Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokim sektorida 40 ta jinoyat...

Hokim sektorida 40 ta jinoyat...

Foto: «Xabar.uz»

Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi joriy yilning 25-iyun – 2-iyul kunlari Namangan viloyati Norin tumanida bo‘ldi.

Bir hafta mobaynida 57 ta mahalladagi 25650 ta xonadonga kirildi va 185 ta ijtimoiy soha ob’yekti o‘rganildi. Natijada 5400 dan ortiq muammo aniqlanib, ularning qariyb 60 foizi joyida hal etildi. Katta mablag‘ talab etmaydigan va oddiy ishlarni tuman doirasida bajarsa ham bo‘lar edi-ku.

24 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yo‘lga qo‘yildi. 310 ta beton-tayanch elektr ustunlari va 14 ta transformator o‘rnatilib, 14 kilometr elektr tarmoqg‘i tortildi. Natijada 10 ming aholiga elektr energiyani yetkazib berish sifati yaxshilandi. 4560 ta suyultirilgan gaz balloni tarqatildi, 20450 kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Norin tumanida 106 ming nafar mehnatga yaroqli aholi bo‘lib, hisobotlarda ularning 4377 nafari ishsizligi qayd etilgan. Vaholanki, real vaziyat bundan ancha yuqori ekanligi hech kimga sir emas. Sayyor yarmarkalar tashkil etish orqali 597 kishiga ishga yo‘llanma berildi.

Norinning iqtisodiy ko‘rsatkichlari viloyat darajasidan pastligicha qolmoqda. Ishsizlikning eng samarali yechimi tadbirkorlikni rivojlantirish, oilaviy biznesga sharoit yaratishda. Aholi daromadga ega bo‘lsa, xonadoni tinch va ko‘ngli xotirjam bo‘ladi, yuzaga kelgan muammolarga o‘zi vaqtida yechim topadi.

Foto: «Xabar.uz»

O‘tgan davrda 70 ta kichik biznes sub’yekti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yil boshidan buyon ularning 27 tasi tugatilgan. Hisobot davridagi 6 million dollarlik eksport rejasi atigi 31 foizga bajarilgan. Yuzdan ortiq bo‘sh turgan bino va ob’yektlar mavjud bo‘lib, 32 gektar yer bo‘sh yotibdi. Nega qarovsiz va bo‘sh turgan yerlar o‘z egalariga taqdim etilmayapti? Nima uchun budjetga qo‘shimcha foyda olib kelishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi mumkin bo‘lgan bunday ob’yektlardan unumli foydalanilmayapti?

Joriy yilning 6 oyida viloyatda umumiy jinoyatlar soni 703 taga kamaygan. Tumanda esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jinoyatlar 21,8 foiz kamaygan bo‘lsa-da, og‘ir jinoyatlar va bezorilik 2 barobar, o‘g‘irlik 1,5 barobar ortgan. 2017-yilda 3 ta, 2018-yilda 3 ta jinoyat fosh etilmagan. 23 nafar jinoyatchi hamon qidirilmoqda. O‘rganishlar chog‘ida fuqarolik olish bilan bog‘liq 159 ta muammo qayd etildi. 39 ta qabriston va unga yondosh ko‘chalar 29500 kishi ishtirokida obodonlashtirildi. 25 nafar ehtiyojmand, yordamga muhtoj kishining uylarini ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.

Tumanda ajrimlar soni 75 ta bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 taga ortgan. 57 ta notinch oila mavjud, 105 ta holatda otalik belgilangan. Profilaktik tadbirlar yetarli darajada emas. O‘tgan yili 7 ta mahallada jinoyat sodir etilmagan bo‘lsa, bu yil ushbu mahallalarning barchasida jinoyat qayd etilgan.

Jinoyatlar soni O‘zbekiston mahallasida 12 taga oshgan. Eng yomoni, ushbu mahallada bir necha oydan buyon rais va profilaktika inspektori yo‘q. Yangitoy mahallasida 4 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, ko‘rsatkichlar 4 barobar ko‘paygan.

Eng uyatli jihati shundaki, soliq inspeksiyasi rahbari sektorida 3 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, 1-sektor, ya’ni hokim Dilmurod Qodirovga biriktirilgan hududda 40 ta, IIB boshlig‘iga qarashli 3-sektorda esa 18 ta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan. Hokim uxlayaptimi yoki pilla, g‘alladan boshi chiqmayaptimi degan haqli savol tug‘iladi.

Bir necha mahallada o‘tgan olti oyda birorta ham madaniy tadbir o‘tkazilmagan. Mahallalarda kitobxonlikni tashkil qilishga panja orasidan qaralmoqda. Izlasa, imkon topsa bo‘ladi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan ishchi guruhlari faoliyati davomida 10 ta mahalla kutubxonasi ochildi-ku. Demak, hammasi tashabbuskorlik va intilishga bog‘liq.

Laziz Rahmatov,
jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring