Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV deputatlarga «yo‘l ko‘rsatvorgani» G‘aniyevga og‘ir botdimi?

IIV deputatlarga «yo‘l ko‘rsatvorgani» G‘aniyevga og‘ir botdimi?

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» deya tarqatilgan videolavha yuzasidan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga maxsus so‘rov yuborilganidan xabaringiz bor. O‘z navbatida, Ichki vazirligi deputatlarga yo‘llagan javobidan ham.

Vazirlikning deputatlarga «yaxshi gapirib, so‘ng yo‘lini ko‘rsatvorgani» uchunmi, yuborilgan so‘rovda alohida faollik ko‘rsatgan deputat Doniyor G‘aniyev masalaga yana bir bor qaytibdi. 

Alqissa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev «IIV Axborot xizmati to‘liq videotasvirlarni ko‘rsatishni nega istamayapti?» deb savol qo‘yarkan, vazirlik javobiga quyidagicha munosabat bildiradi:

«Ikki kun avval yuborgan murojaatimizga javoban bugun (23 aprel) IIV bayonot beribdi. Unda aytilishicha, 15 aprel kuni Namangan shahar «Qizilko‘prik» postida sodir bo‘lgan holatga doir barcha materiallar prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Lekin to‘liq videotasvirlarni jamoatchilikka oshkor qilish masalasi ochiq qolgan. Go‘yo materiallar yagona nusxada bo‘lganu, uni prokuraturaga berib yuborishgach, o‘zlarida boshqa nusxa qolmaganday. Qiziq, voqeani tezkorlik bilan yoritishga shoshilgan vazirlik Axborot xizmati nega endi materiallarni to‘liq oshkor qilishga kelganda mujmallanmoqda? Agar ular haq bo‘lsalar, to‘liq videotasvirlarni ko‘rsatishni nega istashmayapti?

Materiallar prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishga oid tergov siri ekanligini vaj qilishmoqchi bo‘lsa, nega unda voqeani tergov ishlari yakuniga yetmay ijtimoiy tarmoqlarda yoritishdi? Nahotki vazirlik Axborot xizmatidagilar «aybsizlik prezumpsiyasi» nima ekanligini bilmasalar?

Qolaversa, video materiallar prokuraturaga to‘liq shaklda berildimi yoki IIV Axborot xizmati tomonidan jamoatchilikka taqdim qilingan variantdami? Keyin materiallar orasida YPX inspektorining «bodi-kamera»sida olingan videotasvirlar ham bormi? Umuman, shu kabi savollarga bayonotdan hech qanday javob topa olmadim.

Na iloj, o‘zlari aytganday voqeaga oid materiallarni va uning yakuni bo‘yicha ma’lumotlarni endi Prokuratura organlaridan kutamiz. Umid qilamiz ular masalani atroflicha o‘rganib, vaziyatga to‘g‘ri huquqiy baho berishadi hamda qonunbuzarlarga (xoh u deputat bo‘lsin, xoh ichki ishlar xodimi) qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi...»

«...Ha aytgancha, bayonot so‘ngida xalq vakillariga nisbatan aytilgan kesatiq gapga hech ham hojat yo‘q edi. Ishoning, haqiqatdan ham biz ichki ishlar organlari xodimlarini jamiyatdagi mavqeini oshishini chin dildan istaymiz. Chunki bu sohada minglab vatanparvar, xalq xizmatida vijdonan, fidokorona mehnat qilayotgan aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz bor (jumladan shaxsan o‘zimning ham). Ular borki vatanimiz tinch, xonadonimiz tinch. Buning uchun ulardan doim minnatdormiz va qarzdormiz», deya munosabatiga nuqta qo‘yadi deputat G‘aniyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring