Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hindistonda o‘zbek-hind harbiy mashg‘ulotlari boshlandi

Hindistonda o‘zbek-hind harbiy mashg‘ulotlari boshlandi

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

O‘zbekiston va Hindiston Mudofaa vazirliklari o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq mamlakatimizning 45 nafar harbiy xizmatchilari 2023-yilning fevral-mart oylarida «Do‘stlik-2023» birgalikdagi o‘zbek-hind o‘quvida ishtirok etish uchun Nyu-Dehlidagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroporti orqali Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi tog‘li hududda joylashgan Garhwal Rifles14-bataloniga yetib kelishdi.

O‘zbekiston va Hindiston respublikalari o‘rtasidagi harbiy hamkorlik 2019-yilda, ya’ni Toshkent harbiy okrugi hududidagi umumqo‘shin poligonida birinchi marotaba o‘tkazilgan «Do‘stlik» hamkorlikdagi o‘zbek-hind o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilgan edi.

Shundan so‘ng, ushbu o‘quv mashg‘ulotlarining ikkinchisi 2021-yilda Hindistondagi Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan «Chaubatiya» o‘quv markazida o‘tkazilgan bo‘lib, Hindiston bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamlash, jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilg‘or tajribalar bilan almashish imkonini yaratgan edi.

Uchinchi bor o‘tkazilgan «Do‘stlik-2022» birgalikdagi o‘quv mashg‘ulotlari Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning «Yangiariq» umumqo‘shin poligonida tashkil etilib, ikki davlat harbiy xizmatchilarining yangi bilim va tajriba almashishga zamin yaratgan edi.

«Do‘stlik-2023» hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarining tantanali ochilish marosimi O‘zbekiston va Hindiston respublikalarining davlat bayroqlarini maydonga olib chiqishdan boshlandi. Shundan so‘ng, ikki ishtirokchi mamlakat sharafiga avval Hindiston, undan keyin O‘zbekiston davlat madhiyalari hindistonlik harbiy orkestr sadolari ostida yangradi.

Tantanali tadbirdan so‘ng ikki mamlakat harbiy kontingenti vakillari uchun brifing hamda jamoaviy suratga tushish tadbirlari tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotining ilk kunidan ishtirokchilar Hindiston davlatining tarixi, madaniyati, hududiy bo‘linishi, urf-odat va an’analari, harbiy salohiyati va mudofaa qudrati, armiyaning tashkiliy tuzilmasi haqida ma’lumot berildi.

Shundan keyin hamkorlikdagi o‘quv mashg‘uloti ishtirokchilari uchun Hindiston qurolli kuchlarida foydalaniladigan qurol-aslahalar tanishtirildi.

Eslatib o‘tamiz, hamkorlikdagi o‘quvlar shu yilning 20-fevraldan 5-mart kuniga qadar davom etadi. Hamkorlikdagi mashg‘ulotlar doirasida ikki davlat harbiy xizmatchilarining shartli terroristik guruhlarini qidirib topish, yo‘q qilish, tog‘li to‘siqlarni yengib o‘tish hamda tog‘li o‘rmon sharoitlarida jangovar operatsiyalarni bajarish kabi maxsus vazifalar hamda sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring