Hokimga muammolar haqida savol berildi

Namangan viloyati, Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyev Xalq deputatlari kengashi sessiyasida chiqish qildi va 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yil rejasi haqida hisobot berdi.
Temir daftar haqida
Sessiyadan so‘ng «temir daftar»dan chiqarilgan fuqarolar ro‘yxati bo‘yicha jurnalistlarda savol paydo bo‘ldi. Hisobotda aytilishicha, 2 ming 353 ta oilalar ro‘yxati «Temir daftar»ga kiritilgan bo‘lsa, 2 ming 135 ta oila daftardan chiqarilgan («Temir daftar»da qolayotgan kambag‘al oilalar soni 218 ta).
OAV vakillari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qanday qilib bu qadar tez ro‘yxatdan chiqarilganiga qiziqdi.
— Tumanda foydalanishdan chiqarilgan yer maydonlari ko‘p. Biz mana shunday hududlarni o‘zlashtirdik va «temir daftar»dagilarni kopperatsiya tizimida ish bilan ta’minlashga harakat qildik. Muhtojlarga 31 million so‘m kredit berildi va yettita hududda kopperatsiya qurildi. Bu bo‘yicha ish davom etadi va yana 500 gektar yer fuqarolarga tarqatiladi.
Bundan tashqari g‘alladan bo‘shagan yerlardan takroriy ekin uchun bir gektardan berdik. Shuningdek yana chorva hayvonlari berildi, — deya ta’kidlab o‘tdi hokim.
Ko‘rinib turganidek, «temir daftar»dan chiqarish uchun asosan qishloq xo‘jaligidan foydalanilgan. Bu esa yana bir qator savollarni keltirib chiqaradi. Xususan, qishloq xo‘jaligida darhol daromadga kirish juda qiyin. Masalan, o‘sha oilalarning kuz-qishga tayyorgarligi qanday bo‘ldi, bahorgi tanqislik davridan qanday o‘tadi, mana shu savollar ochiq qoldi...
Tumandagi muammolar haqida
Tuman hokimining hisobotida yutuqlar batafsil ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, muammolar haqida deyarli so‘z bormagan. Bu borada Nurshod Xudoyberdiyevga alohida savol berishga to‘g‘ri keldi.
«Tumanda muammolar yetarli — ichki yo‘llar, ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish tizimi, yerlarning meliorativ holati... Kanalizatsiya muamosini hal qilish uchun deputatlik so‘rovi kiritishga to‘g‘ri keldi. Bu muammo shu kunlarda hal bo‘lishi kutilyapti.
Bundan tashqari Mingbuloq tumanida gaz va elektr ta’minotida muammolar mavjud. Bularning barchasini bosqichma-bosqich bartaraf etiladi», — deya va’da berdi hokim.
Turizm haqida
Mingbuloq tumanida turizm sohasida qilinadigan ishlar yetarli. Bu masalada quyidagicha fikr bildirildi:
— Ichki turizm masalasida Yoshlar ittifoqi va Nuroniy jamg‘armasi bilan birga ish olib borib, Buxoro va Samarqandga safar uyushtirdik. Tumanning o‘zida esa turizm bo‘yicha ikkita loyiha tayyorlanmoqda. Sirdaryo bo‘yida dam olish maskani qurilyapti. Hozircha 30-40 foizga qurilish ishlari yakunlangan. Bu yerda sayyohlar o‘zi baliq ovlab, taom tayyorlab yeyishi mumkin.
Mingbuloq tumanidagi Sho‘rsuv qishlog‘ida 2000 ming metrdan 70 gradusli issiq suv chiqadi. Bu suv shifobaxsh bo‘lib, davo uchun kelayotganlar uchun 100 o‘rinli yotoqxona tayyorlangan. Shuningdek ayollar, bolalar va erkaklar uchun alohida basseynlar qurildi.
Mingbuloq tumani cho‘l hududida joylashgan. Hozir tuyachilikni rivojlantirish bo‘yicha ish ketmoqda. Ayni vaqtda 12 ta tuya bor. Ko‘paygandan so‘ng sayyohlar uchun chodirlar tikib, reklama qilish boshlanadi.
Deputatlar taklifi
Hisobotdan so‘ng tuman Xalq deputatlari kengashi faolllari tomonidan bir qator fikrlar bildirildi. Xususan, intensiv bog‘larni tadbirkorlarga ajratish tartibi muhokama qilindi.
Intensiv bog‘ tashkil etish uchun minimum 5 gektar yer olish kerak bo‘ladi. Deputatlar tomonidan ushbu tartibga o‘zgartirish kiritish taklif etildi. Chunki tumanda bir gektar yerga talabgor ko‘p bo‘lib, besh gektarga sarmoya tikish fuqarolarga og‘irlik qilmoqda. Tuman ijtimoiy-iqtisodiy holatini rivojlantirish uchun esa ko‘proq ish o‘rni yaratish lozim.
Shuningdek ijtimoiy himoyaga o‘ta muhtoj aholi qatlami uchun uy-joylar qurishni yana-da arzonlashtirish taklif etildi. Hozirgi eng arzon uy-joylarning bir metr kvadrati 2 million so‘mga tushmoqda. Ayniqsa o‘ta og‘ir vaziyatdagi ayollarni uy-joy bilan ta’minlashning arzonroq yo‘lini qidirish lozimligi ta’kidlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter