«Hisorak» suv ombori atrofida nima gap?
10 iyun sanasida dastlab ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida joylashgan «Hisorak» suv omboridan suv otilib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Natijada oddiy aholi orasida vahimaga tushish holatlari kuzatildi.
Xabar.uz muxbiri bevosita Qashqadaryoga borib, suv ombori atrofidagi vaziyatni o‘rgandi.
Muxbirimiz xabariga ko‘ra, inshoot atrofidagi vaziyat barqaror. GES va sum ombori jamoasi odatiy shtat tartibida ishlamoqda.
Shuningdek, suv ombori hududidagi dam olish zonasida ham hech qanday to‘siqlar yo‘q, aholi odatdagidek dam olishda davom etmoqda. Favqulodda holat e’lon qilinmagan, aholi harakatida to‘siqlar yo‘qligi aytildi.
Aholi va transport xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududda IIV xodimlari faoliyat olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha dastlab FVV suv omboridagi vaziyat yuzasidan dastlabki axborotni taqdim etgandi. So‘ngra Shahrisabz tumani hokimi va Qashqadaryo viloyati FVB rahbari vaziyat barqaror ekani to‘g‘risida axborot berdi.
Bugun esa FVV rahbari Abdulla Qo‘ldoshev ham favqulodda holat kuzatilmayotganini yana bir ta’kidladi.
Hisorak suv ombori nafaqat yirik gidrotexnika inshooti, balki tabiat maskani sanaladi.
Suv ombori Qashqadaryoning irmog‘i bo‘lgan Oqsuv daryosi o‘zanida barpo etilgan, Shahrisabz tumani, Miroqi shaharchasidan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. 1983—88 yillarda qurilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter