Hisorak va Ohangaron suv omborlarida yangi kichik GESlar quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 8-iyun kuni suv omborlarini modernizatsiya qilish hamda Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, 2017-yilda Prezident farmoni bilan «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan edi. O‘tgan yili yana 4 ta suv ombori ushbu jamiyat boshqaruviga o‘tkazildi va ular 6 taga yetdi. Xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda har bir suv omborining texnik holati o‘rganib chiqildi va kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash tadbirlari belgilandi. Unga muvofiq, to‘g‘onlar, suv olish va chiqarish inshootlari ta’mirlanmoqda, nasos agregatlari tiklanmoqda.
Taqdimotda ushbu ishlar va oldindagi vazifalar haqida axborot berildi.
Prezident barcha suv omborlarini modernizatsiya qilish orqali xavfsizligini oshirish, gidromexanik uskunalar va o‘lchov qurilmalarini yangilab, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bu orqali hamma ish jarayoni aksiyadorlik jamiyatining situatsion-tahlil markaziga onlayn ulanadi hamda yiliga qo‘shimcha 120 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, Hisorak va Ohangaron suv omborlarida yillik 22 million kilovatt soat quvvatli 2 ta yangi kichik GES quriladi.
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga suv omborlari holatini monitoring qilib, kosmik surat va ma’lumotlar bilan ta’minlash topshirildi.
Taqdimotda kichik gidro elektr stansiyalari qurilishiga xususiy sektorni jalb qilish, oliy ma’lumotli va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash vazifalari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter