Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hujjat loyihasi davlat tilida bo‘lsin». Adliya vazirligi barcha tashkilotlarga xat yubordi

«Hujjat loyihasi davlat tilida bo‘lsin». Adliya vazirligi barcha tashkilotlarga xat yubordi

Foto: «Xabar.uz»

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlashda o‘zbek tilining o‘rni (aniqrog‘i o‘rni yo‘qligi) haqida keng jamoatchilikda ko‘p e’tiroz va shikoyatlarga duch kelamiz. Eng muhim qonunlardan tortib, idoralarning qaror va buyruqlarigacha odatda rus tilida ishlab chiqilishi, rus tilida muhokamaga qo‘yilishi va hattoki FAQAT rus tilida qabul qilinishi (qonunlar bundan mustasno) o‘z-o‘zidan ko‘pchilikka yoqmasligi tabiiy, deb yozadi «Xushnudbek.uz» telegram kanali.

Ayniqsa, yaqinda e’lon qilingan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini rus tilida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ushbu mavzuni yana qayta jonlantirdi. Loyihaga qoldirilgan izohlarning aksariyat qismi soliq qonunchiligi haqida emas, nima uchun bu loyihani rus tilida e’lon qilishgani haqida bo‘ldi. Ayrimlar bu haqli e’tirozi uchun «rus tilini bilmasang, o‘zbekmassan» degan haqorat ham eshitdi.

Shunday muhokamalar paytida 22-noyabr kuni Adliya vazirligi barcha vazirlik, idora va tashkilotlarga (jami 120 ta) xat chiqarib, yurtimizda «Davlat tili haqida»gi qonun borligini yana bir bor eslatib (ayrim tashkilotlar bunday qonun borligini eshitib, hayron bo‘lgandir), bundan keyin muhokama qo‘yilayotgan loyihalarni albatta davlat tilida (ya’ni o‘zbek tilida), zaruriyat tug‘ilganda esa boshqa tillarda portalga joylashtirishni so‘ragan.

Katta ehtimol bilan bir necha kun o‘tib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasining o‘zbek tilidagi varianti paydo bo‘lishiga ham jamoatchilik nazorati, xalqning keskin e’tirozlari qatorida mana shu xat ham asos bo‘lgan bo‘lsa, ne ajab.

Xo‘p, xat chiqdi, endi nima bo‘ladi? Katta ehtimol bilan bunday xatlar avval ham chiqqaniga ishonaman. Lekin Adliya vazirligi undan ortig‘iga vakolatli emas, na jazoga torta oladi, na talab qo‘ya oladi. Aytmoqchimanki, toki barcha vazirlar, hokimlar va boshqa vakolatli mansabdor shaxslar davlat tilini hurmat qilishni boshlamas ekan, bunday xatlar bilan ahvol yaxshilanib qolmaydi, deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring