Ichkilikbozlik va alkogolizmning farqi nimada?
Inson DNKsida kishining ichkilikka ruju qo‘yishi va alkogolizmning rivojlanishiga javob beruvchi boshqa-boshqa gen kombinatsiyalari mavjud. Garchi surunkali ichkilikbozlik qaramlikning shakllanishi uchun «zamin yaratsada», ayrim genetik xususiyatlar bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin, deyiladi «Nature Communications» jurnalida chop etilgan maqolada.
Maqolada Pensilvaniya universiteti olimlari qariyb 275 ming kishi ishtirokida genetik tadqiqot o‘tkazib, shu xulosaga kelishgani aytiladi.
Amerikalik olimlar, umuman olganda, spirtli ichimliklarga muntazam «tortuvchi» 18 ta genetik kombinatsiyani aniqlashdi. Ammo shulardan faqat beshtasigina «maishiy ichkilikbozlik» va alkogolizm uchun umumiy bo‘lib chiqdi. Bu deganiki, mana shu besh xil gen kombinatsiyasiga ega inson ichkilikka bo‘lgan ro‘yxushligiga mutlaqo qarshi chiqa olmaydi, oddiy aytganda, ichkiliksiz yasholmaydi, g‘arb atamashunosligida buning otini — «alcohol use disorder» (AUD) deyishadi. Qolgan sakkiz genetik kombinatsiya faqat ichkilikbozlik, beshtasi AUD bilan chambarchas bog‘langan.
— Tadqiqotimiz bu ikki holatning boshqa-boshqa narsalar ekanini ko‘rsatdi, — ta’kidladi ilmiy ish yetakchi muallifi, tibbiyot fanlari doktori Genri R.Kransler. — Faqat AUD bilan bog‘langan genetik kombinatsiyalarga diqqatimizni jamlab, kelgusida biz alkogolizm rivojlanishi xavfi yuqori odamlarni aniqlay olamiz va ular uchun dori vositalari chiqara olamiz.
Tadqiqot turli irq vakillarini qamrab olsada, natijasi bir xil chiqdi.
E’tiborli jihati, alkogolni me’yordan ortiq iste’mol qilish yurak ishemik kasalliklarining eng quyi riskini uyg‘otishi mumkin, diabetning ikkinchi toifasi paydo bo‘lishi ehtimolini tug‘diradi, biroq, baribir umumiy salomatlik uchun ziyon keltiradi. Alkogolizm esa intellektning susayishi, uyqusizlik, aksariyat ruhiy zo‘riqish xastaliklari kelib chiqishining to‘g‘ridan-to‘g‘ri «o‘chog‘i»dir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter