Homiy topilmagan kitob: unda qo‘rqinchli voqealar ham bayon etilgan edi
«Xiyonat qilish dahshatli o‘lim bilan jazolanadi. Bunga shaxsan o‘zim guvoh bo‘lganman. 17 yoshli qiz qarindoshlari tomonidan o‘zining ko‘ngliga xush kelmagan bir fuqaroga unashtirilgan edi. U bir ma’mur yigitni sevib qolib, sochlarini oldirib tashlaydi-da, erkak libosida xizmatkor sifatida uning uyida yashay boshlaydi. Kuyov bilib qolib, hukumatga arz qiladi. Ma’mur yigit o‘z jonini saqlab qochib ketadi, qizni esa hibsga olishadi va u bor haqiqatni qozilarga aytib beradi. Qiz qatl etiladigan kuni xalq bozorga to‘lib ketdi, uni olib chiqdilar, maydonda chuqur qazidilar va ko‘kragigacha yerga ko‘mdilar. Birinchi bo‘lib jallod bu baxtsiz qizning boshiga tosh bilan urdi, keyin olomon tosh otib, uning boshini majaqlab tashladi, qarindoshlari murdani qazib olib ko‘mishdi», deya yozgan edi Markaziy Osiyoga sayohat qilgan Filipp Nazarov.
Rusiyalik elchi 1813-yilgi safari davomida shu kabi ko‘plab voqea-hodisalarga guvoh bo‘lgan va ko‘rgan-kechirganlarini kitob qilib yozgan. Ammo Nazarovning ushbu kitobi homiy topilmagani bois ancha vaqtgacha nashr qilinmay qolib ketdi...
Buxoro amirligidan 1709-yilda ajralib chiqqan Qo‘qon xonligi tez orada o‘z qaddini tiklab, nafaqat Farg‘ona vodiysi va Toshkentni, balki keng dasht, dala-qirdagi qozoq juzlarini, qirg‘iz chorvadorlarini, Badaxshon o‘lkasini o‘ziga tobe qildi. Hatto, xitoyliklarni Qoshg‘ardan quvib, u yerda ham xo‘jayinlik qila boshladi. Qariyib bir asr ichida o‘z hududini kengaytirgan Osiyo xaritasidagi bu yangi davlat, tabiiyki, chor imperiyasi e’tiborini tortadi. Shu bois u yerga elchi yuborishga, vaziyatni o‘rganishga qaror qilishdi. Elchi qilib jo‘natiladigan, tilni biladigan kishi ham tanlandi. U Sibir maxsus korpusida ishlagan tarjimon Filipp Nazarov edi.
1813-yili Nazarov turli mollar yuklangan 100 ta tuyadan iborat karvon bilan Toshkent va Farg‘ona vodiysida bo‘ldi. O‘zbek tilini yaxshi biladigan Nazarov Qo‘qon xoni Amir Umarxon qabuliga kirdi. Vodiy bozorlarida, turli shahar, qishloqlarda yurib, vaziyatni kuzatdi.
«Toshkent shahri Chirchiq daryosi bo‘yida joylashgan. Shahar ichida fuqarolarning devorlar bilan o‘ralgan bog‘lari va uzumzorlari mavjud, devorlar bir-biriga shunchalik yaqinki, ular orasidan qoldirilgan yo‘laklar ko‘chadan ko‘ra, ko‘proq uzun dahlizga o‘xshaydi. Suv Chirchiqdan anhor orqali keladi, shaharning ko‘p joylarida favvoralar qilingan, har bir uyning hovlisida hovuz qazilgan yoki ariqcha o‘tkazilgan, undan ayollar suv olishadi, kir yuvishadi, bu hovuzlar atrofida musiqa chalib xursandchilik qilayotgan toshkentliklarni ko‘rish mumkin. Bu yerda qadim zamonlarda qurilgan, hozir hech kim istiqomat qilmaydigan, gumbazli bo‘m-bo‘sh obidalar ko‘p.
Shahardan nimchorak chaqirim narida o‘n ming askar sig‘adigan istehkom bor. Bu istehkomning Qo‘qon tomondan ikki devor va ikkita xandaqi, shahar tomondan esa bir devori va xandaqi bor, xandaqlarning kengligi 50 quloch keladi. Istehkomga so‘qmoq yo‘l bilan kiriladi. Uning ichida baland devorlar va chuqurligi 7 quloch keladigan 3 ta xandaq bilan o‘ralgan qal’a mavjud. Bu qal’ada xondan ruxsat so‘ramay o‘lim jazosini berish huquqiga ega bo‘lgan bosh qo‘mondon istiqomat qiladi», deya Nazarov Toshkent va uning atroflarini tasvirlaydi xotiralarida.
Nazarov o‘sha vaqtdagi hukmdor Umarxon davridagi voqealarni shunday tasvirlaydi: «Hukumat savdogarlarni qattiq nazorat qilib turadi, toki o‘lchov va tarozidan aldamasinlar. Men o‘sha yerdaligimda ulardan birini ko‘chalarda yalang‘och aylantirib, qamchi bilan urib, «savdoda aldaganman», deb qichqirishga majbur qilishgan edi. Umuman, qo‘qonliklar qog‘ozga yozmay, ikki kishining qasam ichib, guvohlik berishi bilan hukm chiqaradilar. Amaldorlarni, garchi eng martabali bo‘lsalar ham, jinoyatlari uchun, masalan, sotqinlik, poraxo‘rlik, davlatga qarshi ig‘vo va shunga o‘xshash ayblari uchun o‘limga hukm qiladilar. Ularning yerlarini xazina ixtiyoriga o‘tkazadilar, xotinlari va yoshi yetgan qizlarini oddiy askarlarga xotinlikka berishadi.
Kamina bozor aylanib yurib, bir qotilni olib kelishgani va uni o‘ldirishlarini talab qilganlari hamda shu zahoti boshini tanasidan judo etishganining ham guvohi bo‘lganman».
Nazarov shu bilan birga o‘sha vaqtda bo‘lib turgan Qo‘qon va Toshkent o‘rtasidagi nizo, hokimiyat talashuvi, ular kelgan paytda Toshkent askarlari o‘rtasida fitna chiqqani va aybdorlar topilib, jazolanganini ham keltirib o‘tadi.
Ana shunday dahshatli voqealarga guvoh bo‘lgan Filipp Nazarov Toshkent va Qo‘qondan tashqari Xo‘jandda ham bo‘lgan va uni shunday tasvirlagan: «Xo‘jand kattalikda Qo‘qondan qolishmaydi. Bir tomonida muhofaza uchun qurilgan, ayrim joylari nurab ketgan baland devor bor. Boshqa tomonida Sirdaryo oqadi. Shaharda fabrikalar bor, umuman, Qo‘qonda mavjud barcha muassasalar unda ham mavjud, aholisi esa juda ko‘p...»
Shu bilan birga Nazarov Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan, Andijon, O‘sh singari o‘zi safar qilgan shaharlarni ham o‘z xotiralarida qalamga olib o‘tadi: «Viloyat shahri bo‘lgan Marg‘ilonning aylanasi 30 chaqirim keladi, qal’a devori yo‘q, faqat undan 5 chaqirim narida, sharqiy tog‘li forslar chegarasi tomonida yigirma mingtacha askari bo‘lgan Yormozor qal’asi bor, undan 12 chaqirim narida esa forslarning Oloy qal’asi joylashgan. Shahardagi uylar loydan (guvala paxsadan) qilingan, derazalar yo‘q, ko‘chalar tor, qadimiy ulkan yodgorliklar va timlar butun, yaxshi saqlanib qolgan. Shaharning o‘rtasida muqaddas joy sifatidagi imorat qad ko‘targan, unda qizil shoyidan qilingan bayroq saqlanadi. Qo‘qonliklar uni muqaddas deb e’zozlashadi, chunki rivoyatlarga ko‘ra, u podsho Iskandarga (Aleksandr Makedonskiyga) qarashli bo‘lgan emish va go‘yoki u Hindistondan qaytayotib sahroda vafot etgan hamda shu yerda ko‘milgan emish (garchi Plutarx, Arian, Kvint-Kursiy va barcha boshqa izoh beruvchilar uni Iso tug‘ilgunga qadar 323 yilda Bobilda o‘lgan va o‘sha yerga ko‘milgan deb bir ovozdan tasdiqlasalar ham) Marg‘ilonda yangi shahar hokimi tayinlanganda ulamolar o‘sha bayroqni ko‘tarib, hokimni tabriklagani boradilar, u (yangi hokim) din peshvolariga sovg‘a sifatida bayroqqa qimmatbaho mato bog‘laydi, pul, bug‘doy (non) va olmalar beradi.
Bozor qator-qator rasta qilingan, belgilangan ikki kun davomida tumonat odam ertadan kechgacha to‘dalashib yuradi. Hukumat odamlari savdogarlarning o‘lchov va tarozudan aldamasliklarini qattiq nazorat qilib turishadi. Shaharda turli korxonalar mavjud, (ularda) fors parchalari, barxat va har xil osiyo matolari ishlab chiqarilib, Buxoro va Qashqarga yuboriladi: Qashqardan choy, chinni idish, yombili kumush, konfa (xitoy atlasi), bo‘yoqlar va xitoyning eng yaxshi matolarini olishadi.
Men sharqiy forslarning bozordan paxta ipini sotib olishgani va savatlarga solib, Yormozor orqali Oloy tog‘iga piyoda o‘tib ketayotganlarini ko‘rdim. Shahar aholisi xotirjam, ma’mur hayot kechiradi.
Bizni bir ma’mur bilan Marg‘ilondan 150 chaqirim naridagi Andijon shahriga yuborishdi. Yo‘lda, Qashqar-Dovondan oqib tushadigan Sirdaryo qirg‘og‘ida O‘sh istehkomi joriy qilingan, u yerda Xitoydan kelayotgan va Xitoyga borayotgan karvonlardan soliq olinadi. O‘ng qo‘l tomonda, aytib o‘tilgan tog‘ qoyasida ikkita qadimiy binoni ko‘rdik, ularning tagida katta g‘or bor ekan. Bizni kuzatib boruvchi aytdiki, binolar Taxti-Sulaymon deb ataladi va osiyoliklar bu joyga ziyoratga keladilar, chunki bu yerda devlar Sulaymonega ta’zim keltirgan emish. Binolarda hech kim yashamaydi.
Andijon Qashqariya bilan chegaradosh, atrofida qishloqlar ko‘p, turli mevalarga boy; aholisi ipak qurti boqish, paxtadan mato to‘qish va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi; ko‘chmanchi tog‘orti qirg‘izlari bilan savdo-sotiq qilishadi, ulardan har xil chorva mollari olishadi. Xalq e’tiborini tortmaslik uchun biz shaharda Osiyo to‘nini kiyib yurdik. Shahar hokimining turar joyi qal’adan tashqarida va shaharda hech qanday istehkom yo‘q edi.
Qal’a 4 ta darvozasi bor devor bilan o‘ralgan bo‘lib, ichida o‘n mingtagacha harbiy yashaydi. Shahar hokimi qo‘shinni o‘z tasarrufida saqlaydi, buning uchun sotishga keltirilgan buyumlarga qo‘yiladigan soliqning bir qismini ajratadi. Shahardagi uylar loydan qurilgan, ko‘chalar qing‘ir-qiyshiq.
Biz shaharda ikki kun turib, u yerdan 120 chaqirim naridagi Namangan shahriga ketdik. Yo‘lda Qo‘qon xoniga qarashli, chetida qamishlar o‘sgan keng zovurlar bilan chegaralangan yerlarni ko‘rdik, bu yerlardagi hayvonot va qushlar nazoratchilar ila qo‘riqlanadi. Xon bu yerda arkoni davlat bilan ovga keladi.
Namangan ham hech qanday istehkomga ega emas, faqat hokim qasri qal’a sifatida qurilgan, shaharda 1500 dan ko‘p bo‘lmagan askarlik qo‘shini bor. Shahar gavjum, qog‘oz ishlab chiqariuvchi korxonalari bor. Namangan mevalari bilan ham mashhur.
Bizni Namangandan 100 chaqirim naridagi kichkinagina Yangiqo‘rg‘onga olib borishdi. Yo‘lda ko‘p aholi yashaydigan qishloqlarni, o‘tloq va ekinzorlarni ko‘rdik. Ushbu shaharning hech qanday istehkomi yo‘q, faqat shahar o‘rtasida kichkinagina qal’a va aksariyat fuqarolardan iborat 200 ta askar bor, xolos. Maxsus ajratilgan uyda tunab qoldik va ertasiga yo‘lga chiqib, shahardan 10 chaqirim narida oqadigan Sirdaryodan o‘tdik. So‘ngra gilam, mato to‘qish bilan shug‘ullanuvchi ko‘chmanchi qoraqalpoqlar bilan 12 chaqirim yurib, 1814 yilning mart oyida Qo‘qonga qaytib keldik. Qo‘qon ancha katta va aholisi ko‘p, unda to‘rt yuztagacha machit bor deb hisoblashadi, tekislikda joylashgan, xon qasridan boshqa istehkom yo‘q, buloqlari ko‘p, yerlari sho‘rhokroq. Shahar ko‘chalari tor, tosh yotqizilmagan, uylari loydan (guvaladan) qurilgan, shahar o‘rtasida ikkita bozor bor, u yerlarda haftasiga ikki marta savdo bo‘ladi, bir necha joyda qadimiy yodgorliklar mavjud va qasr yaqinida pishgan g‘ishtdan ishlangan, xonning arg‘umoqlari turadigan otxona joylashgan, qo‘shinida yigirma ming odam bor.
Biz shaharga kirib kelganimizda bozorlar ipak qurtining urug‘i solingan qutilarga to‘lib ketgan bo‘lib, bu qurtni qanday ko‘paytirishlari hayratlanarli edi. Ayollar urug‘larni sotib olib, ho‘l lattaga o‘raydilar va bug‘latish uchun 12 kun issiq joyda saqlaydilar. Qurtlar tuxumdan chiqa boshlaganida ho‘l latta yopolgan savatchaga solib oftobga qo‘yadilar va ozuqa uchun tutning bargini solib qo‘yadilar. Ipak qurtlari shu qadar ko‘pki, hatto Buxoroga olib chiqib ketilishiga va qirg‘iz o‘rdalari uchun juda ko‘p matolar to‘qilishiga qaramay, bu yerda bahorgacha ipak bo‘ladi».
Xullas, 1813-1814-yillarda Filipp Nazarov o‘zi borgan joylardagi voqealarga guvoh bo‘ldi, xalq hayotini, shaharlar, ulardagi bozorlar, urf-odat, o‘lkaning tabiatini kuzatdi. U o‘lkadan 1814-yil 14-avgustda jo‘nab ketdi. Rossiyaga borgach, «Sibir korpusi tilmochi, 1813-1814 yillari Qo‘qonda elchi bo‘lgan Filipp Nazarovning Osiyoning o‘rta qismidagi ayrim xalqlar va yerlar xususida yozishmalari» nomli kitob yozdi. Imperiya amaldorlari Nazarovning yozganlarini o‘rganib chiqib, imperatorga hisobot berishdi. Ammo «homiy yo‘q», deya kitobni nashr ettirmadilar.
Oradan yillar o‘tib, chor imperiyasining savdo vaziri N.Rumyansev Nazarovning kitobidan xabar topdi va uni o‘z mablag‘i hisobiga 1821 yili chop qildirdi. Natijada, mazkur asarni nafaqat imperiya amaldorlari, balki keng kitobxonlar ommasi ham o‘qidi va u O‘rta Osiyoni tadqiq etishda qimmatli manba bo‘lib qoldi. Nazarovning yozgan kuzatuvlarida ba’zi bir xatolar bo‘lsa-da, ushbu asar boshqa manbalarga taqqoslash orqali O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatli manba hisoblanadi.
Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter