Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘qituvchilarni haqoratlagan Andijon shahar hokimi 5,1 mln so‘m jarimaga tortildi, ammo vazifasida qoldi

O‘qituvchilarni haqoratlagan Andijon shahar hokimi 5,1 mln so‘m jarimaga tortildi, ammo vazifasida qoldi

Dilmurod Rahmatullayev — Andijon shahar hokimi

Foto: «Kun.uz»

Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev shu yilning 16-oktyabr kuni shahardagi bir qator ta’lim muassasalari rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligi yozilgan audioyozuv internetda tarqalgan va Bosh prokuraturaning rasmiy saytida mazkur holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan tekshirish boshlangani xabar berilgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, hokimning 16-oktyabr kuni shahardagi bir qator ta’lim muassasalari rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligi holati yuzasidan tekshiruv yakunlangan. Tekshirish davomida viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi tomonidan D.Rahmatullayevni ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

«Tekshirish natijasiga ko‘ra, D.Rahmatullayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Sudning qarori bilan D.Rahmatullayev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati bergan axborotda.

Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra ma’muriy javobgarlik oqibati jarimani to‘lashi bilan yakuniga yetadi va javobgarning mehnat faoliyatiga ta’sir o‘tkazmaydi. Bundan kelib chiqadiki, hokim faoliyatini davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, yaqindagina Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga yo‘llagan murojaatida so‘kong‘ich va mushtumzo‘r hokimlarni ayovsiz tanqid qilgan edi:

— Hali odamlar o‘zgargani yo‘q. Madaniyat o‘zgargani yo‘q. Ochig‘ini aytaman, hokimlarning ham madaniyati yo‘q. Iloji yo‘q, yaqinda qonun ustuvorligini ta’minlash uchun uchta tuman hokimini jazoga tortdik.

Odamlar bilan gaplashishni bilmaydi. Oldingi davrlardagidek madaniyatsiz gaplar bilan majlislar o‘tkazadi, odamlarni haqorat qiladi. Kim ularga huquq beribdi? Hokimga kim huquq bergan birovlarni haqorat qilishga?

Bu nimadan dalolat? Madaniyatsizligimizdan dalolat! O‘qimaganimizdan dalolat! Ma’naviyatimiz pastligidan dalolat!.. Bilib qo‘yinglar, bu ahvolda birortang ertangi kun bilan ishlamaysizlar.

Shavkat Mirziyoyev

Shu yilning sentyabrida «Kun.uz» saytida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyevning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda maktab direktorlarini urgani, ularni haqorat qilgani aks etgan video ommaga taqdim etilgan edi. Manbada aytilishicha, voqea shu yilning avgust oyi oxirida ro‘y bergan. Shundan so‘ng Bosh prokuratura Sirdaryo viloyat prokuraturasi ushbu holat yuzasidan tekshiruv boshlaganini ma’lum qilgan edi. Bu voqea D.Rahmatullayev bilan ro‘y bergan hodisadan ancha oldin ro‘y bergan esa-da, haligacha tekshiruv natijalari bo‘yicha rasmiy bayonot berilganicha yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring