«Homilador» qo‘g‘irchoqlar. Endi bunisi juda ortiqcha
Zamonning zaylini qarang, bugun beshikda yotgan ikki yoshli bola televizor ko‘rib, onasini tinchlantirmoqda, uch yoshli bola «sotka»ni qo‘liga olib, otasi bilmagan «operatsiya»larni bajarib, hammani qoyil qoldiryapti. Ular uchun ertaklarning qizig‘i yo‘q. Bog‘cha yoshidagi farzandingiz pulni-pulga urib sizga aql o‘rgatadi, qanday qilib yanada ko‘proq pul topish haqida.
Bugunning bolalari «Men qanday paydo bo‘lganman?» qabilidagi savollar bilan boshingizni qotirmaydi. Chunki ular sizning «Osmondan tushgansan», «Seni laylak tashlab ketgan» degan qabildagi javoblaringizga hech qachon ishonmaydi, ishontirolmaysiz ham. Bu haqdagi «haqiqat»larni allaqachon multfilmlardan bilib olgan, «sotka»larda bir necha bor tomosha qilgan.
Bolalarni kuzatib, o‘zimning beg‘ubor damlarimni eslayman-u, «Eh, bugunning bolalari, bugunning yoshlari» deb xursand bo‘lishni ham, xafa bo‘lishni ham bilmayman. Xursand bo‘lay desam, ular bolaligini unutyapti, yoshiga nisbatan juda tez ulg‘ayyapti, yuzlarida beg‘uborlik, samimiyat yo‘qolgan, badjahil, asabiy, bugun hatto o‘zingizning farzandingizga ham maslahat berish yoki qilgan qilig‘idan norozi bo‘lib jiddiy tanbeh berishga qo‘rqasiz. Bizning bolaligimizda esa nojo‘ya ish qilib qo‘ysak, otalarmiz belbog‘ini yechib... Xursand bo‘lmay desam, yetti yoshli bolam men bilmagan narsalarni biladi, aqliy qobiliyati mening davrimdagi tengqo‘rlariga nisabatan o‘n, yuz barobar yuqori. Mayli, nima bo‘lsa ham boshi omon bo‘lsin, deyman duoga qo‘l ochib.
Keyingi paytlarda siyqasi chiqib ketgan bu mavzu haqida gapirmoqchi, yozmoqchi emas edim. Ammo yaqinda bir tanishimning aytgan gaplari tepa sochimni tikka qildi. Nahot shunchalikka borayotgan bo‘lsak, dedim va bolalarimizning bolaligini yo‘qotishiga biz ota-onalar ham sababchi bo‘layotganimiz haqidagi gap-so‘zlar haqiqat ekaniga yana bir bor iymon keltirdim.
«Yaqinda bozorga ketgan o‘g‘lim va nevaram o‘zida yo‘q xursand bo‘lib kirib kelishdi, — deya gap boshladi tanishim. — Nevaramning qo‘lida katta «Barbi» qo‘g‘irchog‘i. Men ham xursand bo‘lib, qo‘g‘irchoqni qo‘limga olsam, juda xunuk, qorni qappaygan. «Nega bunaqa qo‘g‘irchoq oldilaring», deb o‘g‘limga qarasam, besh yoshli qiz nevaram: «Buvi, bu homilador, ichida bolasi bor» deb qo‘g‘irchoqni shartta qo‘limdan oldi va yechintirib, qorin qismini ochdi, ichidan kichkina bolachasini chiqarib ko‘rsatdi, shodlanib, kamiga “ko‘rdingizmi, siz shuni ham bilmaysiz» deb tanbeh ham berib qo‘ydi. Nevaramning bu xatti-harakatiga, gap-so‘ziga nima deyishni, nima qilishni bilmay, bir Xitoyda ishlab chiqarilgan qo‘g‘irchoqqa qarayman, bir uning egasiga, bir qiziga shunday o‘yinchoqni ravo ko‘rgan otasiga. Rang-ro‘yimdan o‘g‘lim ham qanaqa holatga tushganimni va nima demoqchi ekanimni tushundimi, «Bozorni boshiga ko‘tardi, shu o‘yinchoqni olib berasan deb», deya o‘zini oqlagandek bo‘ldi».
Bolaligim — poshsholigim deganlaridek, farzandimiz haqiqatan ham to‘polon qilsa, istagini har qanday vaziyatda bajarishga harakat qilamiz. Ammo uning xohishi ertaga ta’lim-tarbiyasiga, xulqiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rmaymiz ham. Mayli, qaysidir tadbirkor (bunday shaxslarni tadbirkor deb ham bo‘lmaydi) jig‘ildonini o‘ylab, Xitoydan keltirgandir shunday o‘yinchoqlarni. Sotuvchi ham rastalarning eng ko‘rinadigan joyga qo‘ymagan, tirikchilik qilyapti, uning ham bola-chaqasi, «arenda»si, «nalog»i bor. Ularning qizchalari allaqachon shunday «Barbi»ni o‘ynab ham bo‘lgan. Chunki agar ma’naviyatdan, ma’rifatdan xabari bo‘lganda edi, ular bunday o‘yinchoqlarni chet eldan olib kelmagan, do‘konining bolalarning ko‘zi eng ko‘p tushadigan joyiga ilmagan bo‘lar edi.
Insoniyat yaratilibdiki, bola ta’lim-tarbiyasi doimo nozik va eng jiddiy masala bo‘lib kelgan. Chunki, mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson miyasi zarur ma’lumotlarning 70 foizini aynan 5 yoshga qadar olib bo‘lar ekan. Garchi bu muddat betashvish, sho‘x bolalikdan iborat bo‘lsa-da, o‘zining ertangi kuni, kelajagiga befarq bo‘lmagan ota-onalarni yuqorida aytib o‘tilgan kabi voqealar sergaklantirishi, tashvishga solishi lozim. Agar bolangizning kelajakda siz orzu qilgan yetuk inson bo‘lib kamolga yetishini istasangiz, hozirdan harakatingizni boshlang. Beshikda yotgan bolangizga ezuglik, yaxshilikni targ‘ib etuvchi ertaklar aytib bering, bayramlarda, tug‘ilgan kunlarida ma’naviyatiga, ma’rifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi o‘yinchoqlar, kitoblar sovg‘a qiling. Zero, ota-ona hech qachon farzandlariga yomonlikni ravo ko‘rmaydi.
Ravshan Mahmudov,
O‘zMTDP faoli
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter