Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimlar deputatlikka saylanishiga chek qo‘yish kerak

Hokimlar deputatlikka saylanishiga chek qo‘yish kerak

O‘tgan yil oxirida bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari yangilangan Saylov kodeksi asosida o‘tkazildi. Qabul kilingan saylov kodeksining eng muhim jixatlaridan biri — bu barcha darajadagi saylov jarayonlarining bir hujjatda mujassam etganligidir. Va albatta kodeks bilan ko‘plab yangi o‘zgarishlar amaliyotga joriy etildi. Lekin, tan olib aytish kerakki, yangi Saylov kodeksi bugungi shiddatli islohotlarga mos ravishda barcha o‘zgarishlarni qamrab oldi, deya olmaymiz.

Bugun xalq vakili bo‘lib saylangan mahalliy kengashlar deputatlari hamon xalq ishonchini qozona olgani yo‘q. Saylovchilar hali hanuz deputat deganda saylovlar vaqti va’da berib, keyin yo‘q bo‘lib qoladigan shaxslarni tushunishmoqda. Mahalliy kengash deputatlarining o‘z haq-huquqlarini va majburiyatlarini to‘la anglab yetmaganligi sabab ko‘plab saylovchilar turmush tarzini yomonlashuviga olib keladigan qarorlar qabul qilinmoqda.

So‘nggi yillarda aholi turmush farovonligini oshirish uchun qabul qilingan ko‘plab qonunlar va qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosini xalq vakili bo‘lgan deputatlar o‘z vaqtida ta’minlanishini nazorat qila olganda edi, bugun respublikamizning barcha olis hududlarida o‘zgarishlarni har bir inson o‘z hayotida his qilishiga erishgan bo‘lar edik.

Birgina misol – Buxorodagi qurilib hech qancha fursat o‘tmasdan shamol natijasida sifatini yo‘qotgan namunaviy uylar bir kunda osmondan tushmagan edi. Har bir chorakda o‘sha hududdan saylangan tuman-shahar, viloyat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishlarning o‘z holiga tashlab qo‘ymasdan ijrosi hisobini so‘raganida edi, bugun bunchalik talofat ko‘rmagan bo‘lardik. Bundan tashqari oxirgi ikki yilda «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari asosida juda ko‘plab tuman va shaharlarning qiyofasi tubdan o‘zgargani e’tirof etgan holda ayrim hududlarda aholining turmush tarzi yana ham yomonlashganining guvohi bo‘lyapmiz. U hududlarda salla desa kalla olinib, aholi turar joylarining ortiqcha deb topilgan qismlari bir boshidan buzildi. Inkubatordek bir xil devor qilasan, deya yashash xonadonlari o‘ralgan tayyor devorlar buzilib, yangi namunaviy devorlar o‘rnatishga majbur qilindi. Ortiqcha mablag‘i mavjud bo‘lmagan xalq «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida imtiyozli kredit olib, issiqxona yoki chorvachilik bilan shug‘ullanish o‘rniga kreditning puliga devor qildi. Natijada bugun doimiy ishga ega bo‘lmagan yuzlab fuqarolar qarzdorga aylandi. Agar o‘sha vaqtda ushbu hududdan saylangan deputatlar yurak yutib bu kabi vazifalarning qonuniy tartibda amalga oshirilishini so‘raganida edi, vaziyat u qadar chigallashmasdi.

Bugun xalq ishonchi tufayli tuman Kengashi deputati bo‘lib shuni tushunib yetdimki, hokimlarning kengash raisligidan ketishini ta’minlash bilan ham hech qanday ijobiy natijaga erisha olmaymiz. Chunki bugun sessiyalarda ishtirok etayotgan deputatlar hokimga kengashni boshqarayotgan deputat, kengash raisi sifatida emas, o‘zi bo‘ysunadigan ijro hokimiyati rahbari deya qaramoqda. Shu vaqtgacha bo‘lib o‘tgan sessiyalarda ko‘pi bilan 1-2 deputatni kengash raisi yoki biror sektor rahbari ko‘ziga tik boqib savol berganini aytmasa (ular ham hokim bo‘ysunuvida bo‘lmagan muassasalarda ishlovchilar), qolganlari faqatgina dakki eshitish uchun turg‘azilganda yerga qarashni qoyillatishadi xolos.

Biz mustaqillik yillarida, shuningdek, juda katta siyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan so‘nggi yillarda ham joylardagi ijro organida xizmat qilayotgan ko‘pchilik rahbarlarni itoatkorlikdan xalos etolmadik va tanqidni qabul qilishga o‘rgata olmadik. So‘nggi uch yildagi siyosiy islohot va shijoatli tashabbuslar Toshkent shahri va ayrim o‘zgarishni his qila olgan hududlar bilangina cheklanib qolayotgan ekan.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan davlatimiz rahbari boshchiligidagi videoselektor yig‘ilishda ham Prezident «Shuncha sa’y-harakatlarimiz, qabul qilayotgan qarorlarimiz qishloqdagi oddiy odamlar hayotiga nima o‘zgarish olib kirayapti, daromadi ko‘paydimi, ishga joylashdimi, bolasi o‘qishga kirdimi, uyli-joyli bo‘ldimi, to‘yib ovqatlanayaptimi, toza suv ichyaptimi, degan savollar meni juda qiynaydi. Bu barcha darajadagi rahbarlar xalqimiz oldida javob berishi kerak bo‘lgan eng asosiy savollardir» - deya to‘g‘ri ta’kidladilar. Ha, o‘rtoq hamkasblar, bugun muammo hokimlarni kengashga raislik qilishida emas. Hamma gap o‘z haq-huquqlarimizni, qonunchilikdagi vakolatlarimizni bilmaslikda. Saylovchilar ko‘ziga tik boqa olmasligimizda, o‘zimizni chinakam xalq vakili deb bilmasligimizda. Vijdonan vazifamizni bajara olmasligimizni sezib, o‘z o‘rnimizni bo‘shatib qo‘ymasligimizda. Qaysidir tashkilot rahbari deputat bo‘lib olib, necha yildan beri bir tumanda ishlab kelayotgan boshqa bir tashkilot rahbari oldiga vazifa qo‘ya olmasligida. Eng achinarlisi, oxirgi yo‘l sifatida qaysidir o‘z haq-huqularini, qonunlar nazoratini talab qilgan deputatni deputatlik vakolatidan mahrum etish masalasi o‘rtaga qo‘yilganda o‘z obro‘yimizni o‘ylab, hech ikkilanishsiz qo‘l ko‘tarib ovoz berishimizda.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, joylarda mahalliy Kengashlarning, deputatlarning bunchalik kuchsizlanib qolishiga, shunchaki formal tuzilma shaklidan chiqib keta olmayotganiga nima sabab bo‘lmoqda.

Bunga bir qator zamon talabiga mos islohotlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sabab bo‘lmoqda.

Joylarda ijro organi rahbari bo‘lgan hokimlarning mahalliy parlament vazifasini bajaruvchi kengashlarga saylanishi hamda o‘z-o‘ziga hisobdor, nazoratchi bo‘lib qolayotgani davlat boshqaruvi sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan masala bo‘lib qolmoqda. Aslida ushbu paradoksal holat o‘tgan yilda qabul qilingan Saylov kodeksi qabul qilish jarayonida eng ko‘p muhokama etilgan mavzu bo‘lgan edi.

Afsuski, yakkahokimlikka o‘rgangan va jamoatchilik nazoratini, tanqidini qabul qilolmaydigan hokimlar tomonidan Kengashning erkin faoliyat yuritishiga va deputatlarning bemalol fikr bildirish imkoniyati iloji boricha cheklanadi. O‘z-o‘zidan deputatlar ham sen menga tegma, men senga tegmayman muhitiga moslashib qoladi.

Nazarimda, kengash faoliyatiga qandaydir ijobiy o‘zgarish kiritish uchun hokimlarni kengashga rahbarlik amaliyotini bekor qilish emas, hokimlarning deputatlikka saylanishiga chek qo‘yish afzalroq. Ana shundagina ijro hokimiyatidan holi kengash mustaqil ravishda muammolarni tahlil qilishi oz bo‘lsada xalqning dardiga malham bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga Kengash chinakam mustaqil bo‘lishi uchun u moddiy-texnik jihatdan ham mustaqil bo‘lishi lozim. Ya’ni, o‘zining alohida binosi va ijro apparati bo‘lishi kerak. Mustaqil kengash esa har bir chorakda rahbarlar oldiga kerakli darajada talab qo‘yishi mumkin. Shundagina hokimlarning bevosita deputatlarga bo‘lgan ta’sirini yo‘qotishga erishish mumkin. Agar biz hozir kengashning mustaqil faoliyatini tashkil qilmasak, Yunusobod metrosi bilan ro‘y bergan falokat, Buxoro va Sardobadagi kabi talofatlar oxirgisi bo‘lmaydi. Ijro o‘rgani o‘zini-o‘zi tanqid qilishda davom etar ekan, joylarda aholi muammolari o‘z yechimini topmasdan qolaveradi.

Deputat o‘z haq-huquqlarini bilsa bas, hozirgi qonunchiligimizda ham barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan-ku, deyishingiz mumkin. Ammo bir haqiqatni unutmaslik kerak: yozilgan qonunlardan ustun bo‘lgan yozilmagan qonunlar bor. Qanday qilib ijro hokimiyati rahbari boshchiligidagi kengash yana ijro hokimiyatini tanqid qilib undan vazifasini so‘raydi axir?

Kengash raisligiga keladigan bo‘lsak, qaysi partiya o‘sha hududda ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lsa ana o‘sha partiya vakili kengashga raislik qilishi darkor. Shundagida partiyalar o‘rtasida ham chinakam siyosiy raqobat vujudga keladi.

Joylarda aholi ham deputat deganda saylov payti va’dalar berish uchun paydo bo‘lib qoluvchi, saylanganidan so‘ng yo‘qolib qoluvchi va’dobozni emas, haqiqiy ma’nodagi o‘zining ovozi, ko‘zini – xalq vakilini ko‘radi.

 

Farrux ABDUHAMIDOV,

Xalq deputatlari

Arnasoy tuman Kengashi deputati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring