ega.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari:

a) «Temir daftar»ga kiritilgan hamda mazkur qarorga asosan bir martalik moddiy yordam pullarini olmagan ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantiradi hamda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu oilalarning har bir a’zosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatadi;

b) ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan oilalarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi va boshqa manbalar hisobidan bepul un tarqatishni yoki naqd pul ko‘rinishida moddiy yordam ko‘rsatib borishni ta’minlaydi.

Bunda, 2022 yil davomida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hokim yordamchilari bilan birgalikda har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida ehtiyojmand oilalarning ahvolini muntazam ravishda o‘rganib boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring