Ichki ishlar vaziri Qoraqalpog‘istonda ham bir qator rahbarlarni ishdan oldi
Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 5-9-avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida o‘rganish ishlarini olib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Vazir Muynoq, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Chimboy, Kegeyli va Nukus tuman IIBlarining shaxsiy tarkibi bilan shaxsan uchrashdi. Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga qarashli 2-sonli IIBning to‘liq ta’mirlangan binosini foydalanishga tantanali topshirish marosimida ishtirok etdi.
9-avgust kuni Nukus shahrida Ichki ishlar vaziri raisligida hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarning yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, Qorakalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Majlisda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan, hanuz eskicha ish uslubi bilan ishlayotgan, fuqarolarning manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmayotgan rahbar xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rildi.
Xususan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmaganligi, faoliyati davomida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelganligi uchun To‘rtko‘l tumani IIB boshlig‘i A.Ilyasov, Nukus shahar va Taxiatosh tumani IIBlari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari A.Artikov va A.Gulimbetov, Nukus shahar, Chimboy va Qorao‘zak tumanlari IIBlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari N.Qdirbayev, R.Paulaniyazov va R.Qalandarov hamda Kegeyli tumani IIB 10-sonli ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i A.Palibekov egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.
Bundan tashqari, qator rahbarlarga nisbatan turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter